Qozog‘iston modeli O‘zbekistonda ishlaydimi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekistondagi valyutaning qora bozorida AQSh dollari kursining keskin ko‘tarilishi kuzatilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlari Toshkentning ayrim bozorlarida 1 dollar qariyb 5 ming o‘zbek so‘miga sotilgan.

Bu Markaziy Bank belgilagan rasmiy kursdan qariyb ikki barobar ko‘p, demakdir.

Hozirgacha dollarning rasmiy va qora bozor kurslari o‘rtasidagi farq o‘rtacha bir yarim barobarni tashkil etib kelgan.

So‘mning oxirgi qadrsizlanishi Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ekspertlarining O‘zbekiston hukumati xorijiy valyutaga cheklovlarni yumshatishiga ishora qilgani haqidagi bayonotlari manzarasida yuz bermoqda.

Jamg‘arma o‘zbek hukumatini xususiy sektordagi islohotlarni ham jadallashtirishga chaqirgan.

Fuqarolarga ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish Prezident Karimov saylovoldi chiqishlarida eng ko‘p urg‘ulagan jihatlardan bo‘lgan.

Ammo siyosiy erkinliklar cheklangan muhitda iqtisod to‘laqonli rivojlana oladimi?

Qozog‘istonlik iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda ham Prezident Nazarboyevning avtoritar boshqaruvi hukmron, ammo O‘zbekistondagidan farqli o‘laroq, iqtisodiyot bozor qonunlari asosida boshqariladi.

"Qozog‘iston 1990-yillardan boshlab, bank tizimi, erkin valyuta va iqtisodni boshqarishning g‘arbdagi boshqa liberal usullarini joriy qilgani uchun yuqori iqtisodiy sur‘atlarda rivojlanishga erishdi. Qozoq tangasi mintaqadagi eng qurbli valyutaga aylandi, - deydi tahlilchi.

Unga ko‘ra, Qozog‘istonda biznes, kasaba uyushmalari o‘z manfaatlarini himoya qila oladi.

Saparboy Jubayev Qozog‘istondagi iqtisodiy erkinliklar alal-oqibat ko‘proq siyosiy erkinliklarga olib keladi, deb ishonadi.

"Qozog‘iston minglab talabalarni xorijga, Ovro‘po va AQShga tahsil olish uchun yubordi. Hozir bu talabalar vazirliklar va yirik korporatsiyalarda rahbar lavozimlarda ishlashmoqda. Ular hukumat yig‘inlarida muammolar haqida baralla gapirishadi. Ya‘ni asta sekin siyosiy sohada ham o‘zgarishlarni kutishimiz mumkin", - deydi qozog‘istonlik tahlilchi.

Uning ishonishicha, O‘zbekiston ham Qozog‘iston yo‘lidan borishi va siyosiy tizimni to‘la liberallashtirmasdan turib ham, iqtisodiy islohotlarni amalga toshirishi mumkin.

AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshevga ko‘ra, Qozog‘iston haqiqatan ham mintaqadagi davlatlar uchun iqtisodiy rivojlanishning munosib o‘rnagi bo‘la oladi.

"Ha, Qozog‘istonda ham yakkahokimlik O‘zbekistondagi singari, lekin Nazarboyev iqtisod erkin ishlashi uchun, xalq o‘z yukini o‘zi ko‘tarishi uchun sharoit yaratib bergan", - deydi siyosiy tahlilchi.

U O‘zbekiston hukumati Qozog‘istondagi kabi jiddiy iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishiga ishonmaydi.

"O‘zbekistonda amaldagi ma‘muriy tizim tadbirkorlikni, iqtisodni liberallashtirishga mutlaq moslangan emas. Bu jihatdan Karimov Nazarboyevdan mutlaq farq qiladi. Karimovning chet ellik maslahatchilari yo‘q. Chet elda o‘qigan yoshlar o‘sha yerlarda qolib ketayapti. Hukumat ularning birontasini keling, siz bizga keraksiz, deb chaqirayotganini men eshitmadim. Malakali kadrlar mamlakatni tark etyapti. Shunday ekan, Qozog‘iston rivojlanaveradi, O‘zbekiston esa yo‘q", - deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio