Qozog‘iston ham O‘zbek muhojirlarini "ovladi"

Image copyright 1720.kz

Qozog‘iston huquq-tartibot organlari 18 maydan 23 maygacha "Nolegal-2015" deb nom berilgan maxsus amaliyot o‘tkazishgani va yuzlab o‘zbekistonlik noqonuniy muhojir qo‘lga olingani haqida xabar tarqatdilar.

Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati matbuot markazi xabar qilishicha, O‘zbekistonga tutash Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida 428 O‘zbekiston fuqarosi migratsiya qonunlarini buzgani uchun ushlangan.

So‘ng Qozoq chegarachilari o‘zbekistonliklarni Sariog‘och tuman Ichki ishlar bo‘limi ixtiyoriga topshirganlar.

Qozog‘iston shimolidagi Petropavlovsk viloyatida esa 600 dan ortiq xorij fuqarosi mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgani aniqlangan.

Ularning ham aksari o‘zbekistonlik va tojikistonliklar ekani haqida aytgan muhojirlik politsiyasi rasmiylari.

22 kishini mahkama Qozog‘istondan badarg‘a qilish haqida qaror chiqargan.

Sakkiz chet ellikning jinoiy javobgarlikka tortilgani xabar qilingan.

Mamlakatning boshqa viloyatlarida ham ko‘p sondagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston migratsiya qonunlarini buzish aybi bilan ushlangani, jarimalarga tortilgani haqida rasmiylar ma‘lum qilganlar.

Chet elliklarni ish bilan ta‘minlagan ikki ishlab chiqarish korxonasi rahbari ham javobgarlikka tortilgan.

Qozog‘istondagi muhojirlar "ovi" o‘zbekistonliklar yana ishlab daromad topish maqsadida chet mamlakatlarga ko‘p sonda keta boshlagan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

G‘arb sanktsiyalarining Rossiya iqtisodiyotiga salbiy ta‘siri 2014 yilning oxirgi oylarida sezildi.

Rossiyada ish bilan band bo‘lgan o‘zbekistonliklar har oy o‘z oilasiga yuborib turgan pul jo‘natmalari ikki baravar kamayib ketganidan shikoyat qildilar.

O‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida ko‘plab muhojirlar O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldilar, ular Rossiyada bo‘lish iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamay qolganini aytdilar.

Biroq vatanida uch-to‘rt oy mobaynida oilasini boqishga yetarli daromad yo‘llarini topolmagan o‘zbekistonliklar maoshi avvalgidek bo‘lmasa ham Rossiya afzal, degan qarorga kelganlar.

May oyida Rossiya Federal Migratsiya xizmati yana 200 mingdan ortiq o‘zbekistonlik ish izlab Rossiya hududiga kirgani haqida ma‘lum qildi.

Rossiya Migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, bu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarning soni 2126366 nafarga yetib, MDH davlatlari orasida muhojirlar soni ko‘pligi bo‘yicha yana yetakchilikni qayta qo‘lga kiritgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq