XMT: Minglab qochqinlar dengizda qolib ketishmoqda

Image copyright none
Image caption Sillasi qurigan muhojirlar Indoneziya sohillariga keltirilgan

Xalqaro Muhojirlik Tashkilotiga ko‘ra, Bangladesh va Birmadan kelayotgan minglab qochqinlar Taylandga yaqin dengiz hududida jon saqlashmoqda, ularning quruqlikka yetib borishlari imkonsiz qolmoqda.

Tashkilot voizining BBCga aytishicha, Tayland hukumatining Rohinga muhojirlariga qarshi ko‘rgan choralari bois ko‘plab odam savdogarlari o‘z yo‘lovchilarini sohilga yetkaza olmayaptilar.

Ishonilishicha, 8, 000 ga yaqin odam o‘zlari tushgan qayiqlarda qolib ketishmoqda.

So‘nggi ikki kun asnosida 2, 000dan ortiq inson Malayziya va Indoneziyaga yetib borgan. To‘g‘rirog‘i, ular dengiz qutqaruv xizmatlari tomonidan qutqarib qolingan.

Xalqaro Muhojirlik Tashkilotining Tinch ummoni havzasidagi Osiyo davlatlari bo‘yicha mas‘uli Jeffri Labovits BBC bilan suhbatda aytishicha, Tayland janubidagi tashlandiq jamloqda o‘nlab inson jasadi qoldiqlari topilishi ortidan politsiya noqonuniy muhojirlikka qarshi harakatlarini kuchaytirgan va shu bois, odam savdogarlari qayiqlarni dengizda ushlab turishibdi.

Bangladeshlik muhojirlar hamda Birmada ta‘qibga uchragan Rohinga jamoasi vakillari odatda noqonuniy yo‘llar bilan Taylandga yetkaziladi va ular Malayziya yo-da, boshqa mamlakatga yetib olishlari uchun pul ishlashlariga to‘g‘ri keladi.

Birmaning istalmagan fuqarolari

Rohinga Birmadagi tumanning nomi bo‘lib, unda asosan musulmonlar istiqomat qilishadi.

Taxmin qilinishicha, ular musulmon savdogarlarining avlodlari va ayni mintaqada 1,000 yildan ortiqroq vaqtdan beri o‘rnashib qolishgan.

Rohinga musulmonlari Bangladesh, Saudiya Arabistoni va Pokistonda bor.

Birmada ular doimiy ta‘qibga uchraydilar, majburiy mehnatga safarbar qilinadi. Ularda yerga egalik huquqi yo‘q va qattiq haqlari qattiq chegaralangan.

Jamoaning Bangladeshda yashovchi vakillari ham o‘ta qashshoq, hujjatsiz va ishga kirish imkoniyatlaridan mahrum holatda yashaydilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq