Nato Afg‘onistonni bu yaqin o‘rtada tark etmoqchi emas

Image copyright nato

Nato Bosh kotibining bu haqdagi bayonoti qo‘shni Afg‘onistonda Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotini ustma-ust qonli hujumlar bilan boshlagan, "Islomiy Davlat" guruhi jangarilari ilk bor ular bilan bir safda jang qilayotgani ma‘lum bo‘lgan bir manzarada yangradi.

Jens Stoltenbergning Natoga a‘zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Turkiyada bo‘lib o‘tgan oliymaqom yig‘ini chog‘ida bayon qilishicha, Afg‘onistonni 2016 yildan keyin ham tark etish niyatlari yo‘q.

Nato Bosh kotibiga ko‘ra, bu bilan yirik bir qaror berishgan. Bundayin qarorga kelishlariga esa, Afg‘onistonning "haliyam xavfli bir hudud sifatida qolayotgani" sabab bo‘lgan.

2014 yilgi safarbarlik ortidan, katta sondagi xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonni tark etib bo‘lishgan, o‘tgan yil oxirida rasmiy Kobul va Vashington o‘rtasida imzolangan muhim xavfsizlik bitimi doirasida 10 mingdan ortiq chet el askari va ular qator harbiy bazalarining kelasi yil yakuniga qadar afg‘on tuprog‘ida qolishlariga izn berilgandi.

Qolayotgan xorijiy harbiylar aksariyatining amerikaliklardan iborat bo‘lishi, yangi missiyaga aynan Nato boshchilik qilishi va ularning asosan afg‘on xavfsizlik kuchlarini harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari bilan band bo‘lishlari aytilgandi. Afg‘oniston Qurolli kuchlari og‘ir ahvolda qolgan bir sharoitda, ularga madadga kelishlari ham ko‘zda tutilgandi.

Afg‘onistondagi vaziyat izdan chiqib borarkan, ularga AQSh Prezidenti Barak Obama tomonidan o‘zlariga bevosita tahdid tug‘ilgan paytda jangarilarga qarshi hujum qilish vakolati ham berilgan.

Image copyright Reuters

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondan butkul chiqib ketishi Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va dunyoning ikkita qudratidan bittasi bo‘lgan Xitoyning ham jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lib keladi.

Hali "Islomiy Davlat"ning qadami mintaqaga yetmay turib, ular bu haqda oshkora bayonotlar bilan chiqishgan, Afg‘onistondagi vaziyat Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan yaxshigina tashvish bildirishgandi.

Katta sondagi xorijiy askarlar Afg‘onistonni tark etib bo‘lgan o‘tgan bir necha oyning o‘zida esa, "Islomiy Davlat" Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solgan, Afg‘onistonning janubidan tortib, shimoliga qadar "sizib kirish"ga muvaffaq bo‘lgan.

Shu kunlarda o‘ziga yangi jangarilar yollash va ularni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari qolib, allaqachon qarshi hujumga ham o‘tgan.

Yaqinda Jalolobodda qonli hujum uyushtirib, o‘nlab insonlarning umrlariga zomin bo‘lgan. Bu – "Islomiy Davlat" Afg‘onistonda ilk bor mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olib chiqqan hujum bo‘lgandi.

Oradan bor-yo‘g‘i sanoqli haftalar o‘tib esa, o‘nlab "Islomiy Davlat" jangarilarining Afg‘onistonning shundoqqina Markaziy Osiyoning biqinida joylashgan Qunduz viloyatidagi yirik janglarda ishtirok etayotganliklari rasman o‘z tasdig‘ini topgandi.

Image copyright AFP

Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani yaqinda Myunxenda qilgan chiqishida xalqaro hamjamiyatni mamlakatida vujudga kelayotgan vaziyatdan jiddiy ogohlantirgan va ularni o‘zlarini tashlab qo‘ymaslikka da‘vat qilgandi.

Prezident G‘aniga ko‘ra, Afg‘onistondagi voqealar rivojini Suriya, Iroq va Liviyadagisidan ayri ko‘rib bo‘lmaydi.

Afg‘on rahbarining aytishicha, Pokiston Qurolli kuchlarining Shimoliy Vaziristondagi davomiy keng ko‘lamli harbiy amaliyotlari sabab, so‘nggi oylarda Afg‘oniston mintaqadagi global jangari tarmoqlarni tortish markaziga aylangan.

Butun Afg‘onistondan minglab madad kuchlari tashlanganiga qaramay, Qunduzdagi janglarning qariyb ikki haftadirki, hanuz nihoya topmayotgani afg‘on harbiylarining o‘z kuchlari bilan isyonchilarni daf etishlari oson bo‘lmasligiga ham dalolat qilgan.

"Islomiy Davlat"ning faollashishga qanchalik muvaffaq bo‘layotgani manzarasida qator tahlilchilar mintaqada jangari guruhlarning yangi global ittifoqi vujudga kelishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmaydi.

Afg‘onistonlik mas‘ullarga ko‘ra, uch yuz mingdan ortiq xavfsizlik kuchlariga ega ekanliklariga qaramay, hali-hanuz xalqaro ittifoq qo‘shinlarining har tomonlama ko‘maklariga ehtiyojlari bor va ularning yordamisiz mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilish oson bo‘lmaydi.

Nato Bosh kotibining bayon qilishicha, 2016 yildan keyin Afg‘onistondagi missiyalari ko‘proq fuqaroviy ko‘rinish kasb etsa-da, harbiysini ham nazardan soqit etmaydi.

Janob Stoltenbergga ko‘ra, ularning soni hozirgisidan ozroq bo‘ladi, aniq vazifalari esa, kuzga qadar ishlab chiqiladi.

Ammo avvalboshdan xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistondagi hozirliklariga keskin qarshi bo‘lib kelgan Afg‘oniston Tolibon harakati rasmiy Kobul va Vashington o‘rtasidagi imzolangan xavfsizlik bitimiga keskin qarshi chiqqan. Bunga ustma-ust hujumlar bilan javob qaytarishga va‘da qilgandi.

Afg‘onistondagi vaziyatning jiddiy izdan chiqib borayotgani ham, boshqa tomondan, ularning xuddi shu va‘dalari manzarasida kuzatilmoqda.

Yangi milliy birdamlik hukumatining bir necha oylik urinishlari ortidan, yaqinda toliblar bilan Qatarda uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan ilk ochiq muloqotlari ham aynan amerikaliklarning hozirliklari yuzasidan kelishmovchiliklar sabab, chippakka chiqqandi.

Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umar, yillarki, afg‘on tuprog‘ida biror bir xorijiy askar qolar ekan, o‘zlarining tinchlik muzokaralariga bormasligini aytib keladi.

Qo‘shni Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati esa, afg‘on tuprog‘ida jang olib borib kelayotgan barcha qurolli guruhlarga nisbatan birlamchi siyosatlari sulhu madora bo‘lishini bayon qilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq