Shoygu: 'Mintaqadagi xavfsizlik Rossiya va Tojikistonga bog‘liq'

Image copyright AP
Image caption Shoygu: 'Markaziy Osiyodagi xavfsizlik ko‘p jihatdan Rossiya va Tojikiston qurolli kuchlarining muvofiqlashtirilgan harakatlariga bog‘liq'

MDHning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a‘zo davlatlar mudofaa vazirlari Dushanbeda tojik-afg‘on chegarasidan jangarilarning sizib kirishiga qarshi tezkor choralarni muhokama qilishgan.

Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzoning aytishicha, hozirda Afg‘onistonda vaziyat keskinlashishda davom etmoqda.

"Bularning hammasi KXShT ga a‘zo davlatlarning sarhadlari yaqinida yuz bermoqda. Bu esa mintaqaviy xavfsizlikka ta‘sir ko‘rsatadi",- deb aytgan tojik mulozimi.

Anjumanda ishtirok etgan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Markaziy Osiyodagi xavfsizlik ko‘p jihatdan Rossiya va Tojikiston qurolli kuchlarining muvofiqlashtirilgan harakatlariga bog‘liq ekanini ta‘kidlagan.

"Xalqaro kuchlarning Afg‘onistondan chiqib ketishi bilan bizning qurolli kuchlarimiz voqealarning eng yomon rivojiga ham tayyor turishlari kerak", - degan janob Shoygu tojik hamkasbi bilan uchrashuv chog‘ida.

O‘tgan oy Tojikistonda KXShTning yirik harbiy mashqlari bo‘lib o‘tgan.

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, Afg‘onistonning shimoliy Badaxshon mintaqasida "Tolibon" bilan birga "O‘zbekiston Islomiy Harakati" va boshqa jihodiy guruhlar amal qilmoqda. Badaxshonning bir qismini hozirda aksilhukumat kuchlari nazorat qilmoqda.

Bundan tashqari, afg‘on maxsus xizmatlari mamlakat shimolida "Islomiy Davlat" guruhining bo‘linmalari paydo bo‘layotganini aytishgan. Tojikistonning Afg‘oniston bilan 1350 kilometrlik chegarasining katta qismi qo‘riqlash qiyin bo‘lgan tog‘li hududlardan o‘tadi.

2013 yilda KXShT tojik chegarachilariga texnik yordam ko‘rsatish haqida qaror qabul qilgan, ammo Tojikiston shu yil aprelida yordamning yetarli emasligini aytib, chegara nuqtalarini mustahkamlash uchun qurol-yarog‘ va maxsus harbiy texnika so‘ragan.

Dushanbedagi anjumanda aytilishicha, afg‘on chegarasidan qurolli hujum yuz bergani taqdirda mintaqaga KXShTning tezkor kuchlari tashlanadi, shuningdek, Rossiyaning Tojikistondagi 201-harbiy bazasi kuchlari jalb etiladi.

Baza poytaxt Dushanbe, Qo‘rg‘ontepa va Ko‘lobda o‘z garnizonlariga ega.

'Samarasiz tashkilot'

Dushanbedagi anjumanda aytilishicha, Afg‘oniston shimolidagi qurolli guruhlar o‘zbek-afg‘on chegarasiga yaqinlashib qolgan.

Ammo jangarilarning hujumi yuz bergani taqdirda Rossiya va boshqa a‘zo davlatlar KXShTdagi a‘zoligini to‘xtatgan O‘zbekiston bilan harbiy harakatlarni qanday muvofiqlashtirishlari noma‘lum.

Rossiyalik harbiy ekspert Aleksandr Golьtsning Bi-bi-siga aytishicha, postsovet hududida O‘zbekistonning ishtirokisiz samarali xavfsizlik tizimini yaratish imkonsiz.

"KXShTga Toshkentda asos solingani bejiz emas. O‘zbekiston mintaqaning eng ko‘p sonli, yirik armiyaga ega va geosiyosiy jihatdan eng muhim davlati. KXShT asli Markaziy Osiyo uchun tuzilgan bir tashkilot.

Unda Belarusning ishtiroki ramziy xolos. Shunday ekan, O‘zbekistonsiz KXShTning harbiy harakatlarni qanday muvofiqlashtirishi tushunarsiz", deydi Aleksandr Golts.

O‘tmishda Prezident Karimov KXShTni samarasiz ishlayotgan tuzilma sifatida tanqid qilgan.

O‘zbekiston tashkilotga a‘zo bo‘lib turgan 2010 yilda KXShTning Tezkor kollektiv kuchlari tuzilishiga faol qarshilik qilgan.

Tahlilchilar Toshkent boshqa sohalarda bo‘lgani kabi harbiy sohada ham Moskva bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni afzal ko‘rishini aytishadi.

O‘zbekiston 2012 yilda ikkinchi marta KXShT dagi a‘zoligini to‘xtatishi ortidan Rossiya bilan harbiy hamkorlikka doir qator ikki tomonlama kelishuvlarni imzolagan.

Prezident Karimov so‘nggi chiqishlarida O‘zbekiston harbiy bloklarga qo‘shilmasligini ta‘kidlagan.

Ammo rossiyalik harbiy tahlilchilar NATO a‘zosi bo‘lgan Olmoniyaning Termezdagi harbiy bazasi jangarilarning ehtimoliy hujumiga qarshi hamma vaqt ishga solinishi mumkinligini aytishadi.

Prezident Karimov o‘z chiqishlarida Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishidan xavotir bildirgan, ammo jangarilarning sizib kirishiga qarshi aniq harbiy harakatlar haqida gapirmagan.

Mintaqada eng yirik armiyaga ega bo‘lgan O‘zbekiston so‘nggi paytlarda Afg‘oniston bilan chegarani yanada mustahkamlayotgani haqida xabarlar olingan.

Ayni paytda Dushanbedagi mudofaa vazirlarining uchrashuvini e‘tiborsiz qoldirgan Toshkent Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Tojikiston poytaxtida boshlanayotgan anjumaniga o‘zining ichki ishlar vazirini yuborgan.

General-leytenant Adham Ahmadboyev oxirgi 17 yil mobaynida Tojikistonga safar qilgan O‘zbekistonning birinchi Ichki ishlar vaziri bo‘lgan.

"Islomiy Davlat" tahdidi Dushanbedagi ShHT Ichki ishlar vazirlari uchrashuvi kun tartibidagi asosiy masalalardan bo‘lishi kutilmoqda.

O‘tgan hafta internetda Tojikiston IIVsining yuqori martabali zobiti, polkovnik Gulmurod Halimovning ID saflariga qo‘shilganini e‘lon qilgan videosi paydo bo‘lgan.

Tojik rasmiylari sobiq polkovnik vatanga xiyonatda ayblanayotganini aytib, uning xalqaro qildiruvga berilganini ma‘lum qilishgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio