O‘zbekistondan ish topolmagan muhojirlar yana Rossiyaga qaytmoqda

Image copyright none

Ayni paytda Rossiyada bir vaqtning o‘zida ikki o‘zgarish: muhojirlarning qaytib kelayotgani va mamlakatda ishsizlar soni ortgani ko‘zga tashlanmoqda.

Rossiya Federal Migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, may oyida o‘zbekistonliklarning soni 2126366 nafarga yetib, MDH davlatlari orasida muhojirlar soni ko‘pligi bo‘yicha yetakchiligini davom ettirayapti.

Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligining e‘lon qilishicha, davlatda ishsizlar soni 1013649 nafarni tashkil etib, bandlik xizmati tashkilotlariga murojaat qiluvchilar soni 0,7 foiz oshgan.

- Bu raqamlar orasida o‘zaro bog‘liqlik yo‘q, - deydi mustaqil ekspert Ra‘no Hamroyeva. – Rossiyalik ishsizlar davlat tomonidan nafaqa olib turish uchun ham bu tashkilotda ro‘yxatdan o‘tishadi. Garchi rossiyaliklar mehnat muhojirlari qo‘limizdan ishimizni tortib olishayapti, deb jar solishsa-da, o‘zbek yoki tojiklar kelib bajaradigan og‘ir ishlarni qilishni istashmaydi.

Ammo hukumat bunday fikrda emas. Rossiyada ishsizlar soni ortsa, bu darhol mehnat muhojirlarining ko‘pligi bilan izohlanadi va yana ularga nisbatan keskin choralar ko‘rishga kirishiladi.

"Rossiyada ish o‘rinlarining salmoqli qismini chet elliklar egallagan" deya hisoblovchi hukumat ayni paytda yana mehnat muhojirlari uchun kvotalar sonini qisqartirishni rejalashtirmoqda.

- Agar ishsiz rossiyalik fuqarolar soni ko‘payayotganini ko‘rsak, patentlar to‘lovini oshirish bilan migrantlar sektorini siqishga harakat qilamiz, - deb aytgan Moskva shahar meri Sergey Sobyanin.

Ayni paytda mehnat muhojirlari ishlashga ruxsat beruvchi hujjat - patent uchun oyiga 4000 rubl to‘lamoqdalar, bu o‘tgan yilgi har oylik to‘lovdan 6,5 barobar ko‘p. Moskva hokimining fikricha, mehnat muhojirlaridan keladigan pullar shaharni obod qilishga ham yetadi.

- Muhojirlardan keladigan daromad nafaqat ular foydalanayotgan ijtimoiy qatlamni mustahkamlaydi, balki shahar rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi, - dedi Sobyanin.

Shunga qaramay, mehnat muhojirlarini migratsiya qonunlariga amal qilmaslikda ayblab mamlakatdan chiqarib yuborish hollari ortgan.

- Patent to‘lovini o‘z vaqti - oyning 9-sanasida to‘lardim, - deydi muhojir R. – bu oy ham shu kuni to‘lasam, shu kungacha to‘lashing kerak edi, deb mamlakatdan chiqarib yuborishdi.

- O‘tgan yili Moskva sudi 35 mingdan ziyod chet ellikka surgun qarorini chiqardi, - deya 5 may kuni bayonot berdi Sobyanin prezident Putinga. – Bugungi kunda 1 mln 350 ming chet ellik qonunbuzarning mamlakatimizga kirishi taqiqlangan

"Haydalmaganlar" esa ortga qaytishga majbur bo‘lishayapti. O‘tgan yilning dekabridan boshlab soni kamayib borgan mehnat muhojirlari yana Rossiyaga kelib xujjat-ish tashvishlarini boshdan kechirmoqdalar...

- Oktyabrda uyga "endi kelmayman" deb ketgandim, - deydi 26 yoshli Elyorbek. - Borib dadamga qarashib yurdim. Kichikroq oshxonamiz bor, kabob pishirdim. Lekin savdo har doim ham yaxshi emas, tirikchilikka yetadi, xolos. 2-3 oydan keyin qaytishni o‘yladimu yangi qonunlar, pul o‘zgarishi to‘xtatib turdi. Oxiri, bo‘lmadi. Qaytib keldim.

Elyorning aytishicha, o‘zining to‘yi uchun pul yig‘ishi kerak. Moskvada u oladigan ish haqi ko‘p bo‘lmasa-da, shu pulni O‘zbekistonda ishlab topishiga ko‘zi yetmaydi. Boshqa bir muhojirlar esa ish topa olmaganidan qaytishga majbur bo‘lishganini bildirishdi.

- Yangi yildan keyin hujjatlar qimmatlashib ketgani uchun ketgandim, - deydi Nasima. - O‘zimiz tomondan ish topa olmadim. O‘zim oliy ma‘lumotliman, o‘z sohamda jon deb ishlardim, lekin oyligi juda kam. Bolalarimni oyoqqa turg‘azish u yoqda tursin, tuzukroq yeb-ichishga yetmaydi. Bozorlardan ish izlab ko‘rdim, xaridordan sotuvchi ko‘p. Ish izlamagan joyim qolmadi...

Mustaqil ekspert Ra‘no Hamroyevaning fikricha, davlatlar orasida mehnat muhojirligi borasida tegishli kelishuvlarga erishilmas ekan, bu muammolarning yechimini topib bo‘lmaydi.

- Ikki milliondan ziyod xalqi Rossiyadaligini bilgan O‘zbek hukumati ularning himoyasi uchun biror ijobiy chora-tadbir qo‘llamasa, o‘zbekistonliklar eng huquqsiz va himoyasizligicha qolaveradi. Mehnat muhojirlari bir jihatdan O‘zbekistonda ishsizlik muammosini kamaytirib turibdi. Buning ustiga yiliga yurtiga 4-5 milliard dollarlab foyda keltirayapti. Bularni ko‘rib-bila turib, e‘tibordan chetda qoldirish – o‘z xalqidan tonish bilan teng.

Hozircha esa, Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar boshi yo‘q tuynukdalar. Bu ahvol hali-veri o‘nglanadigan emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq