Maktab bo‘sag‘asidan keyingi ilk cheklovlar

O‘zbekiston maktablari, kollej va litseylarida o‘quv yili yakunlanib, bitiruvchilar uchun an‘anaviy oxirgi qo‘ng‘iroq yangradi.

O‘tgan yillari bo‘lgani singari bu yil ham bitiruvchilardan rasmiy oxirgi qo‘ng‘iroq marosimlaridan tashqari oromgohlarga sayllar, tongni kutish yoki turli boshqa ommaviy kechalarda qatnashmasliklari haqida ko‘rsatma berilgan.

Toshkent shahridagi maktab bitiruvchilaridan birining aytishicha, ularning maktabida oxirgi qo‘ng‘iroq marosimi o‘ta maroqli o‘tkazilgan.

"Bizning maktabimizda yillar mobaynida oxirgi qo‘ng‘iroqni nishonlashning ajoyib an‘analari shakllangan. Qo‘shiqlar aytib, raqslar tushdik. Bolalik orzu-umidlarimizning timsoli bo‘lgan kabutar va turli rangdagi sharlarni uchirdik. Oxirgi darsimizni bizga saboq bergan ilk o‘qituvchimiz bilan o‘tkazdik. Hammasi o‘ta yaxshi tashkillashtirilgandi va ko‘nglimda hayotimning oxiriga qadar o‘chmaydigan juda iliq xotira qoldi".

Ushbu bitiruvchining aytishicha, ayni vaqtda o‘quvchilar rasmiy marosimlardan bir necha kun oldin 25 may kuni oromgoh, qahvaxona va turli boshqa jamoat yerlariga saylga bormasliklari haqida kafolatnomaga imzo chekkanlar.

Har bir sinfga kafotlatnoma matni yozilgan qog‘ozni olib kelishgan va har bir o‘quvchi o‘z nomi ostiga imzo chekib bergan.

O‘quvchilarga bu kafolatnomaning nusxasi berilmagan. Lekin unda yoz oylari mobaynida suzish ruxsat berilmagan yerlardga cho‘milishga ham bormayman, deya kafolat berish ham talab qilingan.

Uning aytishicha, bu chorani u to‘g‘ri, deb hisoblaydi.

"O‘tgan yili qaysidir oromgohda saylga chiqqan bitiruvchilar orasida pichoqlashuv yuz bergan ekan. Buni eshitib, men qo‘rqdim. Bunday hodisaga yuz kelgandan ko‘ra, uyda o‘tirgan ma‘qul. Deyarli hammamiz ana shu asnoda bu chorani qo‘lladik".

Maktab yoki kolllejni bitirish insonning ulg‘ayib, voyaga yetishi jarayonidani muhim bosqichlardan biridir.

Voyaga yetgan inson esa mavjud sharoit va vaziyatdan kelib chiqib, o‘zi mustaqil qaror bera olishi qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak, deya hisoblanadi.

Lekin har qadamda nima qilish mumkinu nima mumkin emasligi mutassil aytib kelinadigan muhit voyaga yetish jarayoniga qanday ta‘sir qilishi mumkin? Bu savol ota-onalarni o‘ylantiradimi?

Yana toshkentlik bir onaning aytishicha, ularning farzandlariga nisbatan qo‘yilayotgan cheklovlarni u mutlaqo tushunadi va qabul qiladi.

"Bir necha yil avval shaharning istagan yerida bemalol sayr qilish mumkin edi. Lekin hozirda qizlarga "ilashish" ilinjida bo‘lgan juda ko‘plar bor. Shuning uchun hamma o‘z farzandini bu kabi holatdan saqlashga harakat qiladi. Agar avvallari bolalar maktabni 10-11 sinfdan keyin bitirishgan bo‘lsa, hozirda 9 sinfdan keyin bitirmoqdalar, hali ular mutlaqo yosh bola".

Ayolning aytishicha, hatto maktab hududida o‘tkazilayotgan marosimlarda hozirda qo‘shimcha qo‘riqchilarni jalb qilishga harakat qiladilar, chunki yon-atrorfdagi maktablardan bezori bolalar kelib, xalaqit berishga uringan vaqtlari ham bo‘ladi.

"Sovet davrida ham bizlar bitiruv kechalarini o‘tkazgan vaqtimiz, ota-onalarimiz kuzatib borishardi. Bu tabiiy holat".

Lekin vaziyat qanday bo‘lmasin, aziyat chekishi mumkin bo‘lgan tomonga cheklovlar qo‘yish ne qadar oqil qadam? Tilga olingan muammolarni hal qilish yo‘llari ko‘rilsa va qayerda bo‘lmasin aksariyat uchun marosimlar o‘tkazish va sayl qilish imkonini yaratish yo‘lida harakat qilingani maqsadga muvofiq emasmi? - deyishadi boshqalar.

"Bu endi masalaning siyosiy tomoni bo‘lsa kerak. Men ona sifatida farzandimning xavfsiz bo‘lishini xohlayman xolos. Tumanimizda biron kor-hol ro‘y bersa, militsiyadan kelib, farzandlarimiz bilan suhbat o‘tkazishadi, ma‘lumot berishadi. Men buning uchun juda minnatdorman", - deydi bitiruvchilardan birining onasi.

Nazorat usullari yildan-yilga ko‘payib borayotgan sharoitda mustaqil qaror olishni yoshlar qanday o‘rganadilar?

Ayolning aytishicha, mustaqil qaror olish yoshiga yetgunga qadar, dastlab bolalar sog‘-omon bo‘lishlari kerak.

Siz bu kabi cheklov va nazorat usullari haqida qanday fikrdasiz?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio