Andijon qirg‘ini jahon matbuoti nazarida

Image caption The Guardian, UK

O‘tayotgan haftada jahonning ilg‘or ommaviy-axborot vositalari orasida Andijon qirg‘inini yod olmagani kam bo‘ldi.

Britaniyaning eng nufuzli nashrlaridan biri the Guardian da e‘lon qilingan maqolada qirg‘indan o‘n yil o‘tib ham qochqinlar qo‘rquv ichida yashayotganlari haqida so‘z boradi.

Andijonlik qochqinlar boshpana topgan Shvetsiyaning Kalmar shaharchasiga safar qilgan muxbirning hikoya qilishicha, hech kim qirg‘in haqida gapirishni istamaydi.

Aksariyat andijonliklar vatanda qolgan qarindoshlarining taqdiridan hamon xavotir va qo‘rquq bilan yashamoqda ekan.

Kalmarda qolayotgan qochqinlardan biri muxojirlikdagi yangi hayotga ko‘nikish oson bo‘lmaganini aytadi.

Andijon unutilmagan bo‘lsa ham, qo‘rquv va xavotirlik arimagani haqida yozar ekan, muxbir andijonlik qochqinning so‘zlari bilan maqolasini xotimalaydi.

"Hech kim bir-biriga ishonmaydi. Hech kim Ovro‘poning demokratiyasiga ham ishonmaydi. O‘zbekistonga ham ishonmaydi. Bugun gaplashadigan odam qolmadi. Odamlar tinchgina yurishni istashadi. Bizni hayotimizni hech kim yaxshilab bermaydi, hammasini o‘zimiz qilishimiz kerak".

New York Times gazetasi esa o‘z maqolasini "O‘zbekistonning unutilgan qirg‘ini" deb nomlagan.

2005 yilning 13 may kuni O‘zbekiston harbiy kuchlari Andijondagi yirik norozilik namoyishiga to‘planganlarga qarshi o‘t ochdi, yuzlab odamlarni o‘ldirdi, deb boshlanadi bu maqola.

"O‘zbekiston mulozimlari Andijon qirg‘ini haqida sizning bilishingizni istamaydi. Hukumatga ko‘ra, jinoyatchi biznesmenlar terrorchilar boshchiligida qamoqdan qochishgan va bu amalga harbiy javob berilishi kerak bo‘lgan. Natijada faqat 187 kishi o‘lgan va ularning bari qurollangan isyonkorlar edi".

Gazeta shuningdek, Andijon qirg‘inidan keyin O‘zbekiston hukumati jurnalistlar, inson huquqlari faollarini quvib solganini yozadi.

"Andijon qirg‘ini O‘zbekiston uchun davlatning ishi edi va hukumat mavqeisidan boshqacha qarash, fikrlash va yo tanqid uchun jazo qamoqxona yoki hijrat edi".

Ammo New York Times ga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati uchun bir muammo bor edi. Bu Internet edi.

Aksariyat jurnalistlar, faollar mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Ular Ovro‘po va Amerikada internet bilan "qurollangandilar".

Hijratdagi faollar endi kurashni internetga ko‘chirdilar, Andijon qirg‘ini haqida ochiq yozishar va fikr almashishardi.

Guvohlar ko‘rganlarini hikoya qilishdi, suratlar tarqatishdi, shoirlar Andijon qirg‘iniga bag‘ishlab she‘r yozdilar.

Boburning "Andijonim qoldi mening" degan satri uchqur iboraga aylandi, deb yozadi maqola muallifi Sara Kendzior.

Oradan o‘n yil o‘tdi.

Andijondan nima qoldi, deb so‘raydi jurnalist.

Image caption FP nashri Andijon qirg‘ini haqida

"Hech narsa o‘zgarmadi. Prezident Karimov yana qayta saylandi. 2007 va 2015 yilda kechgan saylovlar xalqaro kuzatuvchilar tomonidan adolatsiz deb tamg‘alandi. Andijon voqealariga doir xalqaro tekshiruv o‘tkazishga doir chaqiriqlar yana rad etildi. Rejim muxoliflari ichkarida ham, tashqarida ham tazyiqu ta‘qib ostida...2007 yilda jurnalist Alisher Soipov Qirg‘izistonda o‘ldirib ketildi. 2012 yilda Obidxon qori Nazarovning joniga Shvetsiyada qasd qilindi".

Foreign policy nashri ham O‘zbekistonni Andijon qirg‘ini yuzasidan ayovsiz tanqid qiladi.

"O‘zbekistonning halokatli o‘n yili" deb nomlangan maqolada bundan o‘n yil avval Andijon qirg‘ini dunyoni larzaga solgan bo‘lsa ham, prezident Karimov hamon qudratda qolayotgani va shafqatsizlik bobida o‘zgarmaganini urg‘ulaydi.

Ammo nashrga ko‘ra, Andijon qirg‘ini dunyo rahbarlari sharmandalarcha unutgan va yo ko‘z yumgan boshqa fojealar ro‘yxatidan joy oldi.

Andijon qirg‘ini yuzasidan adolat qaror topganining sabablaridan biri ham ana shu – dunyoning befarqligi.

23 tadbirkor ustidan nohaq hukm o‘qilar ekan, nashrga ko‘ra, ularning tarafdorlari qamoqxonaga hujum qilishadi.

Ertasiga esa Bobur maydoniga minglab norozi andijonliklar yig‘ilishadi.

Ish talab qilinadi, poraxo‘rlik va hukumat bedodligidan arz etiladi.

Aksariyat prezident Karimovni kutadi.

Ammo harbiylar asosan tinch namoyishchilarga qarshi o‘t ochadi.

Nashr xunrezlik tafsilotlariga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston hukumati Andijon qirg‘inidan keyin "suvdan quruq chiqishiga" sabab manfaatlarning qadriyatlardan ustun kelishi deb yozadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq