“Boburnoma” o‘quv dasturiga kiritilishi shart!”

Taniqli pokistonlik jurnalist Ayoz Amir “Boburnoma”dan ta‘sirlanib, “Biz qanday musulmonlardan kelib chiqqanmiz?” deb sarlavhalangan maqola chop etgan.

Image copyright bbc
Image caption "Bobur nafaqat davlat rahbari, balki chuqur ma‘rifatli odam bo‘lgan"

Maqolada uning yozishicha: “Biz naslimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Temuriylarga bog‘laymiz. Biroq Temuriylar hozirgi diniy partiyalarimizni toqatlik bilan qabul qilisharmidi? Ular diniy rahbarlarimizning pand-nasihatlaridan qanday rag‘batlangan bo‘lishardi?”

Ajdodlar aslida Temuriylarga borib tarqalishi mavzusidagi muhokamalar Pokiston ziyolilari orasida keng tarqalgan bo‘lishi mumkin. Biroq oddiy pokistonliklar Boburiylar va Temuriylar borasida qanchalik xabardor? Ayoz Amir Bi-bi-si O‘zbek xizmatiga bergan suhbatda shunday deydi:

“Albatta, Boburiylar borasida ko‘plab pokistonliklar bilishadi. Lekin biz Boburiylar so‘zidan foydalanmasdan, ko‘proq Mo‘g‘ullar deymiz. Ya‘ni Hindistonda Mo‘g‘ullar sulolasi o‘rnatilganidan beri, butun yarim orolda aynan shu nom ostida ular mashhur bo‘lganlar. Mo‘g‘ullardan qolgan me‘morchilik, san‘at va madaniyatning yorqin namunalari nafaqat Pokistonda, balki hozirgi Hindistonda ham keng tarqalgan. Dehliga safar qilsangiz, u yerda ham Bobur juda mashhur”.

Image copyright bbc
Image caption "Boburnoma”dan biz nimani o‘rganishimiz mumkin?"

Zahiriddin Muhammad Boburning XVI asrda yaratilgan entsiklopedik asari "Boburnoma"ni chuqur o‘rganib chiqqan Ayoz Amir o‘z maqolasida biror marta “mo‘g‘ul” so‘zini ishlatmagan. Biroq shuni aytish kerakki, “Buyuk Mo‘g‘ullar” iborasi dunyo tarixidagi yanglish iboralardan biridir. G‘arb tarixchiliri Temuriylar avlodidan chiqqan Bobur ona tomonidan Chingizxonga bog‘langani tufayli "Mo‘g‘ul imperiyasining asoschisi" yoki Great Mughal deb tanishtirganlar. Ushbu xato ibora Rossiyada "Velikiye mogoly" deb va keyinchalik sho‘rolar O‘zbekiston tarixshunosligida ham ishlatilgan.

Pokistonlik jurnalist esa o‘z maqolasida faqat “Boburiylar” yoki “Temuriylar” so‘zlaridan foydalangan.

“Men ularni bunday atashga “Boburnoma”ni o‘qib chiqqanimdan so‘ng qaror qildim. Chunki ular o‘zlarini hech qachon Mo‘g‘ul deb ataganlari yo‘q, ular o‘zlarini Temuriylar deb atashgan. “Boburnoma”ni yozganida, Bobur “biz Mo‘g‘ular sulolasimiz” deb aytmagan. Aksincha, qachonki mo‘g‘ullar haqida so‘zlaganida ular haqida kamsitib yozgan. Bobur o‘zi haqida gapirganida, “mo‘g‘ul” so‘zini hech qachon ishlatmagan. Boburnomani o‘qib chiqqanimda, meni bu fakt hayratda qoldirdi. Garchand butun Hindiston va Pokiston bo‘ylab u barpo etgan saltanat Buyuk Mo‘g‘ullar sulolasi nomi ostida tanilgan. Pokistonliklar Boburiylarni Amir Temurga bevosita aloqasi bo‘lsa ham Temuriylar sulolasi deb atashmaydi”, deydi jurnalist.

Ehtimol shuni nazarda tutib, Ayoz Amir o‘z maqolasida “Boburnoma” asari Pokistonda barcha tarix o‘quv barnomalariga kiritilishi kerak” degan taklifni ilgari suradi. “Boburning shaxsiyati rang-barangligi tufayli uning asarini astoydil va chuqur o‘rganish kerak”, deydi u.

“Tariximizda eng yirik ta‘sir Bobur va Boburiylardan qolgan. Boburni tilga olar ekansiz, uning shaxsiyati shu qadar jozibador, uning o‘zi o‘z amallari va sa‘y-harakatlari borasida shu qadar ochiq so‘zlaganini e‘tiborsiz qoldirolmaysiz. Bobur sharobxo‘rlik yoki bangivor moddalarga ruju qo‘ygani yoki deylik uning Boburiy ismli o‘smir bolaga mahliyo bo‘lgani borasidagi dil izhorotlari - Islom hayotning barcha sohalariga singib ketgan Pokiston kabi mamlakatda og‘riq bilan qabul qilinadi. Pokiston davlat o‘laroq Islom diniga tayanib vujudga kelgan. Nazarimda, bunday muhitda “Boburnoma”ni o‘rganish, ta‘bir joiz bo‘lsa, ruhni juda tetiklashtiradi”.

Image caption Boburiylar madaniyatining yorqin namunalari -Toj Mahal, Agra, Hindiston

“Pokistonda biz hamisha Islom so‘zini juda ko‘p ishlatamiz... Hadeb islom, islom, islom deymiz... tushunchani chaynaverib, siyqasini chiqarib yubordik. “Boburnoma”dan biz nimani o‘rganishimiz mumkin? Buyuk ajdodlarimiz musulmon bo‘lgan, e‘tiqodiga sodiq, sunnatni mahkam ushlaganlar, biroq shu bilan birga ular boshqa narsalarga nisbatan juda ochiq bo‘lganlar. Agar pokistonliklar o‘z merosini to‘laligicha qabul qilishsa, bu faqat yaxshilikka yetaklashi mumkin deb o‘ylayman”, - deydi Ayoz Amir.

Maqoladagi ba‘zi munozarali fikr-mulohazalar asosan Pokistonning iqtidordagi doiralariga qaratilgan.

“Ajdodlarimizdan eng buyugi o‘ziga nisbatan ochiq bo‘lgan. O‘z nuqsonlarini sir tutmagan. Yopiq eshik ortida qilmishlarimizni qilib, biroq omma oldida o‘zimizni itoatli ko‘rsatib, makkorona va ikkiyuzlamachi yondashuvlarimiz bilan biz Mahmud G‘aznaviy, Bobur va Akbarlarning avlodiga o‘xshayapmizmi?”- deb yozadi Ayoz Amir.

Darvoqe, maqolada yozilishicha, Boburiylardan birortasi o‘z davlatini islomiy davlat nomi ostida barpo etmagan.

“(Ajdodlarimiz) hozirgi Islom Respublikamizning asosiy jihatlariga aylangan soxta dindorlik va munofiqlikni rad etgan haqiqiy musulmon bo‘lganlar. O‘ylab ko‘ring, birortasi o‘z imperiyasini islomiy deb e‘lon qilmagan. O‘z kuchiga qattiq ishongan bobokalonlarimiz o‘z iymonlari borasida qator deklaratsiya chiqarish uchun na ehtiyoj sezganlar, na majburiyat his qilishgan”.

Image copyright bbc
Image caption "Boburiylar saroylarida ziyolilar katta hurmatga sazovor bo‘lganlar". Lahor qal‘asi, Pokiston

Biroq maqolani o‘qib chiqqan tanqidchilar: “Bunga ehtiyoj bo‘lmagan, chunki ularning davlati mustamlaka davrlaridan oldin barpo etilgan” deya ta‘kidlashlari mumkin emasmi, deb so‘radik biz.

“To‘g‘ri bunday ham bo‘lishi mumkin, biroq, mustamlakachilik davri allaqachon o‘tib ketgan va musulmon davlatlar barpo etib bo‘lingan. Biz hozirda Pokiston qasddan doimo o‘zini islomiy kontekst ichida namoyish etayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Pokiston bir mamlakat o‘laroq o‘zini islomiy atamoqda. Mamlakat konstitutsiyasi ham islomiy iqtiboslarga to‘la. Men bu yerda nima demoqchiman? Nasl-nasabimizni ma‘lum tarixiy shaxslardan olib kelar ekanmiz, ajdodlarimiz bunday iboralardan foydalanmaganlarini inobatga olib, ehtimol, diniy mansubligimizni har qadamda takrorlaverish kerak emasdir? Biz tariximizga mafkura nuqtai nazaridan yondashmasligimiz lozim, nafaqat Pokistonda, balki butun musulmon dunyosida kechayotgan voqealarga bir nazar tashlang! Iroq va Suriyalarda mazhablararo zo‘ravonliklar, Islom dini nomidan shavqatsizliklarga yo‘l qo‘yilyapti. Bu kabi voqealar manzarasida agar biz o‘tmishimizga chuqur boqsak, balki bu bizga sog‘lom ta‘sir ko‘rsata olarmidi? Lekin bu xayolparast o‘ylar, bugungi kunda musulmon dunyosi mutlaq boshqa yo‘nalishda ketayotganiga guvoh bo‘layapmiz", - deydi Ayoz Amir biz bilan suhbatda.

“O‘ylashimcha, Boburiylar va Temuriylar hozirda tirik bo‘lganlarida, bunaqa narsalarni tushunmagan bo‘lardilar. Shubhasiz, ular e‘tiqodi kuchli mo‘min-musulmonlar bo‘lishgan. Bugun Islom dini nomi bilan haddan tashqari amallarga qo‘l urilyapti, qadim zamonda yashagan ajdodlarimiz bugungi holatni g‘alati deb qabul qilishgan bo‘lardi deb o‘ylayman”.

Image copyright bbc
Image caption "Bizni diniy va madaniy merosimiz birlashtirgan". Minorai Kalon, Buxoro

Ayoz Amirning fikricha, odamlarni mafkuradan xoli qilish jarayonida ta‘limu-tarbiya katta rol o‘ynashi mumkin.

“Boburnoma”dan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Bobur juda ham mukammal inson bo‘lgan. U nafaqat hukmron va davlat rahbari, balki chuqur ma‘rifatli odam bo‘lgan. Misol uchun, “Boburnoma”da u Markaziy Osiyo yoki deylik Farg‘ona vodiysi shoirlarini ta‘riflaganida, asarlariga tanqidiy nazar bilan yondashadi. Masalan, “falonchi juda yaxshi shoir, uning she‘r tuzish uslublari go‘zal”, deb yozadi. Yoki Farg‘ona saroylarida ijro etgan xonandalarni tasnif etishga urinadi. U har tomonlama mukammallikka erishgan maorif edi. U o‘ta yuqori madaniyatli odam bo‘lgan. Bobur hayotdan ko‘z yumganida, bor-yo‘g‘i 46 yoshda edi. Hozirgi tushuncha bilan yondashmadigan bo‘lsak, u yosh o‘lib ketdi. Biroq uning hayoti naqadar voqea-yu hodisalarga boy edi! – Ba‘zi janglarda g‘olib bo‘lib chiqqani, boshqa janglarda mag‘lub bo‘lgani, amirliklarni qo‘lidan boy bergani, saltanatni barpo etgani bilan birga bu odam nafis san‘atlarga ham katta qiziqish ko‘rsatgan”, deydi jurnalist.

“Umuman Boburiylar saroylarida ziyolilar katta hurmatga sazovor bo‘lganlar. O‘sha zamonda ilm hukmron va juda kuchli edi. Ilmiy izlanish harakatlari nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasiga taalluqli bo‘lgan, butun islomiy dunyoda bunday intilishlar qadrlangan va yuqori baholangan. Abbosiylar sulolasida yoki Ummaviylar humronligida ilmga intilish ruhi shu qadar kuchli bo‘lganki, u zamondagi Islom bilan bu zamondagi Islomni qiyoslab bo‘lmaydi. O‘tgan asrlarda ilmu-fan yordami bilan Islom tamadduni, Islom madaniyati eng yuqori cho‘qqilarga erishdi. Bugungi kunda, afsuski, juda past nuqtalarga tushib ketgan, deb o‘ylayman”.

Image copyright bbc
Image caption Bobur maqbarasi, Bog‘-i Bobur, Kobul, Afg‘oniston

“Biz yashayotgan yerlar Boburiylar saltanati davrlarida bir hudud, bir mintaqa edi. Bu mintaqada, albatta, o‘ziga xos milliy guruhlar bilan bir qatorda yagona madaniyat hukm surgan. Bizni diniy va madaniy merosimiz birlashtirgan. Keyinchalik, chegaralar paydo bo‘lib, millatlar shakllanib, xususan Afg‘onistonda inqiroz ro‘yobga chiqishi bilan, aloqalarimiz uzilib qoldi. “Boburnoma”da Buxoro, Samarqand, Farg‘ona vodiysi va hozirgi Pokiston borasida yozilgan satrlarni o‘qib, mamlakatlarimiz o‘tmishda bir-biriga juda yaqin bo‘lgani, bir-biri bilan zich bog‘langani xaqida tasavvur paydo bo‘ladi. Hozirda esa buning aksini ko‘ryapmiz,” – deydi taniqli pokistonlik jurnalist Ayoz Amir.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio