Toshkentlik mushtariy: "Shaharlik"ka ikki og‘iz so‘z...

AQShning qisqa vaqt ichida buyuk darajaga yetishida asosiy rol o‘ynagan bir muhim narsa bu - mamalakatda millatchilik yoki mahalliychilik keng miqyosda bartaraf etilganidir.

Amerikada ko‘p hollarda birinchi o‘rinda odamning qayerda tug‘ilganiga emas, balki qo‘lidan nima ish kelishiga qarab muomala qilinadi.

Qo‘shma Shtatlarda ham o‘ziga yarasha muammolari ko‘p. Lekin, ayni shu masalada Amerika boshqalarga o‘rnak bo‘la oladi.

Inson tug‘ilish joyini o‘zi tanlamaydi.

Bu - uning taqdiri.

O‘zbekistonning rivojiga xalaqit berayotgan illatlardan biri - odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati bo‘lsa ajabmas.

Eng katta illat - tanish-bilishchilik va mahalliychilik.

Internetda qaysi mavzuda bahs bo‘lishidan qat‘iy nazar, turli fikr egalari ko‘p holatlarda mavzudan chetlashib, bir-birlarini so‘kishga tushadilar.

Lug‘atlaridagi eng ko‘p qo‘llanadigan haqoratli so‘z - "harip". O‘zini shaharlik bilganlar taqdir taqozasi bilan katta shaharda tug‘ilib qolishgan, lekin qo‘llaridan hech ish kelmaydi.

Shuning uchun, ularning fikriga qarshi asosli argument keltirgan shaxsni "harip" deyishdan boshqani bilmaydilar.

Aytmoqchi bo‘lganim, xalq, elat yoki bir viloyat odamlarining hammasi birvarakayiga yomon bo‘lmaydi. Ularning bir vakili yomon va yo omi bo‘lishi mumkin.

Chetdan kelganlar orasida o‘z hamshahari qilmagan yaxshilikni qiladigan insonlar ko‘p.

Qolaversa, shu "shaharlikman" deb ko‘krak keradiganlar uchun yana bir gap: shu katta shaharingiz ham qachondir tashkil topgan, unga sizning ajdodlaringiz qayerlardandir kelib o‘rnashishgan.

Shaxsan men ham o‘zimni asl "shaharlik" deb bilaman. Chunki, men bilgan kamida uch ajdodim hozir biz yashayotgan shaharda tug‘ilishgan.

Lekin, bu menga o‘zimni boshqalardan ustun qo‘yishga hech qanday huquq bermaydi.

Bundan tashqari, birinchi insonning asl uyi jannat bo‘lib, u yerdan badarg‘a qilinganini hisobga olsak, shaharlik yoki qishloqlik bo‘lish hech qanday ma‘no kasb etmasligi ayon bo‘ladi.

Inson hamma joyda ham qilgan amali bilan qadrlanadi. Men bunda shahar yoki qishloqni emas, balki dunyo-yu oxiratni nazarda tutyapman...

Bu gap insonlarni turli tabaqalarga ajratadiganlarga ham taalluqli. Ya‘ni, o‘zlarini xo‘ja, said yoki eshonlar deb deb taqdim qiluvchilarga…

Bu yerda ana shu "nufuz"larini pesh qilib, din buyurmagan ishlarni qiladiganlar haqida so‘z boryapti.

Chunki, Islomda ham irqchilik yoki o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, o‘zini "oq suyak"lardan deyish qoralangan.

Ollohning oldida barcha inson birdek, faqatgina o‘z amali bilangina boshqalardan ustun bo‘lish mumkin.

Barcha davrlarda ham bo‘lginchilik kayfiyati va o‘zini boshqalardan baland qo‘yish (kibru havoga berilish) insoniyat yuz tutgan muammolarga sababchi bo‘lgan va rivojlanishga to‘sqinlik qilgan.

Toki, mahalliychilik va bir-birlarini tug‘ilgan joylariga qarab kamsitish bor ekan, o‘zbekning bir buyuk millat, xalq, el bo‘lib birlashishi mushkul qolaveradi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq