Britaniya: Konservatorlar parlament saylovlarida g‘olib chiqishdi

Image copyright Reuters

Britaniyada payshanba kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovlari ortidan konservatorlar parlamentdagi eng ko‘p o‘rinlarni egallashdi va endi hukumat tuzishga muvaffaq bo‘lishadi.

BBC bashoratiga ko‘ra, konservatorlar 331ta o‘rinni egallaydilar va bu ularning yakka partiyali hukumat tuzishi uchun yetarlidir.

O‘z saylov hududida g‘olib chiqishi ortidan konservatorlar rahbari Devid Kameron "mamlakatni birlashtirish"ni va‘da qildi va uning maqsadi Birlashgan qirollikdagi har bir fuqaro uchun xizmat qilish ekanini aytdi.

Kameron, shuningdek, saylovdan oldin qilgan va‘dasiga sodiq holda Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqiga a‘zoligi bo‘yicha referendum o‘tkazishini aytdi.

Leyboristlar aftidan parlamentda 233ta o‘rinni egallaydilar, shu paytgacha hukumatdagi koalitsiyaning a‘zosi bo‘lgan liberal-demokratlar esa - atigi sakkizta.

Leyboristlar rahbari Ed Miliband partiya rahbarligidan iste‘fo berdi. U ovozlar sanalishi bilan o‘tgan tunni o‘z partiyasi uchun "o‘ta mashaqqatli va g‘amgin tun" deya tasvirladi, liberal-demokratlar lideri Nik Klegg esa uni "shafqatsiz jazo tuni" deb atadi.

Ilk natijalar va bashoratlarga binoan, liberal-demokratlar partiyasi mazkur saylovlarda eng katta mag‘lubiyatga uchradi va parlamentda 47 o‘rinni yo‘qotdi.

Shotlandiyaning (SNP) milliy partiyasi mahalliy leyboristlar ustidan ishonchli g‘alaba qozonganini namoyish qilmoqda. U Shotlandiyadagi 59ta okrugdan 56tasini qo‘lga kiritishi kutiladi.

Parlamentga umumiy hisobda 650 deputat saylanadi. Parlament saylovlari bilan bir vaqtda 279ta hududda mahalliy kengashlar saylovlar bo‘lib o‘tdi, ba‘zi joylarda esa shahar hokimlari saylandi.

Bu yilgi parlament saylovlarida ilk bora internet orqali ovoz berish imkoni berildi.

Saylovlar 650ta yakka vakolatli okruglarda aksariyat ovoz tizimi bo‘yicha bo‘lib o‘tdi. Bu degani har bir hududda saylovchilar partiya uchun emas, balki aniq nomzodga ovoz berdilar. G‘olib esa eng ko‘p ovozni olgan nomzod bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq