Tojikistonda Rossiya boshchiligida yirik harbiy mashqlar boshlandi

Image copyright Ria Novosti

Unda Rossiyadan tashqari, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zo besh davlat - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va Belarusdan minglab harbiylar ishtirok etishmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, tashkilot Tezkor kuchlarining "Harbmaydon" poligonida bo‘lib o‘tayotgan harbiy-o‘quv mashg‘ulotlariga o‘nlab harbiy bronetexnika va qiruvchi uchoqlar ham safarbar etilgan.

Payshanba kuni boshlangan va yana bir necha kun davom etishi aytilayotgan mashqlarning Tojikistonning Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasiga yaqin mintaqasida bo‘lib o‘tayotgani aytiladi.

Rossiya boshchiligidagi yirik harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgan, toliblar va "Islomiy Davlat" jangarilarining hujumlari kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Isyonchilarning ustma-ust va davomiy hujumlari esa, oxirgi paytlarda Afg‘onistonning, ayniqsa, Tojikiston bilan bevosita chegaradosh Badaxshon va Qunduz viloyatlarini o‘z zabtiga olgan.

Yaqinda Afg‘onistonning aynan Qunduz viloyatida "Islomiy Davlat" jangarilarining toliblar bilan bir safda jang qilishayotgani, hamkorlikda yanada yirik va zamonaviy janglarga hozirlik ko‘rishayotgani ham ma‘lum bo‘lgandi.

Image copyright Getty

O‘zining shundoqqina biqinida so‘nggi oylarda vujudga kelgan bu kabi holat allaqachon Tojikiston hukumatining Afg‘oniston bilan chegarasini mustahkamlashga qaratilgan jiddiy choralarga qo‘l urishiga ham sabab bo‘lib ulgurgan.

Tojikiston o‘tgan bir necha kunning o‘zida Afg‘onistonga bevosita chegaradosh mintaqalarida ikkinchi himoya chizig‘ini yaratgan, u yerga butun mamlakat hududidan katta sondagi madad kuchlarini tashlagan.

Mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, Tojikiston o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan o‘tgan chorak asr vaqt davomida mamlakat bu kabi holatga guvoh bo‘lmagan va tojik hukumatining Afg‘oniston bilan chegarasidagi so‘nggi vaziyatdan jiddiy xavotirda ekaniga ham dalolat qiladi.

Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaralarini mustahkamlashga qaratilgan g‘ayriodatiy chora-tadbirlari manzarasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon yaqindagina qo‘shimcha zaruriyat paydo bo‘lsa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti va o‘z hududlaridagi 201-sonli Rossiya harbiy bo‘linmasidan ham ko‘mak so‘rashlarini bayon qilgandi.

O‘tgan hafta MDHga a‘zo davlatlarning Moskvada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammiti chog‘ida esa, tojik rahbari barcha ishtirokchilarni Afg‘oniston bilan janubiy chegaralarini mustahkamlash uchun shoshilinch choralari ko‘rishga ham da‘vat qilgandi.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Tezkor kuchlarining Rossiya boshchiligidagi yirik harbiy-o‘quv mashqlari esa, Tojikiston prezidentining ayni shu chiqishlari ortidan kuzatilmoqda.

Xavotirlar

Image copyright AP

Tojikiston rahbaridan sal avval Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Afg‘onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalaridagi vaziyatning izdan chiqib borayotganidan jiddiy xavotir bildirgan, afg‘on hukumatini lozim choralar ko‘rishga ham undagandi.

Ammo afg‘on hukumati tomonidan Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi qonli bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan va Tojikiston bilan bevosita chegaradosh Qunduz viloyatiga minglab madad kuchlari tashlanganiga qaramay, u yerdagi vaziyat hanuz o‘nglanmagan.

Afg‘onistonlik mas‘ullarning o‘zlari ham jangarilarni daf etishlari oson bo‘lmayotganini e‘tirof etishgandi.

Afg‘onistonning Tojikistonga shundoqqina qo‘shni yana bir viloyati bo‘lgan Badaxshonda esa, o‘nga yaqin tumanda isyonchilarning faol ekanliklari va afg‘on hukumati mavjud vaziyatga jadallik bilan e‘tibor qaratmasa, viloyat toliblarning qo‘liga o‘tishi mumkinligiga oid xavotirlar ham yo‘q emas.

Ustiga-ustak, Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinida shakllanayotgan bu kabi holat Afg‘onistonni katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari 13 yillik harbiy hozirliklari ortidan ham, afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay tark etgan manzarada kuzatilmoqda.

Ularning ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan bor-yo‘g‘i bir necha oyning o‘zida esa, Afg‘onistonga Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi ham sizib kirishga muvaffaq bo‘lgan. Guruh Afg‘onistonda ham faoliyat olib borishini ko‘zlab, Pokistonda mintaqada o‘zining yangi tarmog‘iga asos solgan.

Ham Markaziy Osiyo davlatlari va ham Rossiya Afg‘onistondagi vaziyatning Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan jiddiy xavotirda.

Image copyright EPA

O‘z o‘rnida, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining ham ogohlantirishicha, agar, xalqaro hamjamiyat mamlakatida vujudga kelayotgan bu kabi vaziyatdan ko‘z yumsa, buning oqibatlari yomon bo‘ladi.

Xalqaro tahlilchilar esa, "Islomiy Davlat" guruhining kirib kelishi manzarasida mintaqada yangi global jangari tarmoqlar paydo bo‘lishi va ular solajak xavf hozirgisidan ham jiddiy bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Joriy paytda dunyodagi eng qudratlisi sanaluvchi "Islomiy Davlat" esa, Yaqin Sharqdan tortib, qator mintaqa davlatlarini ham o‘z ichiga oluvchi hududda global islomiy xalifat qurish orzusida.

Shu yil boshida Tojikistonning o‘zi Afg‘oniston bilan chegarasida yirik harbiy mashqlar uyushtirgan, unga o‘n minglab harbiylarini safarbar qilgandi.

11 may kuni esa, Rossiya Xitoy bilan ham hamkorlikda O‘rta Yer dengizida qo‘shma harbiy-o‘quv mashg‘ulotlarini boshlagan.

Boshqa tomondan, ham Tojikiston va ham O‘rta Yer dengizidagi harbiy mashqlar rasmiy Kremlning Ukraina inqirozi bois Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy putur yetgan, Nato Rossiya chegaralari yaqinida faollashish harakatida bo‘lgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq