Qozog‘iston: Odamlar o‘z pullariga Stalinni "joyiga qaytarishdi"

Image copyright BBC World Service

Hodisa Qozog‘istonning janubiy Eski Iqon qishlog‘ida yuz bergan.

Ketajak sarf-xarajatlarga qishloqning o‘ziga to‘q odamlari turib berishgan.

Qolganlarining "ha"-"hu"si bilan Stalinning o‘tgan yilgi quyunlardan jiddiy ziyon ko‘rgan haykal yana qishloq uzra qad rostlagan.

Oradan shuncha yil o‘tib ham, Eski Iqon qishlog‘ida Stalinning mashhur ekani aytiladi.

Ya‘ni, 30-yillardagi ocharchilik va qatag‘onlar ham qishloq odamlarining Stalinga bo‘lgan mehrlarini so‘ndira olmagan.

Ustiga ustak, Stalinning qishloqda yana oyoqqa qaytgan 60 yillik haykali Qozog‘istonda "omon qolgan" so‘nggisi ekan.

Xabarlarga ko‘ra, hozir butun Qozog‘istonni qidirsangiz ham, Stalinning boshqa odambo‘yi haykaliga hech bir yerda to‘qnash kelmaysiz.

Qozog‘istondagi ayrim internet nashrlarining xabar berishlaricha, orada sho‘raviylar ham, mahalliy qozoq mas‘ullarining o‘zlari ham haykaldan "qutulmoqchi" bo‘lishgan.

Shunday harakatlardan biri 1956 yilda, Nikita Xrushchev boshqaruvi davrida yuz bergan.

Xabarlarga ko‘ra, haykalni asrab qolish uchun aksariyat qishloqliklar bir yoqadan bosh chiqarishgan.

Image copyright BBC World Service

Jumladan, urush faxriysi Bobojon Nishonboyev ham ularning orasida bo‘lgan.

"Biz fashistlarga qarshi, "Vatan uchun", "Stalin uchun", deb kurashganmiz. Ular esa, Stalinning haykalini buzmoqchi bo‘lishgandi". "Faqat o‘ligimiz ustidan bu ishni qilasan, dedik. Qattiq turdik va haykalni asrab qoldik", - deb aytgan Bobojon ota "Otyrar.kz" web sahifasiga bergan suhbatida.

1954 yilda otasi Stalin haykalining poydevorini qo'yishda ishtirok etgan Murat Yo‘ldoshev esa, mustaqillik yillarida o‘zlarining boshlariga ham shunday kun tushganligini aytadi.

Unga ko‘ra, haykalni yomon niyatli odamlardan qo‘rish uchun butunboshli sathni sotib olishlariga to‘g‘ri kelgan.

Ammo ularning shuncha sa‘y-harakatlarini yo‘q yerdan kelgan quyunlar chippakka chiqargan-qo‘ygan.

Murat Yo‘ldoshevning aytishicha, mahalliy mas‘ullar shundan so‘ng Stalinning haykalini ta‘mirlashga jazb ko‘rsatishmagan.

Buni ko‘rib, qishloqliklarning o‘zlari pul yig‘moqchi bo‘lishgan, ijtimoiy muloqot tarmoqlari orqali ko‘mak so‘rashgan.

Tijoratchilar qurilish mahsulotlari va haykaltaroshlarning haqqini to‘lashgan. Mahalliy aholi tagligi uchun turib bergan. Bir oqsoqol esa, yerini darig‘ tutmagan.

Image copyright BBC World Service

Agar, ijtimoiy muloqot tarmoqlarida qoldirilgan izohlariga qaralsa, qishloq aholisining bu kabi jonbozligi hamma tomonidan ham xush qarshilanmagan.

Ammo, shunda ham, Murat Yo‘ldoshevning bu masalaga qarashi anchayin falsafiy.

Mulozimlardan biri davri qachonlardir o‘tib bo‘lganini aytib, nega hanuz Stalin uchun "yonib-kuyib" yurishini so‘rarkan, u kishining javobi umuman kutilmagan bo‘lgan.

Agar, web sahifa keltirgan iqtibosiga tayanilsa, Marat Yo‘ldoshev o‘zini savolga tutgan mulozimga, "Bu haykalning qad rostlashida otamning ham hissasi bo‘lgan. Tursin, uni otib yuborish bizning ishimiz emas. Bir kun biz ham bu dunyodan o‘tamiz. Shunday ekan, qarorni farzandlarimiz berishsin", - deb javob bergan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq