OXHT: Andijon yuzasidan haqiqat qaror topishi shart

Image copyright none
Image caption OXHTning Demokratik institutlar va Inson haqlari bo‘yicha idorasi xodimi Andijondagi 2005 yil 13 may hodisalari ortidan Qirg‘izistonga qochib o‘tgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashmoqda

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Andijonda hukumat kuchlari namoyishchilarni o‘qqa tutishining 10 yillik sanasi munosabati bilan yana bir marta voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

"Bu kun nafaqat hayotini boy berganlar va yo ularning hamon adolat qaror topishini kutayotgan yaqinlarini yodga olishimiz shart, eng muhimi Andijonda 13 mayda yuz bergan hodisalar yuzasidan mustaqil va ishonchli xalqaro tekshiruvlar o‘tkazish borasidagi chaqiriqlarimizni yangilashimiz kerak", deb aytgan OXHTning Demokratik institutlar va Inson haqlari bo‘yicha idorasi direktori Maykl Jorj Link.

Mazkur idora xodimlari voqealar ortidan Andijonga qo‘yilmagan esa-da, Qirg‘izistonga qochib o‘tgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlar asosida dastlabki hisobotni chop qilgandi.

Yuz bergan hodisa yuzasidan ilk tafsilotlarni jamlagan hisobotda 13 may kuni o‘ldirilganlar soni 300-500 atrofida deyilgan.

O‘sha paytdagi tadqiqotlar jarayonida O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari Andijon shahri Bobur maydonidagi qurolsiz namoyishchilarni yoppasiga nishonga olgan deya xulosa qilingan. Ayni paytda mahkamasiz qatllar Bobur maydonida kechgan namoyishlar jarayonida ham, undan keyin amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

"Hisobotimizda xavfsizlik kuchlari inson haqlarini o‘ta qo‘pol ravishda buzganlari, jumladan, har bir insonning uzviy haqqi sanalgan - yashash huquqi namoyishchilarga qarshi o‘ldiruvchi kuch ishlatish orqali buzilgan", deydi Maykl Jorj Link.

Uning aytishicha, toki haqiqat aniqlanmas ekan, 10 yil oldingi hodisalar inson haqlariga soya solib turaveradi.

Tashkilot shu o‘rinda Andijondagi hodisalar aslidan qanday kelib chiqqani borasidagi tarixchaga nazar tashlaydi. "Andijondagi voqealar 23 tadbirkorning mahkamasiga norozilik bildirish bilan boshlandi. Keyin 13 may kuni tadbirkorlar saqlangan qamoqxonaga qurolli hujum bilan davom etdi. Bu kattaroq soni olomonni e‘tiborini tortdi. Noroziliklar endi iqtisodiy siyosat va qashshoqlik kabi muammolar bilan kengaydi. Xavfsizlik kuchlari, xabar qilinishicha, maydonda turgan va u yerdan ketishga uringan olomonga qarata kun bo‘yicha bir necha marta ogohlantirishlarsiz yoppasiga o‘t ochishi natijasida o‘lim hollari yuz bergan", deyiladi OXHTning Demokratik institutlar va Inson haqlari bo‘yicha idorasi bayonotida.

O‘zbekiston hukumati hodisada o‘lganlar soni 187 nafar ekanini aytadi. Rasmiy talqinga ko‘ra, ulardan 60 nafari qamoqxonaga hujum qilgan qurollilar tarafidan namoyishchilar, qolganlari hukumat kuchlari tomonidan otilgan qurollilardir.

"Bu raqamlar hodisalar yuzasidan boshqa ko‘plab xabarlarga zid keladi", deyiladi bayonotda.

Jumladan, rasmiy ma‘lumotlar o‘lim hollari anchayin ko‘p ekanini aytayotgan OXHTning Demokratik institutlar va Inson haqlari bo‘yicha idorasining o‘zi va xalqaro inson haqlari tashkilotlari xulosalariga mos tushmaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio