Poroshenko: biz Rossiya bilan urushayapmiz

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko BBC bilan suhbatda mamlakati Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush holatida ekanligini aytdi.

Rossiya shu vaqtgacha Ukraina sharqidagi mojaroga aloqasi borligini qat‘iyan rad etib keladi.

Prezident Poroshenko suhbat mobaynida kuni kecha yana ikki Rossiya askari Ukraina hududa ushlanganligini aytdi.

Rossiya mudofa vazirligi esa Lugansk viloyatida ushlangan bu ikki askar qo‘lga olingan vaqti Rossiya qurolli kuchlari saflarida bo‘lmaganliklarini bildirgan.

Janob Poroshenko esa askarlarning ushlangani, Rossiya aralashuvining yana bir dalili, deb aytdi.

Pyotr Poroshenko: Keling ochiqchasiga aytaylik. Biz Rossiya dastaklayotgan bo‘lginchilar bilan kurashmayapmiz. Bu Rossiya bilan haqiqiy urush. Biz ikki Rossiya askarini qo‘lga oldik. Bir necha hafta va oylar avval esa dastlab 20 va keyinchalik 60 nafar Rossiya maxsus kuchlari askarini qo‘lga olgandik. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushning navbatdagi dalili. Kechagi ro‘znomalardan birida "Rossiya askari" iborasini qo‘shtirnoq ichida yozayotganliklariga guvoh bo‘ldim. Lekin ular bu yerga urishish uchun kelgan maxsus kuchlarning haqiqiy zobitlari. Kiyevga kelib o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishingiz mumkin. Qo‘shtirnoq ichiga olishning hojati yo‘q. Biz yana qanday dalillarni jahonga namoyish etishimiz kerak? Mayli, jahon bizga ishonadi. Lekin Rossiyaga bular ularning askarlari, ularning qo‘shinlari, ularning urushi va hamlalari ekanligining yana qanday dalillarini keltirishimiz kerak?

BBC: Agarda siz G‘arbdan umid qilayotgan qo‘llovingizga erishmasangiz, Ukrainaning kelgusi harakatlari qanday bo‘ladi?

Pyotr Poroshenko: Biz kurashamiz. Bizning maqsadimiz tinchlik. Tinchlik uchun esa ikki narsa kerak. Birinchidan, mamlakat mustaqilligining muhim unsuri bo‘lgan chegaralar Rossiya askarlari va qurol-yarog‘i uchun yopiq bo‘lishi kerak. Rossiyaning hamma harbiy bo‘linmalari Rossiyaga olib chiqib ketilishi kerak. Ana shular bo‘lmasa bizda hech qanday ichki muammo, fuqarolar urushi bo‘lmasdi. Bizda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilardi.

BBC: Siz Vladimir Putinga ishonasizmi?

Pyotr Poroshenko: (Pauza. - tahr.) Ishonamanmi? Dargumon...

BBC: Agar unga ishonmasangiz muzokaralarni qanday olib borasiz?

Pyotr Poroshenko: Menda tanlov yo‘q. Men bizning hududlarimizni ozod qilishga harbiy yo‘l bilan erishish mumkin deb o‘ylamayman.

BBC: Demak siz harbiy yo‘l bilan hududlarni qaytarishga urinmaysiz?

Pyotr Poroshenko: Yo‘q. Men tinchlikparvar prezidentman. Men tinchlikni saqlash uchun hamma narsani qilayapman. Shuning uchun biz shu yil 12 fevral kuni Minskda 10 soat uzluksiz muzokara o‘tkazdik. O‘tgan yili sentyabrda ham muzokaralarning ikki davrasini o‘tkazdik. Biz Minsk bitimi shartlarining hammasini imzoladik va ularga rioya qilishga tayyormiz. Rossiyadan ham shuni talab qilamiz. Albatta mamlakatlar urush holatida bo‘lsa ularning o‘rtasida ishonchga umid qilish qiyin. Lekin menga bog‘liq hamma narsani qilmoqdaman.

BBC: Yangi hamlalardan xavfsiramoqdasizmi?

Pyotr Poroshenko: Men hech nimadan qo‘rqayotganim yo‘q. Lekin ular hujum tayyorlamoqdalar, deb o‘ylayman. Men bu hujumlarga tayyor bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylayman. Biz ularni hujumga gijgijlash uchun hech qanday bahona berayotganmiz yo‘q. Shuning uchun butun mas‘uliyat ularning gardanida. Biz Minskda berilgan va‘dalarning hammasiga, jumladan otashkesim shartiga mutlaqo rioya qilamiz. Lekin Rossiya va u qo‘llab-quvvatlayotgan terrorchilar bunday qilmayaptilar. Buning o‘rniga ular qo‘shinlarni yuborishmoqda, ukrainaliklarni o‘ldirishmoqda va vaziyatni yomonlashtirishmoqda.

BBC: Bu urushda o‘g‘illari halok bo‘layotgan askar onasiga nima degan bo‘lardingiz? Masalan faqatgina kambag‘allarninng o‘g‘illari halok bo‘ayotgani, kazolarning farzandlari tinchgina uyda o‘tirishgani va mamlakatda hech nima o‘zgarmayotganini aytayotgan odamga qanday javob bergan bo‘lardingiz?

Pyotr Poroshenko: Bu fojea, nafaqat onalar uchun, balki butun mamlakat uchun. 1800 askarning oilasi uchun fojea. 7000 halok bo‘lgan inson oilalari uchun fojea. Bu yerda gap kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi munosabat haqida ketayotgani yo‘q. Bu tajovuz oqibati, mening mamlakatimga qarshi tajovuz oqibati. Va biz bu tajovuz uchun mas‘ul bo‘lgan shaxsning javobgarligi haqida gapirishimiz kerak. Va mening ishonchim komilki, bu tajovuzni to‘xtatish va qurbonlar sonining ortishining oldini olish uchun men qo‘ldan kelgan ishni qilmoqdaman.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq