O‘zbekiston - Koreya: kimga nima kerak?

Image copyright none

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Koreya respublikasiga rasmiy tashrifi kutilmoqda. Koreya respublikasi prezidentining matbuot xizmati safar 27 may kuni boshlanishini ma‘lum qilgan.

Matbuot xizmatining ta‘kidlashicha, "Bu safargi tashrif davomida ikkala mamlakat uchun ham manfaatli bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rib chiqiladi".

Tashrifning rasmiy dasturi boshlanishidan avval esa, Seulda ikki mamlakat iqtisodiyot rahbarlari va 200 nafarga yaqin yirik tadbirkorlar ishtirokida biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu biznes forumida ikkala mamlakatning kelajak iqtisodiy rejalari, birgalikda olib borilishi mo‘ljallanayotgan loyihalar, kimyo, transport, logistika yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Biznes forumda O‘zbekistonda kimyo zavodi qurilishiga oid 5 ta loyiha kelishib olindi va ikki tomonlama anglashuv bitimi imzolandi.

Koreya Respublikasi sanoat vazirligi xabariga ko‘ra, ushbu biznes forumida nafaqat gaz, neft va kimyo sanoatiga oid hamkorlik, balki dori-darmon, oziq-ovqat va elektronika sohasidagi kelishuvlar ham muhokama qilindi.

Biznes forumida qatnashgan Koreya Respublikasi iqtisodiyot, rejalashtirish va moliya vaziri Choy Kyong Xvanning aytishicha, "Ovroosiyoning yuragi bo‘lgan O‘zbekiston bizning eng muhim hamkorimiz va do‘stimizdir. Biz ushbu uchrashuvlar orqali ikkala mamlakat tadbirkorlarining erkin va hech qanday qiyinchiliklarsiz faoliyat yuritishlariga erishish istagidamiz".

O‘zbekiston va Koreya respublikasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilgan 1992 yildan buyon koreys tomoni O‘zbekiston iqtisodiga 2 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

Dastlabki yillari Koreya tomoni O‘zbekistonning avtomobilsozlik sanoatiga sarmoya kiritgan bo‘lsa, 2000 yillardan so‘ng energetika va logistika sohalariga qiziqish bildira boshladi.

O‘zbekiston Sho‘rolar Ittifoqi qulashi ortidan o‘z iqtisodini qayta yo‘lga qo‘yish ilinjida yillar mobaynida xorijiy sarmoyalarga ko‘z tikib kelayotgani ma‘lum.

Lekin iqtisod sohasida asl islohotlarning o‘tkazilmagani, biznes yuritish sohasidagi beqaror vaziyat, valyuta erkin konvertatsiyasi yo‘qligi tufayli xorijiy sarmoyadorlar ko‘pda O‘zbekistonga qiziqish bildirmaydilar.

Biroq, shunga qaramay, Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga qiziqishi asosida nimalar yotadi?

Tahlilchilarga ko‘ra, Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga qiziqishi asosan hech qanday energetik zahiralariga ega bo‘lmaganligi tufaylidir va Janubiy Koreya O‘zbekistonning gaz va neft manbalariga ko‘z tikkan.

Salkam bir yil avval - 2014 yil iyun oyida Koreya prezidenti Park Kin Xe O‘zbekistonga tashrif buyurib, gaz va energetika sohasiga oid bitimlarni imzolagach, Ustyurt va Surgil hududlarida koreys gaz korporatsiyasining ishlari ancha jadallashdi.

O‘zbekiston iqtisodiga eng ko‘p sarmoya kiritgan davlatlar orasida Koreya Rossiya va Xitoydan keyingi pog‘onani egallaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozorlarini egallash uchun eng qulay hudud hisoblanadi.

Koreya O‘zbekistonga o‘z mahsulotlari eksportini ham ko‘zlayapti. Jumladan, shu maqsadda yuk tashish xizmatlari bo‘yicha ham bitimlar tuzilishi kutilyapti.

Koreys tomoni o‘zbek paxtasidan ham o‘ta manfaatdor. Yil boshida o‘zbek paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishiga qarshi Seulda kichik piketlar uyushtirilgan bo‘lsa-da, koreys tomoni o‘zbek paxtasi importiga muhtoj.

Ma‘lumotlarga qaraganda, koreys puli hisoblangan - Vonning 10.000 (o‘n minglik) kupyurasini tayyorlashda o‘zbek paxtasidan foydalaniladi.

Koreya OAVlari ta‘biricha, "O‘zbekiston Koreya uchun hali kashf qilinmagan bebaho ma‘danlar va o‘zlashtirilmagan imkoniyatlar mamlakati"dir.

Ayni vaqtda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun Janubiy Koreya Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng uchinchi mavqedagi manzildir.

O‘zbekiston Mehnat vazirligi orqali hatto Janubiy Koreyaga mehnat shartnomalari bo‘yicha ishga yollab yuboruvchi tizim ham ishga solingan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio