Qozoq-qirg‘iz chegarasi poraxo‘rlik manbaimi?

Image caption Chegaralardan o‘tish o‘zbek muhojirlari uchun doimiy muammo

Mehnat muhojirlari qozoq - qirg‘iz chegarasi migrantlardan noqonuniy pul undirish manbai bo‘lib qolganini aytmoqda. Ushbu ta‘magirlikdan asosan o‘zbekistonlik va turkiyalik muhojirlar aziyat chekmoqda.

O‘zbekistonlik Anvar Olma ota shahrida oshpazlik qiladi. Qozog‘iston qonunlari bo‘yicha u mamlakatda ikki oydan ko‘p vaqt bo‘la olmaydi.

Anvarga Qirg‘iziston chegarasi yaqin bo‘lgani uchun chegaraga borib "kirdi-chiqdi" muhrini urdirib kelish uchun Bishkekka boradi.

Lekin, Anvarga o‘xshagan migrantlar Olma otada ko‘p bo‘lgani uchun chegarachilar ulardan maksimal foydalanib qolishni istaydi.

"Qirg‘iziston chegarasidan o‘tayotganimizda bir chegarachi ayol: "Pasporting yashil ekan", deb ushlab qoldi. Qolganlarni o‘tkazib yubordi.

Chegarachi menga Qozog‘istonda yurish muhlatim tugagani va Qirg‘izistonga "kirdi-chiqdi" qilish uchun kelayotganimni bilishini aytdi. Unga Qirg‘izistonda tanishlarimning oldiga ketayapman, desam ham ko‘nmasdan, bir xonaga boshladi. 6 ming tanga (32 dollar) bersang muhrni shu zahoti urib berishini aytdi", - deydi Anvar.

Chegarachi unga agar pul bermasa, qaytib chiqa olmasligi, Qirg‘iziston qonunlari bo‘yicha mamlakatga kirgan shaxs kamida bir kun qolishi kerakligini tushuntirgan.

"Orqaga qaytayotganimda, yana yashil pasport deb bir xonaga yuborishdi. U yerda bir ayol kishi 1,5 ming tanga so‘radi. "Xo‘p", dedik-da, aytgan pulini berdik", - deydi Anvar.

O‘zbekiston pasportini ko‘rgan qozoq chegarachilari ham ularni xursand holatda kutib olishgan.

"Qozog‘istonga kirib kelayotganimizda, ham qozoq chegarachi yashil pasport o‘tib ketaveradimi, deb to‘xtatib qoldi. 15 odam o‘tib ketdi. "Nimaga ushlab turibsiz?" desam, ming tanga tashlasam, o‘tib ketaverishimni aytdi. Ishimga qaytib kelishim kerak edi. Shuning uchun, aytgan pulini berib kelaverdim", - deydi o‘zbekistonlik migrant.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra, Qozog‘iston bilan MDH davlatlari va Turkiya o‘rtasida viza aloqalari yo‘q. Ushbu davlat fuqarolari 1 oydan 6 oygacha mamlakatda erkin yurishlari mumkin.

Belgilangan muddat bitganidan so‘ng ushbu davlat fuqarolari chegarani tark etishi va keyin qaytib kelishi mumkin.

Olma ota va Bishkek o‘rtasida kirakashlik qiluvchi qirg‘izistonlik Adhamjon Olma otadan Bishkekka qarab mana shunday migrantlar ko‘p tashishiga to‘g‘ri keladi.

"Turklarning puli ko‘p, deb ulardan ko‘proq olishga harakat qiladi. O‘zbekiston fuqarolarini pastga urishga harakat qilishadi va bir amallab pulini olishadi. Agar puli bo‘lmasa, turli bahonalarni to‘qib o‘sha yerda soatlab kuttirishadi. Odamlarning qonun bilmasligidan foydalanishadi", - deydi Adhamjon.

Adhamjonning aytishicha, chegaradan o‘tib qaytish narxi 10 dollardan boshlanib 60 dollargacha bo‘ladi. Bunda muhojirlarning ushbu postda tanishi bor-yo‘qligi va yoki haqqini talab qila olishi yo-da, huquqini bilmasligi katta rol o‘ynaydi.

Qirg‘iziston davlat chegara xizmati chet el fuqarolarining mamlakat ichida eng kam muddat qolishini belgilab beruvchi qonuniy asos yo‘qligini bildirdi.

"Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Insofsizlar shunday degan bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston, Turkiya kabi davlatlar bilan Qirg‘izistonning vizasiz tartib to‘g‘risida kelishuv bor. Ular istasa, bir-ikki kun yoki bir soatga ham Qirg‘izistonga kirib o‘z ishlarini bitirib chiqishlari mumkin", - deydi Chegara nazorat bo‘limidan Qamchibek.

Mas‘ulning ta‘kidlashicha, bir kunga kirish mumkin emasligini aytib ta‘ma qilish hollari qayd etilsa, zudlik bilan murojaat qilish kerak.

Ishonch telefonlariga qilingan murojaat o‘sha vaqtning o‘zida ko‘rib chiqiladi.

Qirg‘izistonlik Adhamjon ishonch telefonlari ikki davlatda ham samarali ishlashini aytadi.

"Natijasi bo‘lgan. Ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilganman. O‘zimni tanishtirib, nima maqsadda telefon qilayotganim va qayerda turganimni aytganman. Mendan pul talab qilishgani va qo‘pol muomala qilishgani haqida so‘rashdi. Ular qonun bo‘yicha o‘z ishini qilib muammoni hal qilishdi. Ikki marta shunday murojaat qilganman", - deydi Adhamjon.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio