"Qo‘qon bozoriga hijoblilarning kirishi taqiqlanadi"

Image caption Buyog‘i qanaqa bo‘ldi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmdan anglashilishicha, Qo‘qon dehqon bozori ma‘muriyati bozorda ro‘mollarni "ommaviy madaniyat illatlarini targ‘ib qiluvchi shaklda" o‘rab yurishga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.

Biroq O‘zbekiston Musulmonlar diniy idorasi bozor ma‘muriyatining bu kabi talablarni qo‘yishga qonunan haqqi yo‘qligini aytmoqda.

Bozor hududi oldida osilgan ogohlantirishda madaniyat illatlari deya arab, turk, eroncha va pokistoncha o‘rash misol tariqasida keltirilgan.

Unda yozilishicha, bozor hududida diniy kiyimlarda yurish qat‘iy ma‘n etiladi. Ma‘muriyat ushbu taqiqqa asos qilib "Vijdon erkinliklari va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi" qonunning 14 – moddasini keltirgan.

Ushbu moddada O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi deyilgan.

O‘zbekiston musulmonlari ro‘molni nomi keltirilgan davlatlardagi musulmonlar kabi shariatda ko‘rsatilganidek o‘raydi.

BBC surishtiruvlaridan ma‘lum bo‘lishicha, rasmiylar bir necha yildan beri uyma-uy yurib hijob o‘ragan shaklda ko‘chaga chiqmaslik haqida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Xotin -qizlarga ro‘molni bosh qismining orqasiga bog‘lashni va Islomda avrat sanalmish tomoq qismini ochib yurishni targ‘ib qilgan.

"O‘rtog‘im bilan gaplashdim, onam uydan chiqolmay o‘tiribdi, deydi. Hijobda bo‘lganligi uchun bozorda va ko‘chada tazyiqqa uchrayotgan ekan. Turmush o‘rtog‘imning ham bundan ikki yil oldin Qo‘qon bozorida militsiya boshidan ro‘molini kuch ishlatib yechib olgandi", - deydi qo‘qonlik suhbatdoshimiz.

"Ayni kunlarda Qo‘qon bozorida, ko‘chalarida ro‘molni tomoq ostidan o‘ragan ayollar ham yuribdi. O‘zbekistonning boshqa joylarida bunday kampaniyabozlikni uchratmadim. Bu targ‘ibot mahalliy rasmiylardan chiqqan tashabbus, deb taxmin qilaman", - deb yozadi Shukurjon Islomov..

O‘zbekiston musulmonlar diniy idorasi rahbar o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur Farg‘ona vodiysida ro‘mol o‘raganlarga bosim, tazyiq bo‘layotgani haqida eshitganini bildirdi.

"Davlat organlari va o‘zimizga tegishli rahbariyat tomonidan tekshirib beringlar xalq so‘rayapti, to‘g‘ri haqiqatni aytaylik, deb surishtiruv ishlarini o‘tkazyapmiz. Kimdan chiqqan bunaqa ishlar? 14 – moddani sharhlash kerak edi. Davlatning ro‘mol va diniy kiyimga bunaqa siyosati yo‘q ediku", - deydi Abdulaziz Mansur.

Diniy idora rais o‘rinbosarining aniqlik kiritishicha, "Vijdon erkinliklari va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi" qonunning 14 – moddasini keltirilgan taqiq musulmonlarga taaluqli emas.

"Chunki musulmonlarning alohida ibodat libosi yo‘q. Satri avrat deyiladi. Avratlarni yopsa va toza bo‘lsa bo‘ldi. Ibodat qiladigan libosning formasi yo‘q. Agar bunaqa holat rostdan ham bo‘layotgan bo‘lsa, Ichki ishlar xodimlariga qonunning noto‘g‘ri talqin qilinayotganini tushuntiramiz", - deydi Abdulaziz Mansur.

Kuzatuvchilar qonunning noto‘g‘ri talqin qilinayotganiga sabab qilib unga sharh berilmaganini keltirishadi.

Abdulaziz Mansurning ta‘kidlashicha, hijobli ayollarga nisbatan bosim o‘tgan yili ham kuzatilgan. Musulmonlar diniy idorasi bahsli bo‘lgan 14 - moddaga sharh yozib Adliya vazirligiga yuborgan. Lekin vazirlik ushbu murojaatga hanuz javob bermagan.

BBC O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Jamoat, nodavlat, notijorat va diniy tashkilotlar boshqarmasidan bu borada izoh olishga harakat qildi.

Lekin boshqarma boshlig‘i bu borada hech qanday izoh bera olmasligini ma‘lum qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq