O‘zbekistonda yana "Islomiy davlat" bayrog‘i paydo bo‘ldimi?

Image caption Bunga o‘xshash bayroq o‘tgan yilning avgustida poytaxt Toshkent ko‘chalaridan birida ham paydo bo‘lgan

Yangiyo‘ldagi maktablardan birida Suriya va Iroqda faoliyat qilayotgan "Islomiy Davlat" guruhinikiga o‘xshash bayroq osib ketilgan.

Regnum xabar agentligining xabar qilishicha, hodisa ortidan maktab bir necha kunga yopib qo‘yilgan va hozir qayta ochilgan.

O‘zbekistonda "Islomiy Davlat" jangari guruhi bilan bog‘liq hodisa ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Bir necha kun oldin Buxoroda ayni guruhga tegishli bayroq osib ketilgani haqida xabarlar kelgan.

Joriy oy boshlarida Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Hisorak qishlog‘ida IShID ramzlari bor diniy mazmundagi varaqalar topilishi ortidan keng ko‘lamli tekshiruv ishlari olib borilgan.

Parkentdagi amaliyotga yuzlab militsiya, maxsus kuchlar va harbiy texnika jalb etilgani ham aytilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida esa, Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi ko‘prikka "Islomiy Davlat"nikiga o‘xshash bayroq osib ketilgani va ko‘plab odamlar so‘roq qilingani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Toshkentdan jurnalist va huquq faoli Abdurahmon Tashanov bu ishlarni IShID nomi bilan ma‘lum radikal guruh xayrixohlari amalga oshirayotgan bo‘lishi mumkinligiga ishonadi.

"Men haqiqatda shunday deb o‘ylayman. Haqiqatda shu xom xayolda yurgan, xalqaro koalitsiya kuchlari kurashayotganiga qaramasdan, hamkorlik orzusida yurgan odamlar O‘zbekistonda haqiqatdan bor. Har holda yashirin, chunki bu qonun bilan taqiqlangan. Biz o‘z xizmat faoliyatimiz davrida, huquq himoyachiligi bo‘ladimi, jurnalistlik bo‘ladimi, bunday odamlarga duch kelganmiz", deydi jurnalist.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, bunday qarashdagi odamlarning mavjudligini esa, mamlakatdagi diniy haqlar cheklangani, ijtimoiy-iqtisodiy tanglik, bundan tashqari, Islom haqida yetarli bilimga ega bo‘lmaslik holatlari bilan bog‘lash mumkin.

"O‘zbekiston hukumati terrorizm, ekstremizmga qarshi kurashar ekan, diniy erkinliklarni toptayotgani bor gap, lekin mamlakatda diniy terrorizmning o‘ziga yarasha ildizlari bor va ilgaridan bo‘lgan. Bu ildizlarni keltirib chiqaruvchi omillar ham bor. Bu ijtimoiy tanglik, odamlarning erki bo‘g‘ilishi bilan bog‘lanadi... O‘zbekistonda diniy ta‘lim cheklangan, odamlar Islom yoki dinning mohiyatini uncha yaxshi tushunmaydi. Shuning uchun, ichidan qandaydir guruhlar paydo bo‘ladi... Mamlakat katta uning har bitta teshigini, har bitta eshigini, sarhadini himoya qilib qolish qiyin. Shuning uchun, chetdan yoki ichimizdan bayroq tikishlar, o‘zini namoyishkorona ko‘rsatish hodisalar bor", deydi jurnalist.

Avvalroq, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati "Islomiy Davlat" jangarilari Afg‘onistonning Turmaniston bilan chegara hududlarida yashiringani va O‘zbekiston bilan chegarada o‘z faoliyatlarini kuchaytirayotgani haqida ma‘lum qildi.

O‘z o‘rnida Toshkentdagi ko‘prikka IShID (Iroq va Shom Islomiy Davlati) bayrog‘i bilan bir xil bayroqning osib ketilishi ortidan esa, bunday ishlar MXXning o‘zini ishi degan fikrlar ham paydo bo‘lgandi. Ayrim kuzatuvchilar buni O‘zbekistonga hali ham ekstremizm xavfi mavjud ekanini ko‘rsatish maqsadida qilingan amal sifatida izohlashgan.

Ammo, Abdurahmon Tashanov bunday xulosalar xolis axborotning yo‘qligi ortidan kelib chiqishini aytadi.

"Endi bizning qo‘limizda informatsiya umuman yo‘qligi uchun har xil taxminlarga suyanish mumkin. O‘zbekiston hukumatining o‘zi bunday ishlarni amalga oshirmoqda degan gaplar ham ana shunday fantaziyalar mahsuli degan bo‘lardim. Lekin, siyosiy aql bilan qaraydigan bo‘lsak, hozir O‘zbekistonda bunday kampaniya olib borishga hech qanday hojat yo‘q. Nafaqat hojat yo‘q, balki bunaqa amallar ularga hech qanday foyda keltirmaydi... Masalan, 1999 yilgi portlashlari hukumat insinerovkasi bo‘ldi, boshqa degan gaplar bo‘ldi. Andijon voqealarida haqida shunaqangi narsalar bo‘lgani aytildi. Endi bu hodisalar ko‘p qirrali... Men so‘nggi hodisalarni ko‘p qirrali deb atamagan bo‘lardim. Chunki, agar shunday bo‘lganda, buning tashviqotidan hukumat o‘ziga yarasha foydalangan bo‘lardi. Men O‘zbekiston ichkarisida turib, bu hodisalarning aniq tafsilotlaridan xabarim yo‘q. Buni MXX uyushtirganida, targ‘ibot vasitalaridan, televideniye, gazetalardan foydalanardi. Hozirgacha nafaqat foydalanish, bu voqeani yashirishning payida bo‘ldi", deydi u.

Jurnalistga ko‘ra, O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalarida Suriya va Iroqdagi vaziyat o‘ta cheklangani bois oddiy odamlarning ham "Islomiy Davlat" atrofida kechayotgan hodisalar borasida tasavvurlari haminqadar deyish mumkin.

Ammo, ilgariroq, O‘zbekiston ommaviy-axborot vositalari "Islomiy davlat"ga qarshi targ‘ibot boshlashgani haqida gapirilgan.

Bu kampaniyaga diniy ulamolar, jurnalistlar va qo‘shiqchilar ham qo‘shilishgan.

Targ‘ibotchilar yoshlarni "Islomiy davlat" jangari guruhi saflariga qo‘shilmaslikka da‘vat qilishgan.

Ayrim shaharlarda militsiya xodimlari ro‘molli ayollarning jamoat joylarida paydo bo‘lishiga qarshilik qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Prezident Karimov o‘tgan yil yozida ilk bor "Islomiy davlat" xavfidan ogohlantirgan edi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq