So‘rov: AQShda nasroniylar soni kamaymoqda

Image copyright n

Bunga "Pyu" ("Pew") xalqaro tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalari dalolat qilgan.

Xuddi shu manzarada Amerikada biror bir dinga e‘tiqod qilmaydigan dahriylar soni ham yaxshigina ortib borayotgani ma‘lum bo‘lgan.

Yangi so‘rov natijalari o‘tgan yetti yillik vaziyat qiyosiga asoslanadi.

Deylik, 2007 yilda qariyb sakson foiz amerikalik o‘zining nasroniy ekanini aytgan bo‘lsa, hozirga kelib, bu raqamlar yetti foizga kamaygan.

So‘rov mualliflariga ko‘ra, bu – jiddiygina o‘zgarishni anglatadi.

Boshqa tomondan, o‘tgan yetti yil ichida o‘zini biror bir dinga mansub emasligini e‘tirof etuvchi amerikaliklarning soni ham xuddi shuncha foizga ortgan.

Agar, ushbu foiz raqamlarga chaqilsa, bu – AQSh aholisining oltmish millionga yaqini dahriy ekaniga dalolat qiladi.

Biror bir dinga mansub bo‘lgan va bo‘lmagan amerikaliklar ro‘yxatida esa, ularning nasroniy dinining protestantlik mazhabiga e‘tiqod qiluvchilardan keyin ikkinchi eng yirik guruh ekanliklari ma‘lum bo‘lgan.

Ammo, shunda ham, AQSh – dunyodagi eng katta sondagi nasroniylar jamoasi istiqomat qiluvchi davlatligicha qolibdi.

Ya‘ni, o‘rtacha olganda, har o‘n amerikalikdan yettitasi nasroniy dinining u yoki bu mazhabiga e‘tiqod qilarkan.

"Pyu" tadqiqot markazi xodimlarining bildirishlaricha, yangisi va bundan yetti yil avvalgi so‘rov jarayonida ham 35.000 amerikalikning fikri o‘rganilgan.

Nega nasroniylar soni kamaymoqda?

Image copyright European Photopress Agency

So‘rov mualliflarining tahlillariga tayanilsa, bunga yangicha protestantlik va katoliklikka ergashuvchi nasroniylar soni kamayib borayotgani sabab bo‘lmoqda.

Markaz xodimlariga ko‘ra, hozir bu kabi jarayon butun AQSh bo‘ylab, barcha yosh va toifadagi insonlar orasida kuzatilmoqda.

Agar, sof raqamlarga chaqilsa, o‘tgan yetti yil ichida AQSh da nasroniy dini tarafdorlarining safi qariyb 5 million kishiga siyraklashgan.

So‘z biror bir dinga ishonmaydigan amerikaliklarga kelganda esa, ularning foizi mintaqalarga qarab farqlangan.

Deylik, AQSh janubida o‘zining dinsiz ekanini bildirgan insonlar soni 19 foizni tashkil etgan bir manzarada mamlakat shimoli-sharqida aholining chorak foizi, g‘arbida esa, qariyb uchdan bir qismining biror bir dinga e‘tiqod qilmasliklari ma‘lum bo‘lgan.

Tadqiqot jarayoniga boshchilik qilgan Greg Smit janoblarining aytishicha, so‘rov natijalari o‘zini dinsiz sanovchi insonlar qarashidagi o‘zgarishlarga ham dalolat qilgan.

Unga ko‘ra, 2007 yil bilan taqqoslanganda, bu kabi insonlarning yanada faol va tashabbuskor bo‘lishgani, jamiyatda dinga o‘rin yo‘qligini da‘vo qiluvchi turli siyosiy guruhlar tuzishgani kuzatilgan.

"Pyu" tadqiqot markazi o‘tgan oy e‘lon qilgan so‘rov natijalari esa, 2070 yilga borib, dunyoda musulmonlar va nasroniylar soni tenglashishi, 2100 yilda dunyo aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil qilishiga ham dalolat qilgandi.

AQShdagi nasroniylar:

. Umuman o‘zlarini nasroniy sanovchilar: 70.6 foiz

. Protestantlar: 46.5 foiz

. Injilchilar: 25.4 foiz

. Katoliklar: 20.8 foiz

. Liberal nasroniylar: 14.7 foiz

. Mormonlar: 1.6 foiz

. Iyegovo shohidlari: 0.8 foiz

. Nasroniy dinining boshqa tarmoqlariga mansublar: 0.4 foiz

Manba: AQShning "Pyu" tadqiqot markazi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq