"Bizga andijonliklar jasadlarni yuk mashinalarida olib ketishganini gapirib berishgandi..."

2005 yilning 13 may kuni Andijonda minglab namoyishchilar, asosan tinch aholi o‘qqa tutiladi.

Ko‘plab guvohlar va mustaqil jurnalistlar yuzlab andijonliklar qurbon bo‘lgani, ular orasida ayollar va bolalar ham borligini aytishadi.

Hukumat esa Andijonda radikallar isyon qilgani va qurbonlar soni 187 nafar ekanini da‘vo qiladi.

Shu bilan birga Toshkent ayni qonli hodisalar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish talablarini rad etib keladi.

2005 yilda Toshkentda ishlagan, o‘z ismini oshkor etishni istamagan xorijiy muxbirlarning biri BBC bilan suhbatda o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashgan.

Xorijiy muxbir: Meni hayron qoldirgan holat 13 maydan avval Andijondagi mahkama binosi qarshisida o‘tkazib kelingan namoyishning davomiyligi va puxta tashkillashtirilgani edi. Men namoyishchilarni aprel oyining boshlarida borib ko‘rgandim. Bino tashqarisida mahkamaga tortilganlar yaqinlarining qat‘iyatliliklari mening e‘tiborimni o‘ziga torgandi. Adolatsiz mahkama va adolat talab qilishlari haqida oshkorona gapirishlari o‘ziga xos edi. O‘sha paytlarda O‘zbekistonda u yer-bu yerda kichik namoyishlar ro‘y berib turardi, Toshkentda, Jizzaxda va boshqa shaharlarda... Lekin o‘sha namoyishlar bozordagi narxlar, yoki biron bir savdo tortishuvi borasida kutilmagan ravishda boshlanib, tezda tarqab ketardi. Lekin Andijondagisi o‘zgacha edi. Boshida mahkama tashqarisida turganlar 12 chog‘lik odam edi. Ammo bu nogohon chiqish emasdi. Ana shunisi noodatiy edi.

BBC: Mahkama tashqarisida turganlar nimani istashgan edi?

Xorijiy muxbir: Menimcha ikki narsani… Mahkamaga tortilganlarni qo‘llab-quvvatlash, tashqarida asosan yoshi kattalar turishgandi, ichkarida mahkamaga tortilganlar asosan yoshlar edi…Va ikkinchidan, mening fikrimcha adolat istashardi! O‘zbeklar uchun muqaddas bo‘lgan oila uchun bu o‘ziga xos dastag edi. Bu O‘zbekistonda o‘sha vaqtda o‘tkazilgan bironta boshqa namoyishga o‘xshamasdi. Odatda namoyishlarda qatnashchilar boshqalarga bildirish, tashqi dunyo ko‘rishi uchun turfa mujdalari bitilgan qo‘llavhalarni ko‘tarib olishadi. Andijondagi chiqish qatnashchilari esa xorijiy matbuot bilan bog‘lanmagandilar, odamlar ko‘ziga tashlanadigan joyda emasdilar, tashqi dunyo e‘tiborini tortishga urinmagandilar. Mo‘‘jazgina o‘rindiqlar olib kelib, shunchaki bino tashqarisida o‘tirgandilar. Biz borganimizda biz bilan suhbatga tayyor edilar, lekin ataylab bizni chaqirishmagandi.

BBC: Namoyishlar 13 mayga qadar shunday davom etganmidi?

Xorijiy muxbir: Biz mahkama tashqarisidagi namoyishchilarni ko‘rgani bir necha marta borgandik. May oyining birinchi haftasiga borib ko‘rganimizda, ularning soni anchayin ko‘paygan edi. Bir necha mingga yetib qolgandi va hanuz tashkillashtirilgan, odob va ozodalik saqlangan bir holatda turishgandi… Ayollar bir taraf, erkaklar bir taraf. Keksalar uchun o‘rindiqlar olib kelingan. Fikrimcha, bu o‘rindiqlar mahkamaga tortilgan ishbilarmonlardan birining korxonasida tayyorlangandi. Hamma taraf ozoda, tartibli, bironta inson tamaki chekmasligi ko‘zga tashlanardi. Har kuni tushlik vaqti ayollar oziq-ovqat, choy va suv olib kelishardi. Bu narsalarni tashkillashtirish uchun biron kishi obdon hamma narsani o‘ylab ko‘rgani ayon edi. Namoyishchilar biron qo‘poruvchilik yoki noqonunuiy amal sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan har qanday hatti-harakatdan uzoq turishga harakat qilganlari ko‘rinib turardi. Ular xorij matbuoti, diplomatlar yoki xalqaro tashkilotlar bilan hech qanday aloqaga chiqishga urinmaganlari ham hayratlanarli holat edi. Balkim uringandirlar, lekin mening bundan xabarim bo‘lmagandir, ammo bu ehtimoldan uzoq…

BBC: May oyi boshiga kelib mahkama tashqarisidagilar soni bir necha mingga yetgan bo‘lsa, demak endi ular nafaqat ayblanuvchilarning yaqinlari edi, shundaymi?

Xorijiy muxbir: Ha, nafaqat qarinbosh-urug‘lar edi, hanuz ular ko‘pchilikni tashkil qilishardi. Lekin endilikda ularga mahkamaga tortilgan shaxslarga tegishli bo‘lgan va endilikda yopilib qolgan korxonalarning ishchilari ham qo‘shilgandilar. Eslashimcha, bu oyoq kiyim korxonasi, qator oshxona va mebel ishlab chiqarish korxonalari ishchilari edi. Hatto bolalar bog‘chasi xodimlari ham bor edi. Ular namoyishga qanday qo‘shilganlar, menga qorong‘u. Yana bir narsa, o‘sha namoyishchilar orasida farzandlari bundan avvalgi mahkamalarda, ularning nazarida adolatsiz hukm qilinganlarning ham ota-onalari bor edi u yerda. Masalan 90-yillar o‘rtalarida shahardagi bir masjid yopilib, ko‘plab odamlar hibsga olingandi. Xullas, bu vaqtga kelib u yerda adolat talab qilgan boshqa ko‘plab odamlar ham bor edi. Lekin shaharda hayot o‘z yo‘lida ketmoqda edi, hech bir yer yopilib qolmagandi, ko‘plar hatto bu kabi namoyish kechayotganidan xabarsiz qolgandilar…

BBC: Demak ular biron kor-hol kelib chiqishini istamagan yo‘lda o‘zlarini tutishgan, shundaymi?

Xorijiy muxbir: Ha. Esimda bor ular yig‘ilgan yerning o‘rtasida, shundoqqina mahkama binosi yonida mashina yuvadigan joy bor edi. O‘sha yerga mashinalarning kirishi va chiqishi uchun yo‘lakni ochiq qoldirib, atrofida turishardi. Hech kim yo‘lga chiqmagandi, hech kim baqirmasdi, qo‘pollik qilmasdi. Ularga qarshi biron hatti-harakat amalga oshirilishiga undamaslik yo‘lida juda puxta o‘ylab qilingan harakat edi... Menimcha, may oyining boshiga kelib juda g‘alati bir holat ro‘y bergandi, mahalliy va markaziy rasmiylar uchun bu namoyishni to‘xtatishga bir bahona ham yo‘qdek edi... Mahkama ham nihoyasiz bir narsaga aylandi. Aybdor deb topishsa, muammo bo‘ladi, aybsiz deb topishsa ham muammo...

BBC: Ana shu kabi vaziyat bir kechada kutilmagan ravishda rivojlanib 13 may hodisalariga aylandi... O‘sha kuni siz Andijonda emasdingiz, lekin ertasigayoq nimalar bo‘lganligini aniqlashga kirishgansiz...Xotirangizga mixlanganlari nima?

Xorijiy muxbir: 14 may kuni ertalabdanoq, telefon orqali qo‘limizda bo‘lgan ko‘plab tanish-bilishlarga bog‘lana boshladik. Meni hayratga solgan yeri shu ediki, shaharda qandaydir mavhumlik hukmron edi. Rasmiylardan hech kim aholiga nimalar ro‘y berganligi haqida ma‘lumot bermasdi, yoki hatto tartibni qayta o‘rnatish harakatlari amalga oshirilmasdi. Axir shaharda ulkan bir hodisa yuz berdi, insonlar halok bo‘ldi, izsiz yo‘qoldi...Biz gaplashgan odamlarning aytishlaricha, faqatgina erta tongda bir avtobus va bir qancha yuk mashinalar kelib jasadlarni terib ketishgan, xolos... Lekin hech kim kelib odamlarga nimalar bo‘layotganini aytmagan. Ko‘plar yaqinlarini qidirib shaharga chiqqanlar, hatto Bobur maydonida yaqinlarini so‘rab kelganlar qayta yig‘ila boshlaganlar. Lekin bu namoyish emasdi, yo‘qolganlarni izlab chiqqanlar edi... Hech kim ular bilan uchrashmagan, ma‘lumot berish, tushuntirishga harakat qilmagan - shunisi juda hayratlanarli...Bundan tashqari bu hodisalar haqida xorijda gapira boshlashdi, lekin O‘zbekistonning o‘zida ko‘plarning xabari yo‘q edi...

BBC: Hodisalardan keyin O‘zbekistonni tashlab chiqqan andijonliklar bir vaqtlar harakatga birlashib faoliyat yurita boshlaganlarini kuzatgandik, keyin jim bo‘lib ketishdi...Siz ularning ba‘zilari bilan xorijda uchrashgansiz, ularning sukunatlariga sabab nima?

Xorijiy muxbir: Fikrimcha bu insonlar tahsinga sazovor ravishda faol, ishbilarmon odamlar. Ular bu xislatlarini xorijga ham olib kelishgan. Hozirda turli mamlakatlarda yashayotgan andijonliklar hayotlarini davom ettirishga harakat qilmoqdalar. Bolalarni tarbiyalab, bizneslar ochib, bir-birlari bilan aloqani tiklab, ya‘ni ortga emas, kelajakka qarab yashashga intilmoqdalar. Ortga qarayverishdan ma‘ni ko‘rmayaptilar…balki… Albatta bo‘lib o‘tgan hodisalar yuzasidan sokin, sukunatli afsus-nadomat, balki alam ularning qalblarida uyg‘oq bo‘lishi kerak. Hodisalarni unutmaganlar, lekin o‘tmishda yashashni ham istamaydilar...

BBC: Lekin bu kabi yondoshuv O‘zbekiston hukumati kabi yo‘l tutmoqchi bo‘lgan hukumatlarga, "demak biz nima xohlasak qilishimiz mumkin, odamlar ko‘nikib, yashab ketaveradilar" degan mujdani berib, bu kabi hodisalar qaytarilishi uchun imkon yartamaydimi?

Xorijiy muxbir: Men bu savolga javob bera olmayman, bunisini ulardan so‘rash kerak. Men o‘z kuzatuvimni aytmoqdaman. Markaziy Osiyodagi xalqlar tarixida odamlar hayotni davom ettirishga ne qadar chanqoq ekanliklariga ko‘plab misollarni ko‘rish mumkin. Tojikistondagi fuqaro urushini oling… Odamlar urushdan keyin, bo‘lar ish bo‘ldi, degan yondoshuv bilan yashashni davom ettirdilar. Boshqa davlatlarga qarasangiz, ular uchun hodisalardan keyin ommaviy qabrlarni ochib, yaqinlarni topib, hodisalar rivojini o‘rganib, qabrtosh qo‘yishib, qayta dafn qilish … muhim ekanligini ko‘rasiz. Tojikistonda esa ko‘plab odamlar halok bo‘lishdi, lekin sinchikovlik bilan nimalar bo‘lganligini tadqiq qilish urinishlarini ko‘rmaysiz. Odamlar o‘tmish jarohatlarini ko‘tarib yurishni istamaydilar. Andijonliklar biron bir siyosiy faoliyatni davom ettirish bilan biron narsaga erishish imkonini ko‘rmayaptilar, menimcha. O‘zbekistondagi siyosiy tuzum muzlab qolgan holatda. Siyosiy harakat tuzib, nimaga erishadilar?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq