Garovdagi hazoralar o‘zbekistonliklar evaziga qo‘yib yuborildi

Image copyright none

Afg‘onistonda fevral oyi o‘g‘irlab ketilgan 31 yo‘lovchining 19 nafari o‘zbekistonlik jangarilar oila a‘zolari evaziga qo‘yib yuborilgan.

Avtobusda Erondan uylariga qaytayotgan hazora ozchiliklari Afg‘oniston janubida qo‘lga olingandi.

Qolgan 12 tutqunning ozod qilish uchun muzokaralar davom etayotgani aytiladi. Ular hibsdagi 6 nafar o‘zbek ayoli evaziga qo‘yib yuborilishi kutilmoqda.

O‘tgan oy jangarilar tutqunlardan birining boshini tanasidan judo qilgani da‘vo qilingan videoyozuvni tarqatgandi.

Ikki kun oldin esa, hazoralar jamoasi vakillaridan bo‘lgan Afg‘oniston ijroiya idorasi rahbari (Abdullo Abdullo) o‘rinbosari Muhammad Muhaqiq tez orada tutqunlar yaqinlari uchun xushxabar kelishi haqida aytdi.

Garovgirlar

Muzokarachilardan biri Asadulloh Kakarning BBCga aytishicha, 19 yo‘lovchi asli O‘zbekistondan bo‘lgan isyonchilarning 22 nafar farzandi evaziga ozod qilingan.

Jangarilarning ayollar va bolalardan iborat yaqinlari oldinroq afg‘on xavfsizlik kuchlari tarafidan qo‘lga olingan va hukumat hibsxonalarida saqlab kelinayotgandi.

G‘azni va Zobul viloyatlari rasmiylari ham yangilikni tasdiqlashgan.

Tutqunlarning o‘zbeklarga almashilgani garovgirlar O‘zbekiston Islomiy Harakati bo‘lganiga ishora qiladi.

Muxbirimizga ko‘ra, Afg‘onistonda faoliyat qilayotgan mazkur guruh Tolibondan ham zo‘ravonroq ekani bilan dong chiqargan.

Bundan oldin mamlakatning qator mintaqalaridagi O‘IH a‘zolari "Islomiy Davlat" guruhiga sadoqat bildirgani borasida xabarlar kelgandi.

Erondan Afg‘oniston poytaxti Kobulga yo‘l olgan hazoralar Zobulga yetgan chog‘lari o‘g‘irlab ketilgandi.

Image copyright none
Image caption O‘tgan oy tutqunlarni ozod qilish talabi bilan Kobulda yirik namoyishlar o‘tkazilgandi

O‘zbekiston Islomiy Harakati

O‘zbekiston Islomiy Harakati 1990 yillar oxirida tashkil qilingan.

Harakat jangarilari ma‘lum muddat Pokistondagi Tolibon safida jang qilishgan.

2014 yil iyun oyi Karachi havo qo‘nolg‘asiga hujumni ham ayni harakat amalga oshirgani xabar qilingandi.

O‘shanda 39 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Karachi aeroportiga hujum ortidan Pokiston armiyasi jangarilar o‘rnashgan Shimoliy Vaziristonda harbiy amaliyotlar olib borgan.

Va Tolibonning boshqa ittifoqchilari qatorida O‘IH ham Pokistonning ana shu ozod qavmlar yashovchi mintaqasidan siqib chiqarilgandi.

Pokistondan farqli o‘laroq, sunniy jangarilar bungacha aksari shialardan iborat Afg‘oniston hazoralarni deyarli nishonga olishmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq