Boylar va kambag‘allar orasidagi farq kengayib bormoqda

Image copyright Thinkstock

Bu kabi xulosaga Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti kelgan.

Tashkilotning yangi hisobotida aytilishicha, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi farq so‘nggi 30 yil davomidagi eng yuqori nuqtasiga yetgan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, tengsizlikning bu qabila ortib borishi iqtisodiy o‘sishni barbod etadi, ijtimoiy tizimlarni ishdan chiqaradi.

Tashkilotning yangi hisobotida aytilishicha, dunyoning o‘zlariga a‘zo 34 davlatida bir siqim (10 foiz) boylar bir siqim(10 foiz) kambg‘allardan ko‘ra 10 barobar ko‘proq pul topishadi.

Ularning orasida Ovro‘po Ittifoqining aksariyat davlatlari, bundan tashqari, dunyoning ikkita iqtisodiy qudratidan bittasi bo‘lgan AQSh, yana Kanada, Yaponiya va Avstraliya ham bor.

Xuddi shu raqamlariga tayanarkan, Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti jahon bo‘ylab boylar va kambag‘allar orasidagi tafovut kengayib bormoqda, degan xulosaga keladi.

O‘z o‘rnida, hisobot mualliflarining o‘zlari ham “notenglik”ning darajasini aniqlashga izn beruvchi yagona mexanizm yo‘qligini e‘tirof etishadi.

Ammo, ularga ko‘ra, o‘zlariga imkonli bo‘lgan raqamlar va ko‘rsatkichlar global iqtisodiy inqiroz paytida bu farqning kichraygani, ammo, hozirga kelib, yana kattara boshlaganiga dalolat qilmoqda.

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining ogohlantirishicha, bu kabi notenglik iqtisodiy taraqqiyotning yo‘liga g‘ov bo‘lishi mumkin.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, kuchayib borayotgan notenglikning eng asosiy sabablaridan biri – muvaqqat mehnat shartnomalari va o‘z boshicha pul topish kabi “nostandart ish” hollarining ortib borayotganidir.

MDH dagi vaziyat qanday?

Image copyright Thinkstock

2011 yilda Rossiya Davlat Statistika qo‘mitasi xuddi shu maqsadda sobiq Sho‘rolar Ittifoqi hududidagi iqtisodi yirik besh davlat aholisining daromadlarini tahlil etgandi.

Qo‘mita o‘z tadqiqotlari ortidan, bu davlatlarning har birida kambag‘allar va kam ta‘minlanganlarning soni aksariyat ko‘pchilikni tashkil etishiga oid xulosaga kelgandi.

Deylik, o‘sha paytda milliarderlar va yirik millionerlar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinda turuvchi Rossiyada aholining to‘rtdan uch qismi nochorlikda hayot kechirgan.

Ekspertlarning xavotirlanishlaricha, jamiyatdagi bu kabi keskin tabaqalashuv Rossiyaning taraqqiyotiga g‘ov bo‘lib, mamlakatdagi ichki vaziyatni ham xavfli darajada beqarorlashtirishi mumkin.

Belarusda "nochorlar" va "kam ta‘minlanganlar"ning soni 67 foizni tashkil etgan paytda, o‘ziga to‘q va boylarining soni bor-yo‘g‘i 4.5 foiz bo‘lib chiqqan.

Tadqiqot mualliflarining hisob-kitoblaridan Ozarbayjon, Qozog‘iston va Ukrainada ham o‘ziga to‘qlarning soni nihoyatda arzimas ekani ma‘lum bo‘lgan.

Rossiyalik sotsiologlar o‘sha yili bu har uch davlatdagi fuqarolarning 90 foizdan ortiqrog‘ini kambag‘allar toifasiga kiritishgan.

O‘zbekistonda ham ijtimoiy tabaqalanish alomatlari tobora ko‘zga tashlanib borayotgani kuzatiladi.

Ammo mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, boylarning soni yoki ularning boyliklari miqdori mamlakatda rasman oshkor etilmaydi.

Turli xalqaro hisobotlarda O‘zbekistonda ham aholining katta qismi bilan solishtirganda, boylarining soni kichik foizni tashkil etishi aytiladi.

Prezident Islom Karimov esa, xuddi shu masalada Vazirlar Mahkamasining majlislaridan birida qilgan chiqishida "O‘zbekistonda o‘ta boy va o‘ta kambag‘allar bo‘lmasligi"ni aytgandi.

Janob Karimov 2012 yilgi o‘sha chiqishida bundan 10 yil avval O‘zbekistonda boylarning daromadlari kambag‘allarnikidan 20 foiz ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib, bu farq 8 foizdan sal ko‘proqni tashkil etgan, xolos.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio