Gastarbayter bolalar

Image copyright none
Image caption Muhojirlarning 10 foizigina farzandlarini o‘zlari bilan olib kelishlari aytiladi

Ayni paytda Rossiya hududidagi chet ellik bolalarning soni bo‘yicha aniq rasmiy ma‘lumot yo‘q.

Ekspertlar tahlilicha, mamlakatdagi 5 milliondan ziyod muhojirlarning 10 foizigina farzandlarini o‘zlari bilan olib keladilar.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 ming nafar atrofidagi chet ellik bolalarning eng ko‘p qismi o‘zbekistonliklar tashkil etadi.

Ularning taqdiri ota-onalarinikidan ham ko‘ra achinarliroq: ular yo ilm olishdan mosuvo bo‘lib uyda qarovsiz o‘tirishga yo-da, yosh holida ota-onasiga yordam berish uchun og‘ir ishlarda ham ishlashga majbur.

Kamdan-kam hollarda esa, maktablarga joylashib tahsilni davom ettirishadi.

- Uyda qarashga hech kim yo‘qligi uchun o‘g‘limni o‘zim bilan olib kelganman, - deydi 12 yoshli Ulug‘bekning onasi buxorolik Mohira opa. - To‘g‘risi, maktabni surishtirmadik, o‘zi ham o‘qishga qiziqmadi. Jiyanlarim uy ta‘mirlashadi. O‘g‘lim ularga kuchi yetgancha qarashayapti, qo‘liga oz-moz bo‘lsayam pul berib turishibdi. Harna-da!

Bundan ikki yil oldin mehnat muhojirlari orasida voyaga yetmagan bolalarning turli sohalarda ishlashi ko‘p kuzatilar edi. Ammo, Rossiya hukumatining 18 yoshga to‘lmaganlarga ishlash ruxsatnomasi bermaslik to‘g‘risida qarori e‘lon qilingandan so‘ng, yosh gastarbayterlar yashirincha ishlay boshlashdi.

- Ayam bilan kelganimda 15 yoshda edim, - deya hikoya qiladi Mashrab. - Ularni yordamida "Kafe-Xaus"ga ofitsiant bo‘lib ishga kirgandim, ishni yaxshi o‘rgangach, barmenlikka o‘tdim. Keyin kafe direktori 18 ga kirmaganlarni qo‘ymayapti, deb meni ishdan bo‘shatdi. O‘shandan beri do‘konda yuk tashuvchilik qilayapman. Ishi og‘irrog‘u, lekin hech kim tekshirmaydi.

Aksar yosh mehnat muhojirlari ta‘limni davom ettirishni istashmaydi. "Ruschani yaxshi bilaman, keyin o‘qish niyatim ham yo‘q, nima qilaman o‘qib?!" - deydi Mashrab. - "Undan ko‘ra, ayamga qarashganim yaxshi. Chustdan uy olmoqchimiz, uyimiz yo‘q..."

Xususiy ish beruvchilar esa yosh bolalarni ko‘proq mayda savdo-sotiq ishlariga jalb qilishadi. Yosh gastarbayterlarning Rossiyadagi mehnatini sotsiolog Olga Vorobey tabiiy hisoblaydi.

- "Osiyo mamlakatlarida bolalar 7 yoshdan boshlab qishloq xo‘jaligi va boshqa ishlarga yordamchi bo‘lib voyaga yetishadi. Ota-onalar ularni yordamchi sifatida o‘zlari bilan olib kelishlari, mehnatga jalb qilishlari ajablanarli emas".

Ma‘lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Rossiyada mehnat muhojirlarining 40-50 mingdan ziyod bolalari mehnat qilayotgani aytiladi.

Boshqa bir mehnat muhojirlari esa bolalarini bog‘cha yoki maktablarga joylashtirish juda qiyinligidan nolishadi.

Image copyright none
Image caption Rossiya hukumatining 18 yoshga to‘lmaganlarga ish ruxsatnomasi bermaslik to‘g‘risida qarori e‘lon qilingandan so‘ng, yosh gastarbayterlar yashirincha ishlashadi

Mamlakatdagi qonun-qoidalarga ko‘ra, chet elliklar farzandini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish uchun bolani turar joyida migratsion ro‘yxatga qo‘yishi, tibbiy ma‘lumotnoma kabi xujjatlarni taqdim etishi kerak. Bola uchun tibbiy ma‘lumotnomani olish ham bir muammo bo‘lsa, uy egalari bolalarni ham o‘z uylariga ro‘yxatga qo‘yishni istashmaydi.

Rossiyada mehnat muhojirlarining minglab bolalari maktabga umuman borishmaydi. Farzandi kelajagi uchun qayg‘urgan mehnat muhojirlari uzoq yugur-yugurlar bilan bolalarini maktabga joylashga muvaffaq bo‘lishayapti.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Moskva maktablarida 70 ming nafar mehnat muhojirlarining farzandlari o‘qimoqda. Ulardan 37 mingga yaqini rus tilini bilmaydi.

- Moskvada chet elliklarning bolalari uchun 12 ta rus tili maktabi faoliyat yuritmoqda, - deydi Migratsion tadqiqotlar loyihasi markazi rahbari Yuliya Florinskaya. - Ularda til bilmagan bolalar bir-ikki yil maxsus dastur bo‘yicha o‘qitilib, so‘ng oddiy maktablarga o‘tkaziladi. Ammo, keyingi paytlarda nima uchundir rus tili maktablari qisqartirila boshlandi. Bu ketishda chet ellik bolalarning tahsili masalasi nima bo‘ladi, noma‘lum".

Shuningdek, muhojir bolalarni bog‘chaga joylashtirish masalasi ham hamon muammoligicha qolmoqda. Bog‘chalar Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari bolalarini qabul qilmaydi.

- Qizchamni bog‘chaga qo‘yish uchun rosa yugurdim, xatto bir oylik ish haqimni ham taklif qildim, - deydi gulistonlik Dinora. - Olishmadi. Er-xotin ishlashimiz kerak, uyda esa qarashga hech kim yo‘q. Ijara uyda odam ko‘pu, qiz bolani qoldirishga odam havotir qiladi. Uch oy sarson bo‘lib, oxiri qarab turishga rus kampirga pul evaziga berdik.

Mehnat muhojirlari 10-15 kishilab bir uyda ijaraga turishgani bois, ularni tez-tez politsiya "bezovta" qilib turadi. Ana shunday holatlarda bolalar ham sarson bo‘lishga to‘g‘ri kelmoqda.

- Uyimizni politsiya bosganida 10 yoshli bolamni olib ketib qoldi, - deydi farg‘onalik Nigora. - Menga bolalar uyiga topshirdik, deyishdi. Qaysi biriga ekanini aytishmaydi. Butun Moskva bo‘ylab nechta bolalar uyi bo‘lsa, izillab bolamni qidirdim. Oxiri, topib katta pulga jarima to‘lab oldik, O‘zbekistonga olib borib qo‘ydim".

Darvoqe, Rossiya matbuotida bu mavzuga katta urg‘u berilib, "Bolalar uyi" maskanlardagi tashlandiq bolalarning 3 dan biri ham mehnat muhojirlariga tegishli, deya da‘vo qilinadi.

Shuningdek, mahalliy matbuotga tayangan holda, bu mamlakatda tug‘ilayotgan go‘daklarning 30 foizi ham markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining farzandlari degan xulosa chiqarish mumkin.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio