Muhojirning sog‘ligi kimga kerak?

Image copyright Reuters
Image caption Muhojirlarning o‘z ta‘birlaricha, "kasal bo‘lishga vaqtlari yo‘q"

Rossiyaliklar mehnat muhojirlarini yoqtirishmaydi, ayniqsa, kasal bo‘lishsa.

O‘zi uncha-munchaga kasal bo‘lavermaydigan mehnat muhojirlarining o‘rtacha yoshi 32-40da. Ular asosan jismonan sog‘lom, ishga yaroqli insonlarni tashkil etadi. Muhojirlarning maqsadi asosan ishlab pul topishga yo‘naltirilganligini uchun, o‘z iboralari bilan aytgandek "kasal bo‘lishga vaqt yo‘q".

Faqatgina ish paytidagi og‘ir jarohatlar yoki o‘ta og‘ir sharoitlarning salomatlikka ta‘sirigina ularni shifokorga murojaat qilishga undashi mumkin. Qo‘llarida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi bo‘lishiga qaramay, mehnat muhojirlari aksar hollarda mahalliy davolanish maskanlariga emas, o‘zbekistonlik yoki qirg‘izistonlik shifokorlar tomonidan ochilgan xususiy shifoxonalarga borishni ma‘qul ko‘rishadi.

- Qonuniy yashab ishlash muhojirlarga juda qimmatga tushayapti, - deydi "Migratsiya va huquq" huquqni himoya qilish tashkiloti rahbari Gavhar Jo‘rayeva. - Patentga, imtihonga to‘lash kerak, endi yana sug‘urtaga ham. Foydalanmaydigan xizmat uchun to‘lovdan faqat sug‘urta idoralari manfaat ko‘radi, xolos. Muhojirlar esa tobi qochsa, yo ish beruvchisidan yoki o‘zlari tanigan-bilgan odamlardan yordam so‘raydi. Ko‘pincha, davolanmay ham qolib ketaveradi.

Huquqshunosning aytishicha, yaqinda o‘zbekistonlik muhojirlardan biri ish vaqtida ochiq sinish jarohatini olgan va gips ham qildirmay, O‘zbekistonga uchib ketgan. Muhojir noqonuniy ishlayotgan bo‘lgani uchun ish beruvchi hech qanday yordam ko‘rsatmagan.

Yangi yildan boshlab o‘zgargan qonunlar talabi bo‘yicha mehnat muhojiri ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisini sotib olishga majbur. Belgilangan qoidaga ko‘ra, ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisi chet ellik xodimga quyidagilarni ta‘minlashi lozim: Birinchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni, u kasalliklar va holatlar profilaktikasi, diagnostikasi, ularni davolash, tibbiy reabilitatsiya, homiladorlikning kechishini kuzatish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va aholiga sanitariya-gigiyenaga doir bilimlar berish tadbirlarini o‘z ichiga oladi.

- Muhojirlar ITS (ixtiyoriy tibbiy sug‘urta) bilan istalgan shifoxonalarga murojaat qilishlari mumkin, - deydi poytaxtdagi sug‘urta bo‘limi xodimi Leonid Pechatnikov. – O‘z polislariga ko‘ra, kechayu kunduz travmatologiya yordamini olishlari mumkin. O‘tkir holatlarda esa stamotologiya, jarrohlik va rentgen xizmatlaridan foydalana oladilar.Qizig‘i, mehnat muhojirlari uchun bu xizmatlar sug‘urta polisi sotib olmasdan avval ham mavjud edi.

"Yurtingda tug‘sang bo‘lmaydimi?!"

Mehnat muhojirlarining mahalliy shifokorlarga murojaat qilmasliklarining sababi biri til muammosi bo‘lsa, ikkinchisi mamlakatdagi millatchilik munosabatlari. Nafaqat oddiy mehnat muhojiri balki, Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbekistonliklar ham shifoxonalarda sarsonchiliklarga uchrashi bor gap. Er-xotin Jumayevlar boshidan shunday voqelar kechgan:

- Ayolim homiladorlik vaqtida poliklinikada ro‘yxatga qo‘ydik. U rus tilini yaxshi bilmagani uchun yolg‘on tashxis bilan rosa qo‘rqitishdi. Ishondik. Tuqquningcha o‘zimiz davolaymiz deyishdi, 2 oy mobaynida 1000 dollardan ortiq pul sarfladik, qatnov va harajatning keti uzilay demasdi. Oxiri O‘zbekistondan kelib qolgan tanish shifokorga borib ko‘rindik. U ayolimni ko‘rib soppa-sog‘san, tug‘ilajak bolang ham sog‘lom o‘sayapti, dedi. Mana, shukrki, eson-omon o‘zi tug‘ib sog‘lom bolakayni qo‘limizga oldik.

- Tug‘ruqxonada ham odam ajratish. Yonimdagi rus ayoldan tez-tez xabar olishadi, doim nazoratda. Menga esa shifokorlar ham hamshiralar ham bepisand, ustimdan kulgandek muomala qilishadi. "Yurtingga borib tug‘sang bo‘lmaydimi", deydi shifokor.

Moskva "Tez tibbiy yordam" shifokori Aleksandr Pilinning so‘zlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklarni tashuvchilarning ko‘pchiligi O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan muhojirlardir. - Ularda kasalliklar bir dasta: qichima, gepatit, tutqanoq, zahm, SPID. Yana bu kasalliklarga qarshi o‘z yurtida emlangani haqida ma‘lumotnomalari ham borligi ajablanarli. Rossiyaning salqin iqlimi va og‘ir ish sharoitlari sabab sil kasalligiga chalingan muhojirlarni mamlakat davolashni istamaydi. Vaholanki, bu kasallik dunyo bo‘yicha bepul davolanuvchi xastaliklar sirasiga kiradi.

- Tibbiy ko‘rikdan o‘tayotganimda o‘pkamda dog‘ chiqdi, keyin aniqlashlaricha, sil ekan, - deydi Azamat X. – Poliklinika ro‘yxatga olgan kundan boshlab shifokorlar menga do‘q-po‘pisa qilishni boshlashdi. Hammaga yuqtirasan, senga o‘xshaganlar Rossiyaga kerakmas, deyishdi. Shu yerda davolanib ishimni davom ettirish niyatim borligini aytganimda esa, buning iloji yo‘q, deb rad etishdi. Azamatning aytishicha, shifokorlar uyga ketish uchun samolyot biletini olib kelmasa, FMX orqali Rossiyadan haydash chorasini qo‘llashlarini aytib tahdid qilishgan. Uzoq tortishuvlardan so‘ng, Azamat yurtiga borib davolanib kelishga majbur bo‘lgan.

- Hozir ham tibbiy ma‘lumotnomani sotib oldim, - deydi u. - avval sil bo‘lganimni bilib qolishsa ham yana haydab yuborishadi". Tibbiy ko‘rikda avval yuqumli kasallikka chalingan bo‘lib chiqqan (hozirda batamom tuzalgan bo‘lsa-da) muhojirlar "qora ro‘yxat"ga tushadi. Chirchiqlik Nigora bolaligida sariq kasalligiga chalingani tibbiy ko‘rikda ma‘lum bo‘lganini aytadi: - Meni "qora ro‘yxat"ga qo‘yishdi, endi umuman ishga olishmayapti. Noqonuniy ishlamanglar, deydiyu o‘zlari shunday qilib noqonuniy ish topishimizga majbur qilib qo‘yishadi. Tuzalib ketgan sariq birovga yuqarmidi, hayronman!

Davolash emas, haydash kerak!

Image caption Muhojirlar rossiyalik shifokorlarning o‘zlariga nisbatan kamsitishlaridan shikoyat qilishadi

Mehnat muhojirlariga nisbatan bu tarzdagi munosabatni yaxshi bilgan o‘zbekistonliklar eng ma‘qul yo‘l – kerak bo‘lganida tanish klinikalarga borishni lozim topishadi. Markaziy osiyoliklar tomonidan ochilgan xususiy klinikalar eng ommaviy usul – yurtdoshlarning bir-biriga yetkazishi orqali taniladi.

- Asosan, klinikamizga qiz-ayollar keladi, - deydi xususiy shifoxonalardan birining shifokori ginekolog Sharifa opa. – Eng ko‘p murojaatlar spiral qo‘ydirish va bola oldirish bo‘yicha bo‘ladi. Vaqtida kelishsa qaniydi, yaqinda 3 oylik homilani olishga majbur bo‘ldik.

Erkaklar esa ish vaqtidagi og‘ir jarohatlar sabab shifokor huzuriga bormasa, boshqa sabab bilan borishi qiyin. - Kechasi yuragimda birdan qattiq sanchiq turdi, - deya gapirib berdi qo‘qonlik ishchi Mamadali. – O‘sha kuni uydagilar bilan telefonda gaplashganimda yomon xabar eshitgandim. O‘zimga qattiq oldim, shekilli. Xonadoshlarim bergan dorini ichib yotdim. Ertalabgacha yuragim qo‘yvordi, shunda ham 3-4 kun holsiz yurdim, keyin o‘tib ketdi. Do‘xtirgayam pul kerak, uygayam. Yaxshisi, ishlash kerak.

Muhojirning sog‘ligi faqat o‘ziga kerak, Rossiyada ko‘proq muddat ishlashi, uyi va oilasiga ishlab pul yuborib turishi uchun. Ish beruvchi ham kasallangan muhojirdan darhol kechib, o‘rniga sog‘lomini ishga olishni ma‘qul ko‘radi.

Mehnat muhojirlari soni ortayotgan yillarda (2010-2012) Rospotrebnadzor rahbariyati yuqumli kasalliklarga chalingan muhojirlar davolanishdan bosh tortsa, mamlakatdan chiqarish chora-tadbirini qo‘llash fikrini ilgari surgan edi. Shu yilning fevral oyida esa Federatsiya kengashi spikeri Valentina Matviyenko sil va OITS kasalligiga chalingan muhojirlarni mamlakatdan haydash va bu tartibni ishlab chiqish taklifi bilan chiqdi.

Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, mehnat muhojirlari majburan sotib olayotgan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta ortidan Moskva shahri hukumati yiliga ularning davolanishi uchun sarflanadigan 2,5 mlrd rublni tejaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq