Qrim tatarlari rahbari: "Vatanga albatta qaytamiz"

Image copyright AFP
Image caption Qrim hukumati deportatsiya qurbonlarini xotirlash marosimlariga cheklovlar joriy qilgan

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko Rossiyani Qrim tatarlarini repressiya qilishda ayblagan.

Kiyevda Qrim tatarlari deportatsiyasining 71 yilligiga bag‘ishlangan marosimda gapirgan janob Poroshenko "ishg‘ol ostidagi Qrim tatarlari Moskva rejimining terror va ta‘qiblaridan aziyat chekmoqda", deb aytgan.

Poroshenko Ukraina e‘lon qilinmagan urush ichida bo‘lsa ham, barcha fuqarolar qatori Qrim tatarlarining haq-huquqlarini himoya qilish uchun choralar ko‘rayotganini urg‘ulagan.

"Hozirgi qiyin davrda birdamlik muhimdir", deb aytgan Ukraina rahbari.

Qrimning o‘zida hukumat deportatsiyaning navbatdagi sanasini xotirlash marosimlariga cheklov qo‘ygani xabar qilinadi.

Image caption Bu yil deportatsiya qurbonlari butun Ukraina bo‘ylab xotirlanmoqda

O‘tgan yil martida Qrimni annektsiya qilgan Rossiya ko‘p o‘tmay, Qrim tatarlari Majlisining faoliyati hamda rahbarlarining Qrimga kirishini taqiqlab qo‘ygan.

Bu yil deportatsiya qurbonlarini xotirlash marosimlari Ukraina bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Qrim tatarlari 1944 yilda Stalin tuzumi tomonidan nemis fashistlari bilan til biriktirishda ayblanib, Markaziy Osiyoga badarg‘a qilingan edi.

Qrim tatarlari rahbari Mustafo Jamilo‘g‘lining BBCga aytishicha, Qrimning o‘zida faollar hukumat uyushtirgan tadbirlarda qatnashishdan bosh tortishgan.

Mustafo Jamilo‘g‘li: Bilasizmi, Qrimda deportatsiyaning navbatdagi sanasini nishonlashni butunlay taqiqlab qo‘yishdi, ammo shunga qaramay, odamlar ba‘zi yerlarda, qishloq joylarida to‘planishayapti. Hozircha menda Qrim bo‘yicha to‘la axborot yo‘q, kechga tomon aniq bo‘ladi. Qrim hukumati Qrim tatarlari vakillari bilan birgalikda yodgorlik poyiga gulchambar qo‘yishni rejalashgandi, ammo biznikilar ishg‘olchi hukumat uyushtirgan marosimda ishtirok etishdan qat‘iyan bosh tortishdi. O‘zlari ulardan avvalroq borib, yodgorlik poyiga gul qo‘yishdi. Ammo Kiyev va boshqa Ovro‘po shaharlarida bu sana keng nishonlanmoqda. Kiyevda bugun mahalliy vaqt bilan soat 4 da Prezident ishtirokida rasmiy yig‘in bo‘lib o‘tadi, keyin esa Maydonda katta miting o‘tkaziladi. Ukrainaning boshqa shaharlarida ham turli marosimlar, anjumanlar o‘tkazish rejalangan.

BBC: Qrimning o‘zida o‘tgan bir yildan ko‘proq vaqt davomida Qrim tatarlarining ahvoli qanchalik o‘zgargan? Uylarini tashlab chiqayotganlar ko‘pmi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Qancha odam vatanini tark etgani haqida aniq ma‘lumot yo‘q. Ammo kechadan oldin Qrim tatarlarini Ukrainaning boshqa hududlariga yerlashtirish bilan shug‘ullanadigan "Krym-SOS" tashkiloti 35 ming degan raqamni berdi. Shundan 20 mingga yaqini Qrim tatarlaridir. Ular hozirda butun Ukraina bo‘ylab joylashtirilgan.

Image copyright AP
Image caption Rossiya Mustafo Jamilo‘g‘lining Qrimga kirishini taqiqlab qo‘ygan

Ko‘pchiligi g‘arbiy Ukraina viloyatlarida. 3-4 ming Qrim tatarlari Kiyevga kelishgan. Qrimdan uncha uzoq bo‘lmagan Xerson viloyatida ham ko‘p odam bor. Albatta, biz birinchi navbatda ularning Qrimni tashlab chiqishlarini istamagan bo‘lardik, ammo u yerdagi terror muhiti odamlarni ketishga majbur qilayotgani uchun bu jarayonni butkul to‘xtatishning imkoni bo‘lmayapti. Ammo biz ularning Qrimga yaqin mintaqalarda joylashishlarini istar edik. Toki, Qrim ozod bo‘lganidan keyin vatanga qaytish osonroq bo‘lsin.

BBC: Qaytishga umid bormi?

Mustafo Jamilo‘g‘li: Men albatta qaytishimizga ishonaman. Faqat bu vaqt masalasi. Hamma narsa jahon hamjamiyatining munosabatiga bog‘liq. Ukrainaning bir o‘zi, ayniqsa, harbiy yo‘l bilan yaqin orada Qrimni ozod qilishi qiyin masala. Ammo men jahon hamjamiyati bilan birgalikda, birinchi navbatda, sanktsiyalarni kuchaytirish yo‘li bilan Rossiyani xalqaro maydonda o‘zini yaxshiroq tutishga majbur qila olamiz, deb ishonaman. Sanktsiyalar masalasida hozircha hammaning mavqeyi bir xil emas. Ayrim davlatlar qanchalik qimmatga tushsa ham, jahondagi tartibni tiklash tarafdori. Ammo vaziyatdan foydalanib, o‘z mollarini Rossiyaga qimmatroq narxda sotib qolishga urinayotgan davlatlar ham yo‘q emas.

BBC: Qrimning annektsiyasidan so‘ng Qrim tatarlarining vatanga qaytish jarayoni nima bo‘ldi? Biz bilamiz, masalan, O‘zbekistonda hali ham ko‘plab Qrim tatarlari bor va ular vatanlariga qaytishni xohlashadi.

BBC: Bu jarayon to‘xtab qoldi. Qrim hukumati hozir qattiq kvota joriy qilgan. Unga ko‘ra, yiliga faqat 3 yo-da 4 ming odamning kelishiga ruxsat bor. Ular Qrim tatarlari bo‘lishlari shart emas. Ikkinchi tomondan, ishg‘ol ostidagi hududga kelishni istayotgan Qrim tatarlari ham unchalik ko‘p emas. Mening nazarimda, vataniga qaytishni istayotgan Qrim tatarlarining hozircha Qrimga yaqin Xerson viloyatiga kelib, vaqtincha o‘rnashishlari maqsadga muvofiq. Qrim ozod qilinganidan keyin ularning vatanga qaytishlari osonroq bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq