Qo‘rquv iskanjasidagi andijonlik muhojirlar

Andijon voqealari sabab Rossiyaga qochib kelgan muhojirlar juda ko‘p. Ularning aksari 13 may kuni bo‘lgan qirg‘inni eslashni istamaydi, yoki o‘zlarini unutgan singari tutadi. To‘g‘rirog‘i, bu haqida so‘z ochishga qo‘rqishadi. Hatto muhokama ham qilinmaydi.O‘n yil oldingi fojea go‘yo bo‘lmagandek. Bazo‘r og‘iz ochganlar ham havotirlarini yashirishmaydi.

"Jon shirin..."

"Ko‘zim bilan ko‘rganlarimni aytishga yuragim yo‘q, - dedi vodiylik guvoh ayol. "Jon shirin, bir marta o‘limga ro‘para kelganimiz yetadi". Yana biri begunoh xalqqa avtomat o‘qtalib turgan harbiylarga qarab "ot meni!" deya alam bilan ko‘ksini ochib chiqqanida, harbiy osmonga qarab ketma-ket o‘q uzgani, odamlar qo‘rqqanidan har tomonga qochganini ayta oldi.

Andijonlik bir yigit otasi o‘shanda qamoqdan chiqqanlar orasida bo‘lgani, shu voqea sabab yana retsidivist sifatida 5 yil muddatga qamalganini aytadi. Yana bir kishi esa o‘liklar orasida zo‘rg‘a emaklab borib o‘zini soyga tashlab ajaldan qutilib qolganini esladi. Qolganlari gapirmaydi. Gapirolmaydi.

O‘n yildirki, hamon qo‘rquv ularni "gung" qilib qo‘ygan.

Mehnat muhojirlari orasida andijonliklar juda ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo ularning deyarli barchasi tinchgina ishlab, tirikchilik qilishni ma‘qul topishadi. Necha yil va necha ming kilometr olisda ham qo‘rquv tahdid solib turibdi...

"Belgi qilinglar, bizdan ekaningiz bilinsin!"

Qonli kunlarning guvohi bo‘lgan andijonlik yigit diktofonga yozmaslik sharti bilan yaqin o‘tmishni xotirladi. "Bu gaplarni uchinchi marta gapirayapman, oldin otamu bir do‘stimga aytib bergandim, xolos. Va boshqa eslamayman ham" dedi Kamol. (Ismi o‘zgartirilgan - Tahririyat)

Qirg‘in ro‘y bergan kuni Kamol ertalab do‘stlari bilan darsga ketayotgan edi. Talabalar yo‘l yopilgani sabab mashinadan tushib qolib, 500 metrlar chamasi narida bo‘lgan daxshatli voqeaning guvohi bo‘lishdi.

"Haligacha ko‘z oldimdan ketmaydi, - deydi Kamol. - Hammayoq qon, o‘liklar, yaradorlar, tirik qolgan odamlar yerga yotib olgan. Kinoni ichiga tushib qolgandek bo‘ldik. Boshi, badani o‘qdan sochilib ketgan tanalarni ko‘rish juda ayanchli bo‘larkan... Yosh bolaligimizga borib, ariqlarni ichidagi o‘qlarni terganmiz". Kamolning aytishicha, u do‘stlari bilan 3 kun davomida maydonda yurgan.

"Vatanparvar ekanmiz-da o‘sha payt ham", - deydi u. O‘n ikki nafar yigit hokimiyatni qo‘riqladik. Ichkariga xalqni qo‘ymay turganimizda MHX kelib odamlarni urib-tepib tashlayotgandi, biz ichkariga kiritmayotganimizni bilib "belgi qilib olinglar, bizdan ekanliklaringiz bilinsin!" deyishdi. Keyin do‘stlarim bilan pardalardan bog‘ich qilib yirtib tirsakdan yuqoriroqqa bog‘lab oldik".

"Ichkaridagi o‘liklarni bir joyga to‘plab o‘rischa qilib kovladik. Murdalarni deraza pardalariga o‘rab ko‘mdik. Keyin hamma o‘liklarni "Kamaz" olib ketdi, shu bilan ularni qayerga ko‘milganini bilmadik ham. Hatto "Kamaz" haydovchisi shu bilan ham yo‘q bo‘ldi. Yong‘in chiqqanida o‘t o‘chirish bo‘limiga yugurdim. Lekin kelishmadi. "Yuqoridan buyruq bor, yonsa yonaversin" deyishdi.

Yerto‘ladagi oshxo‘rlik

"12 do‘stdan 7 kishi qoldik, qolganlari qo‘rqib ketib qoldi. Biz baquvvat, karatechi bolalar edik, militsiyaga ishga kiramiz deb bo‘limga tez-tez kelib shug‘ullanib yurganimiz uchun IIB ni yaxshi bilardik. Kechgacha ularga qarashib yurib, podvalga kirib qoldik. Qarasak, general, boshliqlar, hammasi podvalda osh yeb o‘tirishgan ekan. Kun bo‘yi och yurgandik, bir chekkada laganda ulardan qolgan oshga yopishdik. Bizni ko‘rib boshliqlar patir non ham berishdi".

Kamol bu voqelar uning ruhiyatiga qattiq ta‘sir qilganini gapirib berdi: "Keyingi 2 kun shaharda ocharchilik bo‘ldi, hisobi. Do‘konlar yopiq, non yo‘q. Hech kim ko‘chaga chiqmaydi. Qon hidi dimog‘imga o‘tirib qolgan, hech nima yeya olmay qoldim, ko‘nglim tinmay aynirdi. Xonamda avtomat ko‘targan Shvartsneggerni rasmi bor edi, ko‘zim tushib o‘zim bilmagan holda yirtib parcha-parcha qilib tashladim. O‘yinchoq pistoletlarni ko‘rsam ham sindirib otib yuborardim. BTRning odamlarni ketma-ket otganicha u yoqdan bu yoqqa yurgani, tizza bo‘yi qon, ayanchli o‘liklar... Ertasi kunigacha hammayoq tozalandi. O‘t o‘chiruvchi mashina ko‘chalarni suv sepib yuvib, hech nima bo‘lmagandek qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, bu ko‘rinishlar bir umrga ongimda qo‘rqinchli tushday qoldi".

"Onamni qamashganda tamom bo‘lganman"

Oradan vaqt o‘tib, Kamol o‘qishini tamomladi. O‘zi istagan, jamoatchi sifatida ko‘maklashib yurgan IIB ga garchi hamma talablarga javob bersa-da, ishga olishmadi.

"Otam Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun ololmasliklarini aytishdi", - deydi u. Garchi Andijon voqealari haqida hech kimga churq etmagan bo‘lsa ham, uni ortidan kuzatib yurishganlarini sezganini aytadi. Ishga oladigan bo‘lganliklari uchun nazoratdaman, deb hisoblagan ekan o‘z fikrida.

"Rosa ish qidirdim, topa olmadim. Oxiri, institutga ishga kirdim, bir oylik ish haqim bitta shim va tufli sotib olishimga yetdi. Men uyda katta o‘g‘ilman, ukalarim bor, onamga yordamchi bo‘lish o‘rniga yo‘lkiramni onam berardilar. Or qildim. Va ishlash uchun Moskvaga keldim. Hammasi shundan boshlandi".

"Men ketishim bilan onamni qamab qo‘yishdi. Eshitib o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ukalarim qarovsiz qolib ketdi, o‘zim hali ish topganim yo‘q, o‘qimishli bo‘la turib qora ishlarni qilib amallab kun ko‘rib yurgan paytim edi. Qaytib boraman deb turganimda menga jinoiy ish ochilganini aytishdi. Bu yana bir zarba bo‘ldi menga. Qaysi aybim uchun?!"

"Surishtirsam, meni o‘g‘irlik narsalarni sotish va 10 ga yaqin ayblarni qo‘yishibdi. Qo‘shnilarimiz, yana kimlardir guvohlik ham beribdi. Guvohlik bergan bir kirakash qo‘shnimizni topib unga qo‘ng‘iroq qildim va nega yolg‘on gapirganini so‘radim. "Seni ham oborib tiqib qiynashsa, shunday qilarding, dedi". Menga haligacha alam qiladi, nima ayb ish qildim?!"

"Borsam, chirib ketsam kerak"

Kamol Andijon voqealari va Moskvaga kelganidan keyingi hayotidagi voqealar sabab ruhiy xastalikka chalinib davolanishga majbur bo‘ldi. "Bir yil deganda o‘zimga keldim va endi hamma narsani yuragimga yaqin olmaslikni o‘rgandim. Hamma narsaga tayyor turish uchun", - dedi iztirob bilan va qo‘shib qo‘ydi: "Aslida onamni qamashganida tamom bo‘lganman".

Mudhish kunlarga guvoh bo‘lgani uchun Vatanidan ayrilgan Kamol o‘tmishni eslashni ham, gapirishni ham xohlamaydi. "Men bu yerda bo‘lganim bilan jigarlarim Andijonda. Ularga yana ziyon yetishidan qo‘rqaman" deydi. U o‘zini Moskvada ham erkin his qilmasligini aytib, telefonda gaplarini tinglashidan havotirlanishini, hech kimga ishonmasligini bildirdi.

"Andijonni sog‘indim, - dedi u o‘kinch bilan, - lekin borsam, chirib ketsam kerak..."

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio