Ukraina: ikki Rossiya askarini qo‘lga oldik

Image copyright AP
Image caption Ukrainaga ko‘ra, suratdagi isyonchilarni Rossiyaning muntazam armiyasi harbiy dastaklamoqda

Ukraina rasmiylari xabar qilishicha, o‘zini Lugansk xalq respublikasi deb e‘lon qilgan rossiyaparast bo‘lginchilar hududida Rossiya maxsus qo‘shinlari safida harbiy xizmatni o‘tayotgan ikki askarni hibs qilganlar.

Ukraina harbiylariga ko‘ra, 16 may kuni Lugansk viloyatining Ukraina harbiylari nazoratidagi Schaste shaharchasi hududida ikki Rossiya harbiysi yaralangan va qo‘lga olingan.

Yarador askarlardan biri videosi namoyish etilgan.

Videoda askar savol-javobga tutilgan.

O‘zini Aleksandr Aleksandrov deb tanishtirgan askar Rossiyaning Tolyatti shahridagi Rossiya harbiy qo‘shinlari Markaziy Istihborot boshqarmasi bosh shtabida xizmat qilganini aytgan.

Askar aytishicha, ular 14 kishidan iborat guruh bo‘lib Ukraina harbiylari haqidagi josuslik ma‘lumotlarini yig‘ish maqsadida Ukraina armiyasi nazoratidagi hududga o‘tganlar.

U safdoshlari va bevosita rahbarining nomini e‘lon qilgan.

Videoning haqiqiyligini mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Rossiyaparast Lugansk rahbarlariga ko‘ra, qo‘lga olingan harbiylar Lugansk militsiyasida xizmat qilganlar.

Rossiya harbiylari ushbu hodisa borasida sharh bermagan.

Ukraina va G‘arb Rossiyani Lugansk va Donetsk viloyatlariga o‘zining muntazam qo‘shinlarini yuborayotganlikda, bo‘lginchilarni qurol-yarog‘ bilan ta‘minlayotganlikda ayblab keladi.

Rossiya Ukraina hududiga o‘z harbiylarini yuborganini rad etib keladi.

Prezident Vladimir Putin so‘zlariga ko‘ra, Ukraina sharqida qo‘liga qurol olib urushga kirishganlar o‘z ixtiyori bilan borgan ko‘ngillilardir.

Ukraina sharqidagi bir yillik urush davomida Rossiya qo‘shinlari hozirligi haqida ko‘plab isbot-dalil to‘plandi.

Bunga misol qilib ko‘plab fotosuratlarni, yakson qilingan harbiy texnikalarni, asirga tushganlarning ko‘rsatmalarini, Ukraina hududida halok bo‘lgan Rossiya harbiylarining dafn marosimlarini keltirish mumkin.

12 may kuni taniqli rossiyalik muxolif siyosatchi marhum Boris Nemtsovning safdoshlari "Putin. Urush" deb nomlangan hisobotni e‘lon qildilar.

Shu yil fevral oyi oxirida Kreml yaqinida otib o‘ldirilgan Boris Nemtsovning Rossiya armiyasining Ukrainadagi ishtiroki haqida hisobot tayyorlayotgani xabar qilingan edi.

E‘lon qilingan hisobotga ko‘ra, o‘tgan yili avgusti va joriy yil boshida kamida 220 Rossiya askari halok bo‘lgan.

Ukraina sharqidagi urush oqibatida 6000 dan ortiq inson halok bo‘ldi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq