Sun‘iy yo‘ldosh antennalaridan kim va nima uchun xavotirda?

Xabarlarga ko‘ra, turkmanistonlik mas‘ullar odamlarning shaxsiy sun‘iy yo‘ldosh antennalarini yo‘q qilishga qaratilgan amaliyotlarini kengaytirishgan.

"Human Rights Watch" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkiloti esa, mazkur vaziyatdan xavotirda.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, hozirga kelib, Turkmanistonda, hatto, odamlarning ko‘zidan panada bo‘lgan sun‘iy yo‘ldosh antennalari ham mas‘ullar tomonidan yig‘ishtirib olinmoqda.

Shu yilning mart oyida poytaxt Ashxobodning markaziy ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholining boshiga xuddi shunday kun tushgan, ular uylarining tomlaridan o‘z sun‘iy yo‘ldosh antennalarini olib tashlashga majbur qilingandi.

Bu buyruqning sababi mas‘ullar tomonidan shahar qiyofasini yaxshilash maqsadi bilan izohlangandi.

"Human Rights Watch"ga ko‘ra, turkmanistonlik mas‘ullarning shahar tashqarisida ham xuddi shu kabi chora-tadbirlarga qo‘l urishayotgani boshqacha xulosalarga yetaklaydi.

Xalqaro tashkilot nazdida, bu – odamlarning mustaqil axborot manbasiga bo‘lgan imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan urinishga o‘xshaydi.

Turkmanistonlik mas‘ullarning bu yo‘lda olib borayotgan izchil sa‘y-harakatlari esa, odamlarning so‘z erkinligi va ma‘lumot olish huquqlarining poymol etilishini anglatadi, deydi "Human Rights Watch".

Xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotiga ko‘ra, "bu kabi ma‘nisiz amaliyotga zudlik bilan chek qo‘yilishi lozim".

Ularning bu xususdagi bayonoti tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, mahalliy huquq-tartibot xodimlari xuddi shu maqsadda Annau, Obodon, Go‘ktepa, poytaxt Ashxobod sarhadlari va Turkmanistonning janubiy Mari shaharlarida bo‘lishgan.

Image copyright BBC World Service

Ayrim hollarda militsiya hamrohligida bo‘lgan mahalliy mas‘ullar esa, aholiga davlat televizion kanallaridan foydalanishni "tavsiya" qilishgan.

Sun‘iy yo‘ldosh antennalari baribir olib tashlanishi bilan ogohlantirishgan.

Bu ishni o‘z ixtiyorlari bilan qilishlari uchun ularga bir oy muhlat berishgan.

Aks-holda 400-500 manat miqdorida jarima tortilishlari bilan po‘pisa qilishgan.

Berilgan muhlat yakuniga yetishi ortidan, "omon qolgan" sun‘iy yo‘ldosh antennalarini vayron qilishga tushishgan.

Xalqaro tashkilotning ma‘lumotlariga ko‘ra, shu yilning 15 may kuni poytaxt Ashxoboddagi turar-joy binolaridan birining yashovchilari bir guruh noma‘lum shaxslarga guvoh bo‘lishgan.

Ular hech kimga o‘zlarini tanishtirmasdan, kran yordamida uylarning tomidan odamlarning sun‘iy yo‘ldosh antennalarini olib tashlashga harakat qilishgan.

O‘z niyatlari haqida mahalliy aholini oldindan ogohlantirishmagan.

Yashovchilardan ayrimlari esa, yuz bergan voqeadan, hatto, butkul bexabar qolishgan.

Faqat signal yo‘qolgach, tekshirish uchun uylarining tomiga chiqqach, o‘z sun‘iy yo‘ldosh antennalarining olib tashlanganidan xabar topishgan, xolos.

"Sun‘iy yo‘ldosh antennalari Turkmaniston xalqining tashqi dunyodan ihotalanib qolishining oldini olish uchun muhim vosita. Shu bois ham, Turkmanistonning eng yaqin xalqaro hamkorlari so‘z va ma‘lumot olish erkinligiga qarshi bu kabi hujumlar yuzasidan o‘zlarining jiddiy xavotirlarini izhor etishlari lozim", - deydi "Human Rights Watch".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq