Ovro‘po Ittifoqiga kvota bo‘yicha muhojirlarni qabul qilish taklif qilinmoqda

Image copyright AFP

Ovro‘po Komissiyasi Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlarning kvota tizimi bo‘yicha qochqinlarni qabul qilishi kerakligi borasida mubohasali taklif bilan chiqishi kutiladi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning o‘zidagina 60 ming odam O‘rta Yer dengizini kechib o‘tishga uringan.

Xalqaro Amnesti tashkilotining aytishicha, bu kabi safarga chiqishga majbur bo‘lgan muhojirlar Liviyada dahshatli tahqirlashlarga yuz tutishmoqda.

2015 yilning o‘zida O‘rta Yer dengizida 1800dan oshiq muhojirlar halok bo‘lishgan. Bu 2014 yilning ayni davriga solishtirganda, 20 baravar ko‘pdir.

Chorshanba kuni e‘lon qilinishi kutilayotgan Ovro‘po Komissiyasining migratsion siyosati muhojirlarning qonuniy yo‘l bilan Ovro‘poga kelishlarini uyushtirishni taklif qiladi.

Ammo, unga barcha Ovro‘po Ittifoqi davlatlari rozi bo‘lishlari kerak.

Ovro‘po rahbarlari mazkur takliflarni iyun oxirida bo‘lib o‘tadigan sammitda muhokama qiladilar.

"Ahmoqona fikr"

Ovro‘po Komissiyasi taklif qilayotgan oxirgi choralar muhojirlarning O‘rta Yer dengizida cho‘kib ketishlarining oldini olishga qaratilgan.

Image copyright Reuters

O‘tgan yili Suriya, Eritreya, Nigeriya va Somalidagi urushlar va qashshoqlikdan qochgan 200 mingdan oshiq odamlar dengizni kechib o‘tganlar, bir necha ming nafari esa safar davomida nobud bo‘lganlar.

Kvota tizimi qator omillar, xususan bir mamlakatning aholisi, iqtisodiy ko‘rsatkichlari va avval qabul qilingan boshpana izlovchilar soniga qarab belgilanadi.

Olmoniya kvota tizimini qo‘llab-quvvatlayapti. U o‘tgan yili 200 mingta boshpana arizasini olgan.

Qirg‘oqlariga ko‘plab muhojirlar kemalarda kelib tushayotgan Italiya va Malta Ovro‘po Ittifoqining boshqa a‘zolarida muhojirlar uchun mas‘uliyatni teng bo‘lib olishga chaqirishmoqda.

Avstriya Kantsleri Verner Fayman kvotani "adolat masalasi" deya tasvirladi, hamda boshpana "rahmdillik amali emas, balki insoniy huquq" ekanini aytdi.

Biroq, Ovro‘po Ittifoqining boshqa a‘zolari kvota g‘oyasiga keskin qarshilik bildirishmoqda.

Britaniya hukumati voizi: "Britaniya eng ko‘p muhtoj odamlarga boshpana berishdek tajribaga ega, ammo biz majburiy joylashtirish tizimiga ishonmaymiz", - deb aytdi.

Image copyright AFP

"Biz Ovro‘po Komissiyasining majburiy kvota tizimini kiritish yo‘lidagi har qanday takliflariga qarshilik qilamiz", - deya qo‘shimcha qildi u.

Vengriya, Slovakiya va Estoniya rahbarlari ham kvota tizimiga qarshi chiqishgan, Vengriya Bosh Vaziri Viktor Oban uni hatto "ahmoqona fikr" deya qoraladi.

Dushanba kuni Ovro‘po Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha rahbari Federika Mogerini BMT Xavfsizlik Kengashidan Liviyada amal qiluvchi odam tashuvchilarga qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat so‘raydi.

BMT ruxsatisiz Liviya yoki xalqaro suvlarda amal qilayotgan odam tashuvchilar kemalarini yo‘q qilishga qaratilgan harbiy amaliyotlar noqonuniy hisoblanadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio