BBC qirg‘in haqida nimalarni aniqlashtira olgandi?

Image copyright BBC World Service

2005 yil 12 maydan 13 mayga o‘tar kechasi Andijon shahridan tashvishli xabarlar tarqala boshlagandi.

BBC Andijondagi o‘z muxbiri kuzatishlari, hodisa ishtirokchilari, namoyish guvohlari va rasmiylar taqdim etgan bayonotlar asosida quyidagi xabarni tarqatgan edi:

Andijon: vaziyat keskin, qurbonlar soni ortmoqda

Andijondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, hukumat kuchlari namoyishchilar va qurolli guruhlarga qarata o‘q ochgan.

Prezident Karimov Andijon voqealari ortida "Hizbut Tahrir" partiyasining guruhi turganini da‘vo qilgan.

Unga ko‘ra, hukumat kuchlaridan o‘n kishi qurbon bo‘lgan.

Qurolli guruh a‘zolaridan ham qurbonlar borligini aytgan. Ammo aniq bir son yo‘qligi va vaziyat o‘rganilayotganini ma‘lum qilgan.

So‘nggi ma‘lumotlarga qaraganda, shahar markaziga yana odamlar yig‘ilishgan.

Ularning soni haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q. Ammo guvohlar yuzlarcha odamlar markazga kelayotgani va to‘planganlar soni bir necha ming ekanini aytishmoqda.

Shahar osmonida vertolyotlar parvoz qilgan.

Shuningdek, voqealar shohidlari yuzlab qurbonlar bo‘lgani haqida gapirishmoqda.

Hukumat manbalari bu xabarlarni tasdiqlashgani yo‘q.

Ayrimlar o‘nlab jasadlarni "KamAZ" avtoulovlariga ortilayotganini va ular orasida bolalar va ayollar borligini aytishmoqda.

Namoyishga yig‘ilganlar orasida Prezident Karimovning iste‘fosini talab qilayotganlar bor.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Andijon viloyatining Qorasuv shahrida ham namoyishga chiqqanlar bor.

Shuningdek, viloyatning qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegarasiga qochqinlar to‘planayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Kecha namoyishlarni tarqatish uchun hukumat harbiy mashinalar – BTRlarni ishga solgan.

Ayrim muxbirlar, qurbonlar va yaradorlarning ko‘pligi sababi hukumat kuchlari ba‘zida duch kelgan tomonga va odam tanlamay o‘t ochganidan, deb aytishmoqda.

Jurnalistlarga shaharni "o‘z xavfsizligi" uchun tark etish buyurilgan.

Qurolli guruh vakillari viloyat hokimiyati binosini tashlab chiqishganini aytishgan.

Shaharda tuni bilan otishma davom etgani aytilmoqda.

Kunduzi o‘z yumushlari bilan shaharga chiqqan ko‘plab andijonliklar qaqshatqich otishmalar tufayli o‘z uylariga qaytisholmagan.

Shaharliklarning aksariyati vahimaga tushgan va ertangi kundan xavotirlik bildirishmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Andijonga safar qilgani aytilmoqda.

Mamlakat matbuoti, radio televizioni Andijondagi voqealarni bir tomonlama va o‘ta cheklangan holatda yoritmoqda.

BBC, CNN, Yevronyus televizioni dasturlari va Rossiya kanallari O‘zbekistonda 13 may tong soat o‘n birda o‘chirib qo‘yilgan.

Bir necha xabar agentliklarining internet sahifalari umuman o‘chirib qo‘yilgan.

Toshkentda va Farg‘ona vodiysida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Hukumat kuchlari bilan to‘qnashgan qurolli guruhlar kecha tunda qamoqdan ozod etilganlar va " Akromiylikda" ayblangan 23 kishi hamda ularning tarafdorlari ekani aytilmoqda.

Avvalroq, mamlakat televideniyesi namoyish tashkilotchilarini "banditlar" va "jangarilar" deb atarkan, ular o‘zlariga ayollar va bolalarni qalqon qilishganini aytgan.

Kecha yarim tunda Andijon qamoqxonasiga noma‘lum qurolli kuchlar hujum qilgan va u yerdagi mahbuslarni ozod etgan.

Ayni vaqtda shahardagi harbiy bo‘linmaga ham hujum bo‘lgani aytilmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, to‘qqiz kishi qurbon bo‘lgan va o‘ttizdan ortiq kishi yaralangan.

Norozilik tashkilotchilaridan biri, biz bilan suhbatda ularga shaxsan Ichki Ishlar vaziri Zokirjon Almatov sim qoqqani va namoyishlarni to‘xtatib, hukumat binolarini tark etishni talab qilganini aytgan.

Ammo ular bu talablarni rad etgan holda, bundan bir necha yil avval uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan Akrom Yo‘ldoshevning ozod etishni so‘rashgan.

Bu talablar vazir tomonidan rad etilgan.

Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan

O‘zbekiston o‘zining Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston bilan chegaralarini bir tomonlama yopib qo‘ygan.

Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

Ayrim bozorlarda savdo to‘xtatilgan. Militsiya va harbiylar soni ortgani haqida aytilmoqda.

Shu hafta boshlarida "Akromiya" noqonuniy diniy guruhiga a‘zolik ayblari bilan 23 kishi ustidan mahkama ishi davom etdi.

Ularga noqonuniy diniy uyushmalar tuzish va konstitutsion tuzumga qarshi harakatlarni nazarda tutadigan bir necha ayblovlar qo‘yilayotir.

Seshanba va Chorshanba kunlari minglarcha odamlar sudlanayotganlarning aybsiz ekanlari va ularni ozod etishni talab qilgandilar.

Mahkamada ko‘rsatma bergan ayblanuvchilar o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etishgan.

Ular o‘zlarining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishganini aytishadi.

Erkaklar bir tomon, ayollar ikkinchi tomonda saf tortgan namoyishchilar esa jarayon kechayotgan Andijon mahkamasi binosini o‘rab olishgandi.

Ularga ko‘ra sudlanuvchilar ishbilarmonlar bo‘lib, namoz o‘qishgan va xayr-ehson ulashib turishgan.

Andijondagi muxbirlarimizga ko‘ra, namoyishning ancha puxta tashkillashtirilgani ko‘rinib turgan. Xususan, tinch namoyishchilarga vaqtida oziq-ovqat va suv yetkazib turilgan.

Namoyishchilarning o‘z soqchilari va militsiya xodimlarining aralashuvini to‘xtatish uchun keltirilgan videotasvirchilari ham bor.

Mahalliy rasmiylar namoyishga qarshilik ko‘rsatishmagan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/news/story/2005/05/050513_andijan13may.shtml

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq