Xitoy: Shinjonda olib borilgan maxsus amaliyotni olqishladi

Image copyright none
Image caption Maxsus amaliyot "xalq ishtirokidagi urush" sifatida olqishlangan

Xitoy hukumati g‘arbiy Shinjon mintaqasi xavfsizlik kuchlari qariyb bir yillik amaliyotlari chog‘i 181ta terror guruhini fosh qilinganini olqishlagan.

Aytilishicha, ularning aksari endi reja tuzayotgan bosqichda bo‘lishgan.

"Yakson qil maxsus amaliyoti" o‘tgan yilning 23 mayida, Urumchidagi xudkushlik hujumlari ortidan boshlangandi. Hujumlarda 39 inson hayotdan ko‘z yumgandi.

Xitoy matbuotiga ko‘ra, terrorchilar va diniy ekstremistlarni nishonga olgan maxsus amaliyot kuchli jilovlash vositasiga aylangan. Amaliyot davomida 112 shaxs o‘z ixtiyori bilan politsiyaga taslim bo‘lgan.

Matbuot oddiy oadamlar ham ushbu kampaniyani qo‘llab-quvvatlashgani, jinoyatlar haqida xabar berishgani haqida yozgan.

O‘z o‘rnida maxsus amaliyot qonun doirasida olib borilgani hamda ayblanuvchilar haqlari hurmat qilingani urg‘ulanadi.

Ammo, Pekin terror guruhi deganda nimani nazarda tutayotgani qorong‘u. Jurnalistlarning Shinjonga kirishlari cheklangan, bu bois xabarlarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkonsiz qolmoqda.

Hatto, Xitoy andozalari nuqtai nazaridan ham bu kabi katta sondagi terrorchi guruh haqida gapirish ishonish qiyin bo‘lgan holat.

Amaliyot doirasida qurolli patrullar, nazorat nuqtalari tashkil qilingan, mahallalar tarmog‘i xonadonlarni kuzatib borgan. Boshqa tomonda esa, diniy ekstremizm holatlarga barham berish uchun maxsus dastur yo‘lga qo‘yilgan. Noqonuniy videoyozuvlar savdosi va noqonuniy turmush qurishga bosh qo‘shgan jinoyatchilar ushlangan.

Ayni paytda xabarlarda "Yakson qil maxsus amaliyoti" jarayonida qator hujumlar ro‘y bergani tilga olinmaydi. Jumladan, Qashg‘ordagi 12 oktyabr kuni 22 insonning umriga zomin bo‘lgan hodisa ham nazardan chetda qoldirilgan.

Xavfsizlik amaliyotida 10, 000 ga yaqin oddiy odamlar yordam berishgani aytilar ekan, amaliyot "xalq ishtirokidagi urush"ga yorqin namuna sifatida olqishlangan.

Shinjon qayerda va u yerda kimlar yashaydi?

Image caption Uyg‘urlar madaniy va etnik kelib chiqishlari jihatdan o‘zlarini ko‘proq Markaziy Osiyo xalqlariga yaqin sanaydilar

Xitoyning Shinjon muxtor mintaqasi yerli aholisi bo‘lgan etnik uyg‘urlar va Xitoy hukumati o‘rtasidagi ixtilof tarixi uzoq yillarga borib taqaladi.

Shinjon muxtor o‘lkasi Xitoy g‘arbidagi juda katta hududni egallaydi.

Xitoy boshqaruv mintaqalari orasidan eng yirigi hisoblangan Shinjon sakkiz mamlakat - Mo‘g‘iliston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston, Pokiston va Hindiston mamlakatlariga chegaradosh.

Shinjonga katta sonda Xitoy xanlarini ko‘chirib keltirish boshlanishidan oldin uyg‘urlar aholining aksar qismini tashkil qilishgan.

Uyg‘urlar musulmon va Islom ularning hayoti va shaxsiyatining muhim qismi hisoblanadi. Ular turkiy uyg‘ur tilida so‘zlashadilar.

Uyg‘urlar madaniy va etnik kelib chiqishlari jihatdan o‘zlarini ko‘proq Markaziy Osiyo xalqlariga yaqin sanaydilar.

Mintaqa iqtisodi asosan qismini qishloq xo‘jaligi va savdoga tayanadi. Qoshg‘ar kabi shaharlar qadimiy va mashhur Ipak yo‘lida joylashgan.

Ammo, taraqqiyot mintaqaga yangi odamlarni olib keldi. 2000 yilgi aholini ro‘yxatga olish jarayonida Xitoy xanlari mintaqa aholisining 40 foizni tashkil qilishi aniqlangan. Mintaqada joylashtirilgan qo‘shinlar va qayddan o‘tmagan muhojirlar bundan istisno.

Shinjon qachondan Xitoy tarkibiga kirgan?

Mintaqa tarixda vaqti-vaqti bilan muxtor o‘lka, ba‘zi-ba‘zida mustaqil davlat maqomida bo‘lib kelgan. Biroq, Shinjon ilk bor 18 asrda Xitoy boshqaruviga o‘tgani ma‘lum.

1949 yil Shinjonda Sharqiy Turkiston davlati e‘lon qilingan. Biroq, bu mustaqillikning umri qisqa bo‘lgandi. Xuddi shu yili Shinjon rasman Xitoy tarkibiga qo‘shib olingan.

1990 yillar Sho‘rolar Ittifoqi qulashi va Markaziy Osiyoda aksar musulmonlar yashovchi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishi ortidan bo‘lginchilarga ochiq dastak kuchaydi.

Ammo, Pekin namoyishlarni bostirdi va faollar yashirin faoliyatga o‘tishdi.

Beqarorliklar asosida nima turibdi?

Masalaning murakkabligi hisobga olinarkan, ko‘plar uyg‘urlar va Xitoy xanlari o‘rtasidagi etnik tanglikni iqtisodiy va madaniy omillar bilan bog‘laydilar. Aynan mana shu tanglik mintaqada zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan.

Yaqin o‘n yilliklarda energetika va sanoat sohasida yo‘lga qo‘yilgan yirik loyihalar Shinjon shaharlariga taraqqiyot olib keldi. Bu esa, mamlakat sharqiy hududlaridagi yuqori malakali Xitoy xanlarini o‘ziga tortdi.

Aytilishicha, eng yaxshi ishlar ularga berilgani va aksariyat iqtisodiy jihatdan muvaffaqiyatga erishgani, bu esa, uyg‘urlarni g‘azablantirgani aytiladi.

Faollariga ko‘ra, Xitoy davlati bosqichma-bosqich uyg‘urlar dini, tijorati va madaniy faoliyatiga bolta urmoqda.

Uyg‘urlar Islomiy majburiyatlarini bajarishda keskin cheklovlarga duch kelayotganlarini aytishadi. Ularga ko‘ra, masjidlar borgan sari kamaymoqda va diniy maktablarga nazorat kuchaytrilmoqda.

Xalqaro Amnesti guruhi 2013 yil chiqargan hisobotga ko‘ra, hukumat "noqonuniy diniy" va "bo‘lginchi hatti-harakatlar" degan tamg‘a bilan "madaniy qadriyatlarni tinch ifodalash"ga qarshi kurash olib boradi.

2014 yil iyul oyida Shinjondagi ba‘zi davlat idoralaridagi musulmon xizmatchilarga Islomning muqaddas oyi - Ramazonda ro‘za tutish taqiqlangan. Xitoy hukumati Shinjonda ro‘za tutishga ilk bor taqiq kiritgani yo‘q. Ammo, bu galgi qaror uyg‘ur ekstremistlari tomonidan amalga oshirilgani ishonilgan hujumlar ortidan olindi. Ayni paytda bunday cheklovlar mintaqadagi tanglikni yanada kuchaytirishi ehtimolidan xavotirlar bildiriladi.

Zo‘ravonliklar qanday rivoj topdi?

Hukumat 1990 yilgi ko‘cha namoyishlaridan ortidan va 2008 yilgi Pekin Olimpiada o‘yinlari oldi uyg‘urlarga nisbatan bosimlarni oshirganlikda ayblanadi.

Ammo, 2009 yilga kelib hodisalar haqiqatda avjga chiqdi, poytaxt Urumchida kuzatilgan keng ko‘lamli etnik chiqishlarda 200 inson o‘ldirildi. Rasmiylar o‘lganlarning aksari Xitoy xanlari ekanini aytishadi.

Shundan so‘ng, Pekin Shinjonda xavfsizlikni kuchaytirdi va ko‘plab uyg‘urlarni gumondorlar sifatida hibsga oldi. Biroq, zo‘ravonliklar bu bilan to‘xtamadi.

2012 yilning iyunida 6 nafar uyg‘ur Xo‘tandan Urumchiga uchayotgan samolyotni olib qochishga uringani xabar qilindi.

2013 yil apreli va iyunida yana qon to‘kildi. Shanshan tumanida, davlat matbuoti tili bilan aytganda pichoqlar bilan qurollangan olomon mahalliy hukumat binolariga hujum qilarkan, politsiya o‘t ochdi va 27 inson hayotdan ko‘z yumdi.

Hodisalar yuzasidan tafsilotlarni aniqlash mushkul, chunki xorijiy jurnalistlarning mintaqaga kirishlari qattiq nazorat qilinadi.

Yaqin oylarda oddiy odamlarni nishonga olgan kattaroq ko‘lamdagi zo‘ravonliklar kuzatildi.

2014 yil mayida Urumchi bozorida portlovchi vositalar joylangan ikki avtomashina to‘qnasharkan, kamida 31 inson nobud bo‘ldi va 90dan ortiq kishi tan jarohati oldi. Xitoy buni "zo‘ravon terror hodisasi" deb ta‘rifladi.

30 aprel kuni esa, Urumchi markaziy poyezd stantsiyasida bomba portlagandi. Hodisada 3 inson o‘lgan va 79 kishi yaralangandi.

Ayrim hodisalar Shinjon tashqarisida amalga oshirildi. 1 mart kuni Kunming poyezd stantsiyasida odamlarga pichoqlar bilan hujum qilishgan. 29 inson hayotdan ko‘z yumgan. Unda ham Shinjon bo‘lginchilari ayblangan.

2013 yil 28 oktyabr kuni Pekinning Tyananmen maydonida to‘satdan avtomobil olomon ustiga yurgan va keyin portlab ketgan.

So‘nggi hujumlarga javoban Xitoy hukumati "terrorizmga qarshi bir yillik kampaniya" boshlaganini e‘lon qildi.

Bunga Shinjondagi shaharlarda xavfsizlikni kuchaytirish va mintaqada navbatdagi harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazishni ham o‘z ichida oladi.

Shuningdek, qator "terror guruhlari"ga uzoq yillik qamoq jazolari berilgani va hibsga olingani haqida xabarlar keldi.

Xitoy davlat matbuoti ekstremistik faoliyatlarda ayblanib hukm qilingan odamlar uzun ro‘yxatini e‘lon qildi. Ayrimlarga o‘lim jazo berilgandi.

2014 yil yanvarida nufuzli Uyg‘ur professori Ilhom To‘xta bo‘lginchilikda ayblanib qo‘lga olindi va u hamon qamoqda qolmoqda.

Xitoy Shinjon va mintaqa tashqarisida yuz bergan zo‘ravonliklarda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati (ShTIH) va undan ilhomlangan odamlarni ayblaydi.

ShTIH Xitoyda mustaqil Sharqiy Turkiston davlati barpo etishni ilinjida ekani aytiladi. Qo‘shma Shtatlar davlat departamenti 2006 yil ShTIHni "uyg‘ur bo‘lginchi guruhlarini eng jangarisi" sifatida qayd etgan.

Ammo, Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati nimalarga qodir ekani qorong‘u qolarkan, ayrimlar guruhning jiddiy ekstremistik amaliyotlarni tashkil qilishga qanchalar imkonli ekanini savol ostiga oladi.

ShTIHning o‘zi biron bir hujum ortida turganini aytmaydi. Xitoy hukumati esa, Sharqiy Turkiston Islomiy Partiyasi Kunmingdagi hujumni qo‘llab-quvvatlab videoyozuv tarqatgani haqida aytadi.

Shinjonga aloqador zo‘ravonliklarning kuchayishi, uning ortida kim va qanday omillari turgani borasidagi savollarga javob topish uchun ko‘proq tadqiqlot o‘tkazish kerak bo‘ladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio