‘O'zbeklar haq-himoyasiz yashashini angladi’

Image copyright n
Image caption O'shdagi namozxonlar boshida ham o'zbek, ham qirg'iz do'ppisi...

Izzatilla Rahmatullaev. Inson huquqlari faoli. O'sh:

Bugun yurtimizda ancha tinchlik va hukumat o'zbeklarni ham himoya qilmoqda. Bu - katta ne'mat.

Ammo 2010 yilgi qirg'in o'zbeklar va, umuman, milliy ozchiliklarning himoyasizligini ko'rsatib qo'ydi. Ular o'zlarining huquqsizligini anglashdi. Besh yil oldingi qirg'in payti o'zbeklarni himoya qiladigan biron-bir kuch bo'lmadi. O'zbeklar ularni istagan paytda jabrlashlari mumkinligiga yana bir bor iqror bo'ldilar.

1990 yilgi xunrezlikda odamlar "hartugul, SSSR bor, Moskva bor, bizni kelib himoya qiladi" deyishgandi. Lekin 2010 yili toki hujumchilar o'zlari to'xtamaguncha, hech kim zo'ravonlikni to'xtatmadi.

Ammo Qirg'iz ziyolilari bu birodarkushlikni keskin qoralashdi va zo'ravonlikni to'xtatishga ko'p harakat qilishdi. O'zbeklarni qutqargan qirg'izlar bo'ldi, qirg'izlarni qutqargan o'zbeklar bo'ldi.

O'sha voqealardan keyin ham o'zbeklarning holidan xabar olgan, ularga yordam ko'rsatgan qirg'iz do'stlarimiz bor edi.

Bu nizo ham o'zbek, ham qirg'izning hayotida katta o'zgarish yasadi.

Afsus, bugungi kungacha bu o'zgarishlarning ijobiy tomonini ko'rmayapman.

Aziza Abdirasulova. Huquqbon. Bishkek:

O'zbeklar endi himoyasizlikka rozi bo'lib yashashlari kerakligini anglashdi.

Image copyright c
Image caption Aziza Abdirasulovaga ko'ra, milliy kamsitish uchun jazoni kuchaytirish kerak edi.

Bugun o'zbeklar ko'pincha hech qaerga shikoyat qilib borishmaydi.

Bo'lmasa, hamon ularning mulklarini tortib olish, ushlab ketish va kaltaklash hollari uchraydi. O'zbeklarga qarashli ishlab chiqarish korxonalari, savdo nuqtalari, uy-joylar hamon tortib olinayotgan holatlar bor.

Ular o'zlari ishongan faollarga chiqishadi. Masalan, mening oldimga kelishadi. Davlat organlari esa bu voqealar oshkor bo'lishini istashmaydi.

Mana yaqinda Bozorqo'rg'onda shunday voqea bo'ldi. O'zbekni urishgan va "sen qirg'iz emassan, sizlarni hech kim himoya qilmaydi, bu mamlakatdan chiqib ketganing yaxshi, kerak bo'lsa, qirg'iz to'dalari boshingga keladi" kabi tahdidlarni qilishgan.

Qirg'izlar o'zlarini xo'jayin his qilib, mamlakatning egasimiz, degan fikrga borib qolishdi. Bu esa yomon holat.

Men janubga safarlarim chog'ida bir voqelikka duch keldim: Na O'shda, na Jalolobodda o'zbeklarni bugun biron siyosiy faoliyatga torta olasiz. Bu juda qiyin. Kim prezident bo'ladi, kim deputat - o'zbeklar uchun umuman farqsiz.

Ular faqat bir narsani istashadi. Bu ham bo'lsa - o'zbeklarni tinch qo'yishsin. Tinchgina yashasak, siyosatchilar bizni tinch qo'yishsa, mulkimizga tegishmasa, bizni qamoqqa tashlashmasa bo'ldi, deyishadi.

Rashidxon Xo'jaev. O'zbek Milliy Madaniyat Markazi. O'sh:

Image copyright n
Image caption O'zbeklar hozirgi tinchlikka shukur qilishadi.

Hammasi yaxshi bo'lib ketdi, biz zo'rmiz, degan fikrdan olisman.

Ammo shu 5 yil davomida qator yaxshi o'zgarishlar ham bo'ldi.

O'rta yashar va keksalarning munosabatlari yaxshi.

Lekin yoshlar orasida hamon o'zaro ishonchsizlik va bir-biridan qo'rqish hissi bor. Masalan, kechqurun soat to'qqizdan keyin o'zbek taksichilari qirg'iz mahallalariga borishga qo'rqishadi.

Qirg'iz yigitlar ham kechki payti o'zbek mahallalariga kelishdan cho'chishadi. Ammo yoshi kattalar birgalikda osh eb yurishibdi.

Mana yaqinda Bolalarni Himoya Qilish kuni o'zbek ayollarimiz bemalol o'z farzandlarini shahar markazidagi istirohat bog'iga olib chiqishdi, ularni karusellarga mindirishdi.

Mingga yaqin bolaga tekin muzqaymoq tarqatildi va bunda bolalarning millatiga qarashgani yo'q.

Shularni ko'rib, juda quvondim.

Nadejda Ataeva. Markaziy Osiyoda Inson Huquqlari Uyushmasi. Parij:

O'sh voqealari tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi. U ham o'zbekning, ham qirg'izning hayotida katta o'zgarish yasadi. Lekin bu o'zgarish hech bir millatga yaxshilik keltiradigan o'zgarish emasdi.

Image copyright none
Image caption Nadejda Ataeva zo'ravonlikdan keyin ham kamsitishlar butunlay bartaraf etilmaganini aytadi.

Afsus, biz o'rgangan holatlarga qarasak, o'zbeklar ataydan nishonga olinayotgan, shikoyatlariga quloq tutilmayotgan holatlar mavjud.

Ular yo o'zbeklarni mamlakatdan chiqarib yuborish, yo ular teng huquqli bo'lmasin, degan niyatda shunday qilishayotgandek tuyuladi.

Bugun hatto Qirg'izistondan chiqib ketgan qator o'zbeklar ham ta'qib qilinmoqda.

To'g'ri, odamlarning arziga quloq tutayotgan, muammolarni hal etishga urinayotgan hamda mamlakatda tenglik va barqarorlikni o'rnatishni istayotgan qirg'iz mulozimlari, diplomatlari juda ko'p.

Ularga duch kelgan odamlarning ishlari bitmoqda, haqiqatga erishish mumkin ekan-ku, degan umid paydo bo'lmoqda.

Biroq men o'zim turli zo'ravonlikka duch kelgan o'zbek qiz-juvonlarini bilaman.

Hujumchilarning fotorobotlari ishlab chiqilgan. Ammo hano'z shaxsi aniqlanmagan. Ish ochilgan, lekin tergov o'tkazilmagan.

Ayollarni tekshirishmagan, ekspertiza qilishmagan.

Chunki rasmiylar aybdorlarni ushlash uchun kerakli dalillarni ataydan yo'qotishni istashgan.

NIMA QILINDI Yo QILINIShI KERAK?

Aziza Abdirasulova:

Qirg'iziston milliy asosda odamlarni kamsitish uchun jazoni kuchaytirishi kerak edi. Ammo bunday bo'lmadi.

Milliy ozchiliklarni davlat idoralari va huquq-tartibot tizimlariga ko'proq jalb etish darkor edi. Bu ham bo'lgani yo'q.

Bu erdagi boshqa millat vakillari hozir o'z o'g'illarini armiyaga jo'natishdan qo'rqishadi va pul to'lab muqobil xizmat o'tashadi.

Harbiy xizmatga bormagan yigit kelajakda ko'plab lavozimlarga erisha olmaydi, ba'zi ishlarga kirolmaydi.

Rashidxon Xo'jaev:

Biz yomon deyaversak, albatta, yomonlikka olib keladi. Shu uchun faqat yomonlamasdan, o'z farzandlarimizni o'qitishimiz kerak. Shunda ular muvaffaqiyat qozonishadi.

Qirg'izistonda yashaganimizdan keyin bu mamlakatning davlat tilini, qirg'izchani bilishimiz, shu erning konstitutsiyasiga bosh egib yashashimiz kerak ekan.

Biz bolalarimizga qirg'iz va rus tillarini o'rgatishimiz lozim. Ular ruscha bilishsa, Rossiyada ish topishadi, qirg'izcha bilishmasa, ishga olishmaydi.

O'zbekmiz, deb o'zbekcha o'qitganimiz bilan, bolalarimizni Toshkent o'qishga olarmidi?!

Tinch-totuvlikni ta'minlash uchun o'zbek-qirg'iz aralashib yashashi kerak ekan.

Nadejda Ataeva:

Qirg'iziston hukumati Xalqaro komissiya ishiga ruxsat bergan va bu muhim qadam edi. Lekin ayni komissiya tavsiyalari to'liq bajarilmayapti.

Mamlakatda millatchilik muammosi chuqur ildiz otgan. Zo'ravonlikda jabrlangan odamlar ham millatchi guruhlar, ham rasmiylar bosimi ostida qolishmoqda.

Tajovuz, qo'pollik va qo'rqitish usullaridan foydalanilayapti.

Bunday holatda yana boshqa zo'ravonlik ehtimoli bartaraf etilmaydi.

Ochiqlik, xolislik va xavfsizlikni ta'minlash orqali nizolar takrorlanmasligiga erishish mumkin.

Mira Rittman. Human Rights Watch Xalqaro Inson Huquqlari Tashkiloti:

Albatta, o'tgan yillar davomida, ikki tarafni yarashtirish va barqarorlikni o'rnatish yo'lida muayyan ishlar qilindi.

Oddiy odamlar o'rtasidagi kundalik munosabatlar 2010 yildagidek adovatli emas.

Lekin zo'ravonlik ortidan o'tgan tergov hamda mahkamalar xatoliklar va qonun buzishlar bilan kechgani da'vo qilinadi.

Odamlar hibsda qiynoqqa solinganlarini aytishgan.

Ayniqsa, o'zbeklar mahkamaga tortilgan holatlarda hujumlar bo'lgan.

Lekin shu paytgacha bu holatlarni hukumat xolis va odil ko'rib chiqmadi. Qiynoqlar asosida o'tkazilgan tergovlarga asoslanib o'qilgan hukmlar esa o'z kuchida qolmoqda.

Hukumat Qirg'izistondagi barcha fuqarolarning haq-huquqlari tengligini ta'minlashi kerak.

Xususan, o'zbeklarning ahvoliga tushunib qarashi, ularga yaqinlashishi va hokimiyat hamda adliya tizimlariga o'zbeklarni ham jalb etishi lozim.

Shuningdek, o'zbeklarning qanchalik himoyasiz qolganini ham nazarda tutib, shunga mos harakat qilishi darkor.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio