Indoneziya harbiy dengizchilari muhojirlar kemalarini "haydab yuborgan"

Image copyright AP

Indoneziya harbiy-dengiz floti xabar qilishicha, o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib tinch mamlakatga yetib olish maqsadida dengizga chiqqan Myanmar va Bangladeshlik muhojirlar o‘tirgan kemalarni Indoneziya sohillaridan nariga ketkizganlar.

Indoneziya o‘zidan uzoqlashtirgan muhojirlar soni yuzlab kishini tashkil etishi xabar qilinmoqda.

Indoneziya harbiy-dengiz floti so‘zchisi Manaxan Simorangkir aytishicha, bunday yo‘l tutganlarining sababi, muhojirlar o‘zlarining ko‘zlagan manzillari Malayziya ekanini aytganlar.

Shuning uchun muhojirlar ixtiyoriga kemalar hamda oziq-ovqat berilib, ularning yana suzib ketishlariga qo‘yib berganlar Indoneziya harbiy dengizchilari.

"Yo‘lovchilar tirik va ularning ahvoli yaxshi", deb aytgan Indoneziya harbiy-dengiz floti so‘zchisi.

Image copyright EPA

Xalqaro muhojirlik tashkiloti ushbu xabarni dahshatga soluvchi deb ta‘riflagan.

Tashkilotga ko‘ra, 8000 tacha muhojir bir necha haftalardan buyon dengizda qolib ketmoqdalar.

Myanmardan ayrim Rohinga musulmonlarining hali mart oyida yo‘lga chiqqanlari, hamon biror yakuniy manzilga yetib ololmasdan, shart-sharoit yo‘q kemalarda qolib ketayotganlari xabar qilinmoqda.

Image copyright Reuters

Zo‘ravonliklar va qashshoqlikdan qochib yo‘lga chiqqan Myanmar(Birma) Rohinga musulmonlari va bangladeshliklar odam savdogarlari xizmatlaridan foydalanadilar.

Shu vaqtgacha ham Tailandagi odam savdogarlari pul evaziga insonlarni Tailand ichidan, quruqlikdan Malayziyaga yetkazib qo‘yish bilan shug‘ullanib kelganlar.

Oxirgi paytda Tailand hukumatining inson traffikingi bilan shug‘ullanadiganlarga qarshi kurashni kuchaytirgani bois odam tashuvchilar muhojirlarni uzoq masofali dengiz yo‘li orqali kemalarda olib o‘tishga urinmoqdalar.

Xalqaro muhojirlik tashkiloti, dengizda uzoq bo‘lish insonlarni betob qilishini va shuning uchun muhojirlar zudlik bilan quruqlikka tushirilib, ularga tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak, demoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq