Eron "Islomiy Davlat"ning asl qiyofasini ochmoqchi"

Image copyright BBC World Service

Xabarlarga ko‘ra, Eronda xuddi shu maqsadda xalqaro karikaturalar tanlovi e‘lon qilingan.

Bu haqda Tehronning Press TV televizion kanali xabar bergan.

Ushbu televizion kanal xabarlarida aytilishicha, tanlov Erondagi "Karikaturalar uyi" tomonidan e‘lon qilingan va unda istagan odam o‘z ijodi namunalari bilan qatnashishi mumkin.

Ammo, shart shuki, tanlovga taklif etilayotgan karikaturalar "Islomiy Davlat" guruhi sodir etayotgan jinoyatlarni hajviy yo‘lda aks ettirgan bo‘lishi shart bo‘ladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, shu yo‘l bilan Yaqin Sharqda o‘z islomiy xalifatiga ega va dunyodagi eng qudratli bu guruhning haqiqiy yuzini ko‘rsatishmoqchi.

"Islomiy Davlat" o‘zini Islom dini bilan uyg‘unlikda ko‘rsatishga urinib keladi. Aslida esa, guruh Islom dini haqida, hatto, tasavvurga ham ega emas", - deydi Erondagi "Karikaturalar uyi" rahbari Mas‘ud Sho‘jaiy Tabatabayi.

Allaqachon ayrimlari Eron televizion kanali tomonidan namoyish etilgan karikaturalarda G‘arb davlatlari, ayniqsa, AQSh "Islomiy Davlat"ning dastaklovchisi sifatida aks ettirilgan.

Image copyright BBC World Service

Ularning "Islomiy Davlat" vositasida Iroq, Suriya va Liviyaga kirib olish rejasida ekanliklariga ishora berishga harakat qilingan.

Press TV televizion kanaliga ko‘ra, "Islomiy Davlat" faoliyat qiluvchi davlatlar fuqarolarining bu tanlovda ishtirok etishlari oson bo‘lmayotir.

Ularning xabarlaridan ayon bo‘lishicha, ayniqsa, Suriya va iroqliklar guruh bunga javoban izlariga tushib, o‘zlaridan qasos olishi mumkinligidan xavotirdalar.

"Tehran Times" nashrining tanlov hakamlar hay‘ati rahbari muovini Muhammad Habibiyning so‘zlariga tayanib yozishicha, "ayrim chet ellik karikaturachilar ham aynan xavfsizliklari bilan bog‘liq sabablar tufayli tanlovda o‘zga nom bilan qatnashishni ma‘qul ko‘rishgan".

Eron ommaviy-axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, shu paytgacha tanlovga taqdim etilgan 800 ta "ish" orasidan 280 tasi tanlab olingan.

Ularning orasida Buyuk Britaniya, Peru, Italiya, Kuba, Frantsiya va avstraliyalik karikaturachilarning ijod namunalari borligi aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, ushbu karikaturalar allaqachon Tehronda ko‘rgazmaga qo‘yilgan va g‘oliblar ham iyun oyiga qolmay e‘lon qilinadi.

Ammo Eron ommaviy-axborot vositalari xabarlarining biror bir yerida g‘oliblarga atalgan mukofotning nima ekani haqida so‘z bormaydi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq