"Koreyadagi aeroportga oyog‘imni qo‘yib olsam bas - o‘zim bilaman keyin nima qilishni"

Image copyright AP

Bugundan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Koreya respublikasiga rasmiy tashrifi boshlanadi. Hozir Janubiy Koreyada mehnat qilayotgan, ta‘lim olayotgan yoki turmush qurgan o‘zbekistonliklar soni bir nech mingdan oshadi va bu ko‘rsatkich yildan-yilga o‘sib boryapti. Koreyada yashovchi o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist xabari.

Janubiy Koreyada yashovchi o‘zbeklar koreys davlati rahbari O‘zbekistonga kelsa yoki O‘zbekiston prezidenti Koreyaga tashrif buyursa bir qancha yengilliklar paydo bo‘lishiga umid qilishadi.

Hozir Koreya Respublikasi sanoatining deyarli barcha sohalarida mehnat qilayotgan o‘zbek muhojirlarining aniq soni haqida rasmiy ma‘lumotlar oshkor qilinmaydi.

Janubiy Koreyadagi aksar o‘zbekistonliklar u yerdagi mehnat vizasi bilan bog‘liq qonun-qoidalar yengillashtirilishini istaydi.

Toshkentdagi tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ishi tushganlar bu idora orqali shartnoma asosida Koreyaga ishga ketish tizimi korruptsiyaga botganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, koreys tilidan imtihondan o‘tish jarayonlari ham poraxo‘rlik girdobida.

Koreya orzusidagi o‘zbeklar ko‘p hollarda 5-6ming dollarning bahridan kechib bo‘lsa ham u mamlakatga ketishga intilishadi.

Mehnat shartnomasi orqali borishning uddasidan chiqolmagan yurtdoshlarimiz esa o‘zbeklar "biznesmen vizasi" deb ataydigan 3 oylik viza orqali Koreyaga yetib olishadi va nolegal maqomda bo‘lsa-da mehnat qilishadi.

Ayni kunlarda esa "biznesmen vizasi"ni olish ham nolegallik holatlari kuchayganligi tufayli ancha qiyinlashganligi aytiladi.

Koreyadagi oliy o‘quv yurtlarining ta‘lim dasturlari orqali Koreyaga ketib, u yerda nolegal ishlab yurganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

"Koreyadagi aeroportga oyog‘imni qo‘yib olsam bas - uyog‘ini o‘zim bilaman nima qilishni", - deydi Koreyaga ketishga harakat qilayotgan bir suhbatdosh.

O‘zbekistonda ishsizlik yuqori darajada qolarkan, ba‘zi o‘zbekistonliklar Prezident Karimovning Koreya safaridan mehnat vizasi tizimi yengillashtirilishi, Koreyaga mehnat uchun borish tizimini takomillashtirilishidan umid qilishmoqda. Shunday ekan, Koreyada ishlash istagidagi o‘zbeklar Prezidentning Koreya safarini diqqat bilan kuzatishyapti.

Boshqa tomondan, Koreyadagi o‘zbekistonliklar ham prezidentning bu safargi tashrifidan umidlari katta.

Jumladan, Koreyadagi o‘zbeklar ushbu mamlakatda imkonqadar uzoqroq muddat qolishni istashadi.

Hozirda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi orqali Koreyaga yuborilgan mehnat muhojiri 4 yilu 10 oy muddatga mehnat bitimini tuzadi.

Ushbu muddat yakuniga yetgach esa O‘zbekistonda tuzuk ish topa olishiga ko‘zi yetmagan va qaytgan taqdirda ham Koreyaga yana borishi uchun pora berishga majbur bo‘lishini biladigan muhojir nolegal maqomda ishlashda davom etaveradi.

Hozirda Koreyada minglab nolegal o‘zbek muhojirlari mavjud. Shunigdek, koreyaliklar bilan turmush qurgan yurtdoshlarmizning farzandlari borasidagi muammolar ham oxirgi paytlarda jiddiylashdi.

Ayollarimizning koreys erkak bilan nikohidan tug‘ilgan farzandlarining fuqaroligi va xujjatlari masalasi ancha murakkab bo‘lib qoldi. Koreyaga turmushga chiqib, eri bilan ajrashgan va huquqlari poymol bo‘layotgan o‘zbek qizlari ham oz emas.

Aksar hollarda eridan ajrashgan o‘zbek qizlari barcha huquqlarini boy beradi.

Shu bilan birga Koreyada ta‘lim olayotgan o‘zbekistonliklar o‘qishni tugatgach shu yerda qolishni va ishlashni istashadi. Lekin, aksar hollarda mehnat vizasini olish oson emas.

Shu ma‘noda O‘zbekistondagi o‘zbeklar ham, Koreyadagi o‘zbek muhojirlari ham bugungi yuqori darajali tashrif hujjatlar muammosini hal etishi va o‘zaro bordi-keldini osonlashtirishini kutishmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer