Rohinga musulmonlari inqirozi qayerdan portladi?

Image caption "Osmon olis, yer qattiq..."

Tayland va Malayziya sohillariga yaqin suv hududida qolib ketayotgan birmalik muhojirlar soni minglab ekaniga ishoniladi. Ularning oziq-ovqat va ichimlik suvi zahiralari tugab borayotgani xalqaro xavotirlarni uyg‘otgan.

Indoneziya, Malayziya va Tayland asosan Rohinga musulmonlari tushgan qayiqlarni qabul qilmayotir.

Muhojirlar Birmaga qaytib keta olmasliklarini, u yerda ular fuqaro sanalmasliklari hamda doimiy ta‘qib ostida ekanlarini aytishadi.

Bunga sabab nima?

Image copyright AFP
Image caption Zamonaviy dunyoda bevatan xalq...

"Bunga sabab bitta", deydi Bankokdan Rohinga musulmonlari bo‘yicha ekspert Kris Leva, "Birma g‘arbidagi Raxin shtatidagi musulmonlarga qarshi muxoliflik shu qadar kuchliki, ular mamlakatni tark etishdan bo‘lak tanlov yo‘q degan to‘xtamga kelganlar. Ko‘pincha bu hayotiy zaruratga aylangan".

Ularga qarshi tahqirona munosabat ildizlari Birmaning Britaniyadan mustaqil bo‘lib chiqish davriga borib taqaladi.

Ayniqsa, Raxin shtatidagi bir millionga yaqin Rohinga musulmonlari buddoyilarning juda keskin dushmanona munosabatlari qarshisida qolishgan.

Ushbu musulmonlar o‘zlarini yakkalash siyosati jabrdiydarilari deb ataydilar.

Ularga ko‘ra, siyosiy cheklovlar shundoq ham qashshoqlikda umrguzaronlik qiluvchi jamoa ahvolini yanada abgor qilgan.

Birmada hukumronlik qilib kelgan hukumatlar, jumladan, yaqindagi islohotparvarroq deya ko‘rilayotgan tuzum ham Rohinga musulmonlarini asl yerlik etnik guruh sanamaydi va ular mustamlaka davrida kelib qolgan bengallar ekanini aytishadi.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligiga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida 120, 000dan ortiq Rohinga musulmonlari kemalarda boshqa davlatlarga yo‘l solishgan.

Ko‘plar o‘zlarini qabul qiladigan makon topa olmay, Osiyoning janubi va sharqi bo‘ylab sarsonu sargardon yurishibdi.

Image copyright AFP

Rohinga ozchiliklari o‘zi kim va yo "osmon olis, yer qattiq"mi?

Rohinga Birmadagi tumanning nomi bo‘lib, unda asosan musulmonlar istiqomat qilishadi.

Taxmin qilinishicha, ular musulmon savdogarlarining avlodlari va ayni mintaqada 1,000 yildan ortiqroq vaqtdan beri o‘rnashib qolishgan.

Rohinga musulmonlari Bangladesh, Saudiya Arabistoni va Pokistonda ham yashaydilar.

Birmada ular doimiy ta‘qibga uchraydilar, majburiy mehnatga safarbar qilinadi. Ularda yerga egalik huquqi yo‘q va qattiq haqlari qattiq chegaralangan.

Jamoaning Bangladeshda yashovchi vakillari ham o‘ta qashshoq, hujjatsiz va ishga kirish imkoniyatlaridan mahrum holatda yashaydilar.

Rohingalarga mintaqa davlatlari munosabatlari qanday?

"Ular nihoyatda noxush qarshilanadi. Ovro‘poliklar hech bo‘lmaganda Shimoliy Afrikadan kelayotgan muhojirlarni suvga g‘arq bo‘lishlarini oldini olish uchun sa‘y-harakatlar boshlashdi. Birmaga qo‘shni davlatlar (Tayland, Malayziya, Indoneziya, Bangladesh - tahririyat) esa, Rohinga musulmonlariga biron bir ko‘mak ko‘rsatishni istashmayapti", deydi Kris Leva.

Bu qochqinlarni kim yedirib-ichirishi kerak?

Aksar yordam agentliklari va nohukumat tashkilotlar o‘z suv hududiga kirib qolgan qochqinlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish Tayland, Malayziya va Indoneziyaning qonuniy mas‘uliyat bo‘lmagan taqdirda ham, axloqiy majburiyatidir degan qarashda yakdil.

Bu mamlakatlar qochqinlarga qandaydir yordamlar ko‘rsatishayotgan esa-da, Kris Levaning aytishicha, biron bir hukumat tezkor qidiruv va qutqaruv amaliyotlarini tashkil qilayotgani yo‘q.

Huquqshunoslar ayrim mamlakatlarning bunday xohish-istaklari yo‘qligini ular qabul qilingan qochqinlarni keyin hayoti va yo erkinligi tahdid ostida bo‘lgan davlatga qaytarib jo‘nata olmasliklari sababi bilan izohlashadi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mintaqa hukumatlarini o‘z oldilaridagi majburiyatlarini yoddan chiqarmaslik, dengizda tashlab ketilgan insonlar uchun chegara va bandargohlarini ochib qo‘yishga undadi.

Image copyright none
Image caption Alal-oqibat, muammo yechimi Birma hukumati qo‘lida

Rohingaliklar muammosiga yechim bormi?

"Toki, xalqaro hamjamiyat Birma hukumatiga Rohinga jamoasi hayotini yaxshilash yuzasidan bosim qo‘ymas ekan, bu hal bo‘lmaydi", deydi Kris Leva. "Chunki, alal-oqibat, mazkur muammoga faqat Birma yechim topishi mumkin".

Tanqidchilar esa, bu Osiyo janubi va sharqida joylashgan davlatlarning qat‘iyatsiz harakatlari natijasi ekanini urg‘ulashadi.

Ularga ko‘ra, bu mamlakatlar yillar davomida Rohinga musulmonlarining ahvoliga befarq bo‘lib kelishgan. Natijada hozir kuzatilayotgan chuqur insoniy inqiroz yuzaga keldi.

Ustiga-ustak, tanqidchilarning fikricha, mintaqaviy anjumanlarda, Birmani ranjitib qo‘yishdan qo‘rqib, ushbu mavzuning ochiq muhokamasidan qochiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio