Rossiyada millatchilar "G‘alaba bayrami arafasida" tojikni o‘ldirishdi

Image copyright Reuters

Tojikiston hukumatiga yaqin Avesta xabar agentligiga ko‘ra, Moskvadagi G‘alaba bayrami arafasida rus millatchilari 39 yoshli Tojikiston fuqarosini vahshiylarcha o‘ldirishgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati bo‘limi 3 mayda yuz bergan qotillik ortidan uch kishi - Korolev shahridan 18 yoshli Aleksey va ikki o‘smir bolaning hibsga olinganini bildirgan.

Qotillik asosida millatchilik va‘ji yotgani aytiladi. Tojikiston fuqarosi o‘z rafiqasi bilan telefon orqali suhbatlashayotganida, hujumchilar unga tashlanganlar, avvaliga dubinkalar bilan urib, so‘ng tomog‘iga otvertka tiqqanlar.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, hozirda qo‘lga olingan uchovlon millatchilik asosida o‘tgan mart oyida ham MDHdan kelgan boshqa fuqaroni o‘ldirishda gumon qilinadilar.

Umumiy hisobda ular Moskva shahri va viloyatida to‘qqizta qotillikka qo‘l urganlarini tan olishgan.

Avesta xabar qilishicha, qotillik G‘alaba bayrami arafasida yuz bergani tojikistonlik internet foydalanuvchilari orasida qizg‘in bahsga sabab bo‘lgan.

Ba‘zilar fikrida "rus bo‘lmagan" odam atayin G‘alaba bayrami oldidan o‘ldirilgan, boshqalar fikrida esa Rossiya "Ukrainada millatchi va fashistlarni qidirishdan avval, o‘zidagilarni jilovlab olishi kerak".

Ayni damda, avesta xabar qilishicha, marhumning akasi jasadni Tojikistonga olib kelishga qiynalmoqda. Aytilishicha, jasadni Rossiyadan Tojikistonga olib borish qariyb 2 ming dollarga tushadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio