Islom dini ayollarga toqatsizmi?

Image caption Huda Javod

Zamonaviy demokratik mamlakatda yashayotgan va barcha erkinliklarga ega bo‘lgan g‘arblik qiz nima uchun “Islomiy davlat” safiga qo‘shilishni istaydi? Huda Javod Oiladagi zo‘ravonliklarga qarshi tashkilotida ishlaydi. Huda ana shu nozik savolga javob qidiradi.

Men Bag‘dodda tavallud topganman, Birlashgan Arab Amirliklari va Suriyada voyaga yetdim.

O‘smirlik paytim Londonga keldik.

Mening ota-onam Saddam Husayn davrida siyosiy faollardan bo‘lishgan, Iroqni o‘zlariga nisbatan sirtdan o‘lim jazosi tayinlashganidan keyin tark etganlar.

Mening onam bolaligidan irodali va jasoratli bo‘lgan. Uning bobokaloni oyatulloh va shariat bilimdoni edi.

Shundanmi onam juda dindor bir muhitda voyaga yetgandi.

Ammo, uning bobokaloni Oyatulloh Naini konstitutitsion tuzum tarafdori bo‘lgan, mantiqning ustivorligini uqtirgan va so‘zu fikr erkinligini Xudo bergan ne‘mat deya ishongan.

Ehtimol, shuning uchun onam oilada universitet tahsilini ko‘rgan va keyinroq maktab mudirasi bo‘lgan yagona ayoldir...

Undan avval oiladagi ayollar ta‘lim olish huquqidan mahrum bo‘lganlar.

Ammo oilada Qur‘on va Islomiy aqidalarni o‘rganishgan.

Otam ham Iroq shimolida, aynan diniy va siyosiy faollik kuchaygan payti voyaga yetgan.

Onam ham, otam ham Saddam Husaynning Baas partiyasiga qarshi kurashgan.

Shuning uchun ham ular tinimsiz hijratda yurganlar, endi tasavvur qiling buning qanchalar mushkulligini, ayniqsa farzandlaringiz qiz bolalar bo‘lishsa...

Biz qizlar uchun esa bu sayru sayohat edi, ammo oiladagi qora kunlardan to‘la ihota qilinmagandik.

Hozirgacha men aytmoqchi bo‘lgan so‘zimni anglab olgandirsiz, ha, men o‘zlik siyosati haqida gapirmoqdaman.

Hayotimni tushuntirib berish harakatlarimda, menimcha, shu yo‘l ma‘qulroqdir.

Bundan ikki yarim yilcha avval, mening shia mazhabida bo‘lgan, ammo sunniy mazhabidagi ayolga uylangan amakim isyonkorlar tomonidan Damashqdagi uyi tashqarisidan o‘g‘irlab ketildi.

Uni bir necha hafta davomida eng yomon, so‘z bilan tasvirlash mushkul sharoitlarda tutib turishdi. Bugun ham u bu haqda gapirishni istamaydi, zotan, tunlari bosriqib chiqadi...

O‘zining nima uchun o‘g‘irlangani haqida so‘raganida, unga “shia bo‘lganing uchun” deb javob qilishadi.

U o‘zini shia deb tanishtirmagan edi.

Amakimning baxtiga men va otam Yaqin Sharqdagi bir necha islomchilar va diniy faollar bilan aloqada edik.

Biz yordam so‘rab kimga murojaat qilishni bilar edik.

Biz hozirgacha uni ozod qilishda yordam bergan insonlardan behad minnatdormiz.

Men hozir Britaniyadan yosh qizlarning “Islomiy davlat” saflariga kirish uchun Suriyaga qarab yo‘l olishlarini hayrat va afsus bilan kuzataman.

Nima uchun yosh, aqlli va kelajagi porloq, zamonaviy demokratik davlatda barcha erkinliklarga ega bu qizlar eng qorong‘u zamonlarga qaytishni istashadi?

U yerda elektr quvvati yo‘q, jo‘mrakni burasangiz suv kelmaydi...

Oddiy inson haqlari va ozodliklari uchun qamoqqa tashlashlari va yo hatto o‘ldirishlari mumkin.

So‘nggi vaqtlar Liviyadan Ovro‘poga qochaman deb dengizga cho‘kib ketayotgan muhojirlarni qarang...Ular o‘z farzandlariga yorug‘roq va yaxshiroq hayot istaganlari uchun vatanlarini tark etishga majbur.

Bu qizlarni bir ma‘noda Islomiy utopiya bag‘riga kim va yo nima chorlamoqda?

Yaqin Sharqda tug‘ilib o‘sgan, urushlar va ta‘qiblardan bezor bo‘lgan va har lahza eshikni taqillatib zulmkorlar kelishidan ozurda bo‘lgan bir ayol sifatida men bu qizlarni tushunmayman.

E‘tiqodli musulmon, inson huquqlari faoli o‘laroq, men bu sodda britaniyalik qizlarning Islom nomi bilan yovuzlik va shafqatsizlik qilayotganlarning amallarini targ‘ib etishlaridan qonim qaynaydi.

Bu halol va toza deb atalayotgan, Islomning erta yillariga qaytib yashash orzusi deya ta‘rif etilayotgan bahonani tushunmayman, chunki bu “diniy pokiza davr”ga qanday qilib Twitter, Tumblr va smartfonlar sig‘adi?

Shunda ham qaysidir ma‘noda meni bu yosh qizlar bilan qandaydir rishtalar bog‘lab turadi.

Men ularning “to‘g‘ri yo‘l”ga kirish kabi samimiy niyatlarini tushunaman.

Ana shu yo‘lda, ular nazarida “ulkan maqsad”lar bilan yashash istagini e‘tirof etaman.

O‘zliklarini qidirib, o‘zliklarini anglash yo‘lidagi intilishlarini inkor etmayman, qaysidir ma‘noda olqishlayman...

Bu qizlar ommaviy-axborot vositalarida Islom va musulmonlarni toqatsizlik, zo‘ravonlik va eskilik ramzi o‘laroq ta‘riflanishiga qarshi ekanliklarini bilaman va men ham ana shu qarshilardan biriman.

“Islomiy davlat” nazorati ostida bo‘lgan hududlarga qarab yo‘lga chiqqan bu qizlar kabi men ham dinimga e‘tiqod qilaman.

Mening dinim va e‘tiqodim adolat talab qiladi.

Qambag‘al va kasalvandlarga yordam berishga, muammolarni adolatli yechishga undaydi.

Insonning ham, hayvonning ham hayotini qadrlashga da‘vat qiladi.

Ammo ayrim mullalarga ko‘ra, Islom adolatsizlikka ham chorlaydi, qarang, nima uchun ayol ishlashi va yo turmushga chiqishi uchun izn so‘rashi kerak?

Nima uchun qiz bolani majburlab turmushga berishni “erkaklarning huquqi” deb talqin qilishadi?

Nima uchun xotin-qizlarning harakatlanishi va tanlov huquqi cheklangan?

Nima uchun ayollar merosning erkaklarga nisbatan faqat yarmiga ega bo‘ladi?

Bu savollarni men har kun berardim, har safar menga “Ollohning kitobida shunday yozilgan”, deb javob berilardi.

Men o‘z jamoam va dinimga xiyonat qilib qo‘ymay degan istihola bilan uzoq vaqt Qur‘onni o‘qimadim.

O‘zimga yoqmaydigan biror narsa chiqib qolsa degan hadik bor edi...

Ammo hamkasbim Yusufni uchratganimdan keyin butun qarashlarim o‘zgardi.

Yusuf menga Qur‘oni Karimga nisbatan sog‘lom munosabat qilishni o‘rgatdi.

Har bir varaqni mantiq bilan o‘qib chiqishni, ko‘r-ko‘rona yod olmaslikni maslahat berdi.

U bizga Qur‘onga bog‘liq barcha shubha gumonlaru savollarni aynan Qur‘ondan qidirish kerakligini aytdi.

Menda hozir ham savollar bor.

Men hozir ham javob qidiraman.

Bu men uchun misli ko‘rilmagan bir tajriba bo‘ldi.

Yusuf bilan birga biz to‘garak tashkil qildik.

Guruhimizda musulmon bankirlar, shifokorlar, advokatlar, o‘qituvchilar, modachilar va talabalar bor edi.

Munozaralar orqali biz shuni angladikki, Ollohning kalomini mantiq bilan tushunish kerak ekan.

Dinimiz qadriyatlari bugungi zamonamizga, kelajakka va insoniyatga qanchalar bog‘liqligini o‘rgana boshladik.

Men Ollohning kalomidan izlanishlarimni hamon davom ettirmoqdaman, savollar ichimda bir talay...

Men shu savollarim va izlanishlarim tufayli ozod bo‘ldim, diniy saboqlarimga nisbatan mas‘uliyat qanchalar muhimligini angladim.

Ayni paytda Qur‘onni o‘rganganlar va biz uchun hamda bizning nomimizdan talqin qilayotlar qanchalar mas‘uliyat ostida ekanliklarini tushundim.

Qur‘onni o‘rganishdan avval men xayriya tashkilotida ishladim.

Biz oilada misli ko‘rilmagan zo‘ravonlikka duchor qilingan ayollar va bolalar bilan aloqada bo‘ldik.

Jabrdiyda ayollar turfa etnik guruhlar va ijtimoiy qatlamlardan kelishgandi.

Oiladagi zo‘ravonlik irqni, dindor yo dinsizni tanimas , ammo mazlumlarning aksariyati ayollar edi.

Ayrimlar zo‘ravonlikni dinga bog‘lashardi.

Boshqalar esa bu Xudoning sinovi deb qabul qilardi.

Ammo deyarli har bir ayol dinidan panoh topgandi.

Din ularga kuch berardi.

Lekin meni dahshatga solgani...din zo‘ravonlik uchun vositaga aylantirilgan holatlar edi.

Islomni ayollar ustidan zo‘ravonlik deya talqin qilgan, shu yo‘lda ishlatilgan va shu yo‘l bilan ayollar ustidan nazorat o‘rnatishga harakatlarning ayanchli natijalaridan g‘azablandim.

Ana shunda menda Islomiy feminizm degan qarash uyg‘ondi.

Chunki ayollar talqinidagi Islom yo‘q edi.

Ayolning ovozi yo‘q edi.

Keyin men musulmon feministlar tomonidan ayrim noto‘g‘ri qarashlarga bemalol tanqidiy ko‘z bilan qaragan, Qur‘onning oyatlarini o‘z biligicha va o‘z maqsadlari yo‘lida ishlatilish hollariga qarshi bo‘lgan chiqishlarga guvoh bo‘ldim.

“Jihod kelinlari” kabi bu jabrdiyda ayollar ham turfa talqinlar tufayli zulm ostida qolishgan, aldanishgan edi.

Bu “jihod kelinlar”ning diniy o‘zlikni anglash harakatlari esa boshqalar tomonidan dastaklanadi.

Ayni dastak toqatsizlikka, ayollarni kamsituvchi aqida va o‘rta asrlardagi salbiy qarashlarga asoslangan “xalifalik” qurish yo‘lidagi harakatlarda foydalaniladi.

Aynan shu “fiqh” bilan ular shariat qonunlarini o‘zlaricha va o‘z hohishlari, maqsadlari yo‘lida talqin qilishadi.

Bu esa bugungi adolat va tenglik qadriyatlariga mutlaqo yotdir.

Ammo xotin-qizlar diniy ilmlarning bilimdoniga aylansa, ehtimol dunyo boshqacharoq bo‘larmidi?

Payg‘ambar Muhammad (SAV) ilk amallaridan biri, aynan arablardagi farzand qiz tug‘ilsa o‘ldirish an‘anasini tugatganida qanchalar ma‘no bor!

Bu amalda hammamiz uchun saboq ham mavjud.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq