"Islomiy Davlat" Afg‘onistonda jadallik bilan faollashmoqda"

Image copyright AFP

Bunday xavotir bilan ilk bor Afg‘onistondagi Nato kuchlari Bosh qo‘mondoni chiqqan.

General Jon Kempbellga ko‘ra, dunyodagi eng qudratli va jangari bu guruh hozir Afg‘onistonda faollik bilan o‘ziga yangi jangarilar yollamoqda.

Uning aytishicha, bunga toliblarning uzoq yillik liderlari Mulla Muhammad Umardan noroziliklari va yangi manbalarga qo‘l solish ilinji sabab bo‘lmoqda.

Ammo, Bosh qo‘mondonning iddao etishicha, bu kabi jadal sa‘y-harakatlariga qaramay, "Islomiy Davlat", hozircha, Afg‘onistonda jangga kirishish salohiyatiga yetganicha yo‘q.

Shunda ham, general Kempbellga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatning Suriya va Iroqdagisi kabi tus olmasligi uchun "Islomiy Davlat" faoliyati kengayishining oldini olishga harakat qilishadi.

Eslatib o‘tish joiz, general Jon Kempbellning so‘zlari "Islomiy Davlat" guruhi Afg‘onistonda o‘zining ilk hujumini uyushtirish va Tojikistonga bevosita qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida birinchi marta Tolibon bilan bir safda jang qilishga muvaffaq bo‘lganiga oid xabarlardan qisqa vaqt o‘tmay yangramoqda.

Image copyright Reuters

O‘tgan oy sharqiy Jalolobod viloyatida amalga oshirilgan va o‘nlab insonning umriga zomin bo‘lgan qonli xudkushlik hujumi – "Islomiy Davlat" Afg‘oniston tuprog‘ida mas‘uliyatini o‘z zimmasiga olib chiqqan birinchi hujum bo‘lgandi.

Qunduzdagi voqe‘lik esa, shu paytgacha bu ikki guruhni bir-biriga yovqarash mavqe‘da bilib kelgan aksariyat harbiy tahlilchilarni ham shoshirib qo‘ygandi.

Voqealarning bu kabi rivojidan "Islomiy Davlat"ning toliblarni yangicha, zamonaviy va yirik urushlarga tayyorlash istagida ekani anglashilgandi.

Guruh shu yil yanvar oyida Afg‘onistonda ham faoliyat olib borishini ko‘zlab, Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solgan.

O‘zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatini globallashtirib, Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oluvchi qadim Xurosonni qayta tiklash niyatida.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga qo‘shni Eron va Afg‘onistonning ma‘lum hududlari esa, qadimda Xuroson, deb yuritilgan.

Afg‘onistonga esa, yangi milliy birdamlik hukumati qudratga kelgan o‘tgan yil sentyabr oyidan boshlab sizib kirishga muvaffaq bo‘la boshlagan.

Ustiga ustak, "Islomiy Davlat" guruhi katta sondagi G‘arb qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etgan, prezidentlik saylovi bilan bog‘liq yarim yillik bo‘hron va yangi Vazirlar Mahkamasini tashkil etishdagi kechikishlar sabab, Afg‘onistonda turli qurolli guruhlar qayta bosh ko‘targan bir manzarada mintaqada faollashishga harakat qilmoqda.

"Islomiy Davlat" va Afg‘oniston

Image copyright AFP

"Islomiy Davlat"ning mintaqadagi ilk lideri ham Afg‘onistonning janubiy Helmand viloyatilik sobiq Tolibon qo‘mondoni Abdul Rauf Xadim bo‘lgan va u so‘ngroq amerikaliklarning dron hujumida o‘ldirilgandi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" mintaqadagi yangi tarmog‘ining rahbari ham Pokiston Tolibon harakatining sobiq yuqori martabali qo‘mondoni Hafiz Sayid Xon bo‘ladi.

Bundan tashqari, "Islomiy Davlat" shu paytgacha mintaqada yollashga muvaffaq bo‘lgan yangi jangarilarining aksariyati har ikki harakatga mansub sobiq toliblardir.

Shu kunlarda "Islomiy Davlat" guruhi Afg‘onistonning barcha burchaklarida o‘z istehkomlari va tayyorgarlik jamloqlarini tashkil qilish harakatida ekaniga oid xabarlar ham bor.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining maxsus yig‘inida ham "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistondagi hozirligi yuzasidan jiddiy xavotirlar yangragandi.

Xalqaro tashkilotning maxsus vakili, agar, "Islomiy Davlat" Afg‘onistondagi jangarilarini bir safga jamlaydigan bo‘lsa, voqealar xavotirli tus olishi ehtimolidan ham tashvish bildirgandi.

Image copyright

Bu kabi chiqishlarga rasman munosabat bildirarkan, Afg‘oniston prezidenti idorasi "Islomiy Davlat"ni mavh etish uchun maxsus choralarga qo‘l urish rejasida ekanliklari va guruhga qarshi o‘z kurashlarini davom etdirishlarini bildirgandi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, so‘nggi oylarda bu kabi xavotir bilan chiqayotgan biror bir tomon Afg‘onistondagi "Islomiy Davlat" saflariga yollangan jangarilarning aniq soni haqida biror bir ma‘lumot berishmagan. Ammo ularning so‘zlaridan ulardan aksariyatining sobiq toliblar ekani anglashiladi.

Shuni ham eslatib o‘tish kerakki, har ikki Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi sanalgan va so‘nggi yillarda asosan Afg‘oniston shimolida qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yil oxirida rasman "Islomiy Davlat" guruhiga bay‘at keltirgan.

Shu paytgacha mintaqadagi aksariyat yirik jangari guruhlar aynan Mulla Muhammad Umarga bay‘at keltirib kelishgan.

Voqealarning "Islomiy Davlat" bilan bog‘liq mintaqadagi o‘tgan yarim yillik rivojiga Afg‘oniston Tolibon harakatining lideri biror bir rasmiy munosabat bildirmagan.

"Islomiy Davlat"ning mintaqadagi tarmog‘i voizi Shahidulloh Shahid esa, yaqinda bundan buyog‘iga ham "Islomiy Davlat" safiga qo‘shilish istagidagi toliblar soni ortib borishini bayon qilgandi.

"Islomiy Davlat" va mintaqa

Boshqa tomondan, ayrim internet nashrlarida Afg‘onistonga bevosita qo‘shni O‘zbekiston "Islomiy Davlat"ning allaqachon Markaziy Osiyoda ham faollashishga ulgurganidan tashvishda ekaniga oid maqolalar bo‘y ko‘rsatgan.

Voqealarning so‘nggi rivojidan mintaqadagi barcha davlat rahbarlari jiddiy xavotir izhor etib chiqishgan, o‘z chegaralarini mustahkamlash va turli xavfsizlik choralarini ko‘rish harakatiga tushib qolishgani ham bor gap.

Saflaridagi jangarilarining soni 30.000 dan oshishi aytiluvchi "Islomiy Davlat" joriy paytda dunyodagi eng qudratli jangari guruh sanaladi.

Joriy paytda Markaziy Osiyoliklari doxil butun Janubiy Osiyo davlatlaridan Yaqin Sharqda "Islomiy Davlat" saflarida jang qilayotgan fuqarolarning soni minglab ekani aytiladi.

Yaqinda e‘lon qilingan rasmiy ma‘lumotlar o‘tgan bir necha yilning ichida o‘z yo‘llarini Suriya va Iroqqa solgan markaziy osiyoliklarning soni ikki mingdan to‘rt mingtagacha ekaniga dalolat qilgandi.

Ham mintaqaviy va ham xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, mintaqadagi bu jangari guruhlar o‘zlarining rasman bay‘at keltirish qarorlari bilan "Islomiy Davlat"ning obro‘si, mavqei, insoniy va moliyaviy resurslaridan foydalanishmoqchi, qayta faollashishmoqchi.

Tahlilchilar, o‘z o‘rnida, mavjud vaziyatni nazarda tutib, shu yaqin kelajakda mintaqada jangari guruhlarning yangi global tarmog‘i vujudga kelishi ehtimolini ham nazardan soqit etishmaydi.

Boshqa tomondan, Afg‘oniston o‘tgan 14 yil badalida o‘n minglab sondagi xorijiy qo‘shinlarning ko‘magi bilan ham o‘z hududidagi Tolibon muammosiga barham bera olmagan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq