Tojikistonda qator Internet sahifalar ochilmayapti

Image copyright Getty

Tojikistondagi Internet foydalanuvchilari mamlakat hududida qator web-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga kirish imkonsiz bo‘lib qolgani haqida xabar qilmoqdalar.

28 may kechqurun Tojikiston hududida "Odnoklassniki" va "Vkontakte" ijtimoiy tarmoqlari, "Ozodi" radiosi hamda "Asia-plus" web-saytlariga to‘siq qo‘yilgan.

Tojikiston hukumati qoshidagi Axborot xizmati BBC bilan suhbatda Internet sahifalariga to‘siq qo‘yish borasida biror ko‘rsatma berilganini rad etganlar.

Ammo Tojikiston Internet-provayderlari birlashmasida qator web-saytlar yopib qo‘yilganini tan olganlar, cheklov sababi nimada ekani borasidagi savolga ochiqlik kiritmaganlar.

Bundan oldin ham Tojikistonda Youtube videoportali va qator Internet sahifalarga vaqtincha to‘siq qo‘yilgani hollari ko‘p bor kuzatilgan.

Internet-provayderlar Aloqa xizmatidan Internetga to‘siq qo‘yish haqida og‘zaki ko‘rsatmalar olganlar.

Internetga cheklov bir kun oldin virtual olamda tarqalgan Tojikiston Ichki ishlar vazirligi maxsus bo‘linmasi sobiq qo‘mondoni Gulmurod Halimov videomurojaati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

40 yoshli polkovnik Gulmurod Halimov aprel oyi oxirida g‘oyib bo‘lgan, o‘z videosida Tojikistonda Islom dini va musulmonlarga qarshi siyosat olib borilayotganiga norozilik sifatida "Islomiy Davlat" safiga qo‘shilgani haqida e‘lon qilgan.

Sobiq qo‘mondon Tojikiston harbiylarini hamda Rossiyada bo‘lgan mehnat muhojirlarini "Islomiy Davlat" safiga qo‘shilishga chaqirgan.

Polkovnikning murojaati rus tilida yozilgan.

Videomurojaat 12 daqiqadan ko‘proq davom etadi.

Halimov g‘oyib bo‘lishidan ko‘p o‘tmay, uning "Islomiy Davlat"ga qo‘shilgani haqida farazlar paydo bo‘lgan.

Tojikiston nashrlarining Ichki ishlar vazirligidagi manba‘larga iqtibosan xabar berishlaricha, Suriyaga qochgan zobit oxirgi paytlarda "Islomiy Davlat" faoliyati, g‘oya va tuzilmasi haqida ma‘lumot to‘plash bilan mashg‘ul bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer

Bu mavzuda batafsilroq