500 ga yaqin Rohinga muhojiri Indoneziya sohilida qutqarilgan

Image copyright AFP

Indoneziya rasmiylari xabar qilishlaricha, 469 musulmon muhojir o‘tirgan kema Achex viloyati sohiliga yaqin joyda qutqarilgan.

Baliqchilar dengizda odamlar chiqqan yog‘och kema harakatsiz qolib ketgani haqida xabar qilganlar.

Achex viloyati dengiz qutqaruv xizmati hodisa joyiga qutqaruvchilarni yuborgan va kemadagi Myanmar(Birma)lik Rohinga musulmonlari va bangladeshliklarni xavfsiz joyga yetkazgan.

Kemada ayollar va bolalar bo‘lgan.

Juda kam oziq-ovqat qolgan, ayrim muhojirlar tibbiy muolajaga muhtoj bo‘lib qolganlar.

"Frans Press" axborot agentligi xabar qilishicha, muhojirlarni kemada Malayziyaga yetqazib qo‘yishga va‘da berganlar.

Ular bir hafta oldin dengizda suzishni boshlaganlar.

Muhojirlar beshta kemada yo‘lga chiqishgan.

Yakshanba, 10 may tongida Malayziya sohiliga yetib kelishganini, endi buyog‘iga suzib borish kerakligini aytganlar.

Image copyright Reuters

"Kimlardir suzib ketdi. Lekin yaqin-atrofdagi baliqchilar bizga bu yer Malayziya emas, Indoneziya sohillari ekanini aytishdi", deb aytgan Malay tilida so‘zlashishni biladigan muhojirlardan biri.

Indoneziyaning Achex viloyati muhojirlarni tutib turish markazidagi insonlarning aytishlaricha, ular Myanmardagi o‘zlariga nisbatan bo‘lgan tahdidlar ortidan yashab turgan joylarini tashlab qochishga majbur bo‘lganlar.

"Musulmonlarni kaltaklab, ustlariga qaynoq suvlar sepishdi. Shuning uchun ular qayerga bo‘lsa ham, tezroq Myanmardan qochib chiqishga ahd qildilar", deb aytgan muhojirlardan biri.

Oldingi Birma, hozirgi Myanmarning 800 ming aholisini Rohinga musulmonlari tashkil etgan.

Rohingalarni Myanmar davlati o‘z fuqarolari deb bilmaydi va shaxslarini tasdiqlovchi hujjat bermaydi.

Oxirgi yillarda Myanmardagi buddoyilarning musulmonlarga nisbatan hujumlari ko‘paygan.

Image copyright epa

Buning oqibatida yuz minglab Rohinga musulmonlari o‘z uylarini tashlab qochib, Myanmarning dengiz sohilidagi qochqinlarning vaqtinchalik jamloqlariga joylashishga majbur bo‘lganlar.

Bu jamloqlardan suv va quruqlik orqali musulmon davlatlariga yetib olishni ko‘zlaganlar.

Quruqlik orqali Rohinga musulmonlari Tailandga, u yerdan esa Malayziyaga yetib borishga harakat qiladilar.

Ko‘pincha Tailanddagi odam savdogarlari qurbonlariga aylanadilar.

O‘tgan hafta Tailand janubida odam savdogarlari qurboniga aylangan muhojirlarniki deb ko‘rilgan 30 dan ortiq inson jasadi ommaviy qabrlarda topildi.

BMT Rohinga musulmonlarini dunyodagi eng ko‘p ta‘qibga uchrayotgan ozchiliklar deb tan olgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio