Afg‘oniston: Tolibon "Islomiy Davlat" bilan birlashdimi?

Afg‘onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatidan olingan xabarlarga ko‘ra, ilk bor "Islomiy Davlat" jangarilari Tolibon bilan bir safda jangga kirishishgan.

Qunduz shahri yaqinida jang qilayotgan "Islomiy Davlat" jangarilarining O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Checheniston va Turkiya fuqarolari ekani aytilmoqda.

Mahalliy mas‘ullarga ko‘ra, bunga so‘nggi janglar chog‘ida o‘ldirilgan jangarilarning shaxslariga oid ma‘lumotlar dalolat qilgan.

Ularning so‘zlariga tayanilsa, bundan tashqari, bu jangarilar Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi ramzi tushirilgan qora peshband taqib olgan bo‘lishgan.

Markaziy Osiyo mintaqasi bilan muhim tranzit yo‘lida joylashgan va Tojikiston bilan bor-yo‘g‘i birgina Panj daryosi ajratib turgan Qunduz Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan viloyat bo‘ladi.

Bundan o‘n kuncha burun oralarida xorijiy jangarilar ham borligi aytilgan yuzlab toliblar Qunduzning ayrimlari Tojikiston bilan bevosita chegaradosh to‘rt tumanida qarshi hujumga o‘tishgan, buning ortidan janglar qaqshatqich tus olgandi.

Qunduzdagi janglar, hatto, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining Hindistonga safarini kechiktirishi, yuzaga kelgan vaziyatni AQSh harbiylari bilan muhokama etib olishiga ham sabab bo‘lgandi.

Image copyright

Orada butun Afg‘onistondan Qunduzga minglab qo‘shimcha askarlar tashlangan, yuzdan ortiq tank ham kiritilgan.

Ammo, qunduzlik mas‘ullarga ko‘ra, shunda ham, isyonchilarni daf etishlari oson bo‘lmayotir.

Kuni-kecha ayrim mahalliy nashrlar afg‘on xavfsizlik kuchlarining so‘rovi bilan Qunduz viloyatining ayrim tumanlarida oddiy aholi ham qo‘liga qurol olgani va jangarilarga qarshi kurashga kirishganliklari haqida xabar berishgandi.

Xuddi shu xabarlar manzarasida Afg‘oniston hukumat kuchlari bugun payshanba kuni viloyat markazi yaqinida yirik harbiy amaliyotga qo‘l urishgan va ana shu janglar chog‘ida "Islomiy Davlat" jangarilarining toliblar bilan bir safda jang qilishayotgani ma‘lum bo‘lgan.

Yangi ittifoq?

Image copyright

Qunduz viloyat hokimi Muhammad Umar Sofiyning BBC bilan suhbatida aytishicha, "yanada yirikroq va zamonaviyroq jang olib borish uchun" "Islomiy Davlat" guruhi tomonidan tayyorlangan xorijiy jangarilar toliblar bilan birga qo‘llariga qurol olishgan.

Shu paytgacha ham afg‘onistonlik mas‘ullar va ham xalqaro harbiy tahlilchilar bu ikki guruhni bir-birlariga dushman, deb qarab kelishgan, bundan bir necha oy burun "Islomiy Davlat" jangarilarining janubiy Helmand viloyatida toliblarga qarshi jang olib borishganiga oid xabarlar ham olingandi.

Ammo, Qunduz viloyati hokimining aytishicha, shimoldagi janglar umuman boshqacha mazmun kasb etgan va bu mintaqalarda "Islomiy Davlat" jangarilari "Tolibonni katta janglarga tayyorlash uchun ularni dastaklab, tayyorgarlikdan o‘tkazishmoqda".

Janob Sofiyning aytishicha, "Islomiy Davlat" a‘zolarining harbiy saboqlarini olgan toliblar jang maydonida shahid bo‘lish uchun yanada jangari bo‘lib yetishishmoqda.

Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, "Islomiy Davlat"ning Pokiston va Afg‘onistonda faollashish harakatlari manzarasida qator tahlilchilar mintaqada jangari guruhlarning yangi global ittifoqi paydo bo‘lishi va u yuzaga keltirijak xavfning jiddiy bo‘lishi ehtimolini nazardan soqit etishmagan.

Ammo Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar Qunduzdagisi doxil "Islomiy Davlat"ning mamlakatdagi faollashuvi, yaqin ittifoqchilari va sobiq a‘zolaridan o‘ziga yangi jangarilar yollayotgani qadar so‘nggi oylarda kuzatilayotgan voqealar rivojiga shu paytgacha biror bir munosabat bildirmagan.

Image copyright

Joriy paytda Afg‘onistondagi "Islomiy Davlat" jangarilarining aniq soniga oid rasmiy ma‘lumotlar imkonli emas.

Afg‘onistonda "Islomiy Davlat"ning faollashib borayotganidan allaqachon jiddiy xavotir bildirib chiqqan esalar-da, na-da Birlashgan Millatlar Tashkiloti, na-da Amerika tomoni va na-da Afg‘oniston hukumatining o‘zi bu borada rasmiy raqamlarni oshkor qilgan.

Turli manbalarda ularning soni yuzlab ekani va ulardan aksariyati sobiq Tolibon jangarilaridan iborat ekanligi aytiladi.

O‘zining yaqinda yana Afg‘onistonga qaytganligini rasman e‘lon qilgan va hozir butun Afg‘oniston bo‘ylab qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgani aytilayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, to‘lig‘icha Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirib bo‘lgan.

"Islomiy Davlat" va mintaqa

Image copyright BBC World Service

"Islomiy Davlat" guruhi yangi milliy birdamlik hukumati iqtidorga kelgan o‘tgan sakkiz oy ichida qo‘shni Afg‘onistonga har tomondan sizib kirishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Qunduzdagisi bilan bog‘liq voqealarning so‘nggi rivoji esa, "Islomiy Davlat" Pokistonda mintaqadagi o‘zining yangi tarmog‘iga asos solganidan bor-yo‘g‘i sanoqli oylar o‘tib kuzatilmoqda.

Aksariyat mintaqa davlatlari, hatto, Rossiya ham so‘nggi yillarda Afg‘onistondagi vaziyat xuddi Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotir bildirib kelishayotgandi.

Qunduzdagi janglar esa, bu yaqin yillar ichida Markaziy Osiyoning shundoq biqinida kechayotgan ilk davomiy va keng ko‘lamli janglar bo‘ladi.

Afg‘onistonlik mas‘ullar, hatto, Qunduzning o‘zi ham bu yaqin o‘n yillar ichida bu kabi katta tahdidga ro‘baro‘ kelmaganini aytishadi.

O‘zlariga bevosita chegaradosh Afg‘onistonning Qunduzidagi vaziyat Tojikiston tomonini ham befarq qoldirmagan.

Xabarlarga ko‘ra, Tolibonning hujumlari ibtidosidayoq chegaradagi vaziyat o‘z nazoratlari ostida ekanini aytib kelayotgan Tojikiston o‘tgan bir necha kunning o‘zida qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rishni boshlagan.

Image copyright BBC World Service

Allaqachon Afg‘oniston bilan davlat chegarasida ikkinchi himoya chizig‘ini yaratgan, chegaraga yaqin tumanlarga Tojikistonning boshqa mintaqalaridan katta sondagi qo‘shimcha harbiylarini safarbar etgan.

Bu harbiylar chegaradagi har qanday ehtimoliy vaziyatga shay ahvolda ekanliklari, umumiy sonlarining o‘n mingdan ortishi aytiladi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa, kecha chorshanba kuni mamlakat kuch tizimlari vakillari bilan uchrashgan, agar, lozim bo‘lsa, Afg‘oniston bilan chegara himoyasi uchun barcha zaxiralarni ishga solish, zarur bo‘lsa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan ko‘mak so‘rashlari va bunga qo‘shimcha, 201-sonli Rossiya harbiy bo‘linmasi yordamidan ham foydalanilishi muminligini bildirgan.

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, o‘tgan o‘n yillar davomida bu kabi holat kuzatilmagan.

Ammo Qunduzdagi voqealarning so‘nggi rivojiga, hozircha, rasmiy Dushanbe biror bir munosabat bildirmagan.

Afg‘oniston tomoni nima deydi?

Yaqinda Afg‘oniston vitse-prezidenti general Abdulrashid Do‘stum ham "Islomiy Davlat" hozir mamlakatning qator shimoliy viloyatlariga kirib borishga harakat qilayotganini aytgandi.

Janob Do‘stumning so‘zlaridan ham bu viloyatlar aksariyatining Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh ekani ma‘lum bo‘lgandi.

Afg‘oniston vitse-prezidenti, o‘z o‘rnida, "Islomiy Davlat" nafaqat mamlakati, butun mintaqa uchun jiddiy tahdid ekanini ta‘kidlagandi.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra esa, Qunduzdagi voqealarning so‘nggi rivoji mintaqadagi jiddiy o‘zgarishlarga dalolat qiladi.

"Chunki endi Afg‘onistonning muammosi yagona toliblar emas. Hozir Afg‘onistonga qo‘shni Pokistondan tashqari, yana boshqa davlatlar, jumladan, Turkiya va Chechenistondan ham jangarilar kelishayotgani ayon bo‘lmoqda. Ayrimlarining Iroqdan ekanliklari ehtimoli ham yo‘q emas. Bu esa, vaziyatning yanada jiddiylashib borayotganini anglatadi. Bu kabi holat birgina rasmiy Kobul emas, Vashingtonda ham xavotirlar uyg‘otishi tayin. Chunki so‘nggi yillarda faqat mahalliy tus olgan afg‘on mojarosi hozirga kelib globallashmoqda", - deydi Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha tahlilchi Pol Rojers.

O‘z o‘rnida, tahlilchi suhbatdoshimizga ko‘ra, mavjud vaziyatning qanchalik mintaqaviy tahdid darajasiga o‘sib yetishini vaqt ko‘rsatadi.

Ammo, unga ko‘ra, "Islomiy Davlat" jangarilari toliblar bilan bir safda jang qilayotgan hodisalarning shundoqqina Tojikistonga qo‘shni Qunduzda kechayotgani bu boradagi xavotirlarga zamina yaratmay qolmaydi.

Image caption Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi

Xalqaro tahlilchi Pol Rojersning aytishicha, bundan buyog‘iga hammasi Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining salohiyati va Amerika tomoni ularga berajak ko‘makning ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi.

Voqealarning bu kabi rivoji esa, Afg‘onistonni katta sondagi xorijiy qo‘shinlar tark etib bo‘lgan, ularning ommaviy safarbarliklari bilan kechgan o‘tgan yilning o‘ziyoq afg‘on harbiylari uchun Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon eng qonlisi bo‘lgan bir manzarada kuzatilmoqda.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari kamida kelasi yil oxirigacha Afg‘onistonda o‘n mingdan ortiq askarlarini qoldirishga qaror qilishgan, ammo Qunduzdagisi doxil Afg‘onistonda so‘nggi oylarda kuzatilayotgan janglarda ularning ishtiroki ko‘zga tashlanmaydi.

Boshqa tomondan, ularga faqat toliblar tomonidan bevosita tahdidga uchragan paytlarida qarshi hujumga o‘tish vakolati berilgan, xolos.

Afg‘onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi so‘nggi vaziyat Rossiyani ham befarq qoldirmagan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqinda tashvishli bir bayonot bilan chiqib, afg‘on hukumatini mintaqa xavfsizligini yaxshilash uchun lozim choralar ko‘rishga ham undagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq