Boku: Yaralangan qizlar prezident Aliev uchog'ida uylariga etkazildi

Xabarlarga ko'ra, mash'um hodisa Ovro'po O'yinlarining rasmiy ochilish marosimi arafasida yuz bergan.

Avstriyalik sinxron suzuvchilar bo'lgan bu uch qizni avtobus bosib ketgan.

Ustiga ustak, payshanba kungi voqea naq Olimpiya qishloqchasining o'zida, ertalab, ular trotuarda ketayotgan paytlarida yuz bergan.

Uchalasi ham 15 yoshda bo'lgan qizlardan birining turli sinish jarohatlari olgani va boshi ham lat egani aytilmoqda.

Xabarlarga ko'ra, qolgan ikki sportchi qiz qo'l va oyoq jarohatidan azob chekishgan.

Bokudagi Olimpiya qishloqchasida ko'rsatilgan dastlabki tibbiy yordam ortidan, uchovlon ham shaxsan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Alievning uchog'ida Avstriyaga etkazilgan.

Ovro'po O'yinlari tashkilotchilariga ko'ra, huquq-tartibot idoralari allaqachon yuz bergan hodisa yuzasidan tergov ishlarini boshlab yuborishgan.

“Biz qalban jabrdiyda qizlar, ularning oila a'zolari va qolgan avstriyalik sportchilar bilan birgamiz”, - deb bayon qilgan Ovro'po O'yinlarining mezbon Bokudagi rasmiy vakili.

Avstriya Milliy Olimpiya qo'mitasining bildirishicha esa, yuz bergan mash'um hodisaga qaramasdan, milliy terma jamoa o'zining O'yinlardagi ishtirokini davom ettiradi.

Bu yilgi Ovro'po O'yinlari 12 iyun, juma kuni kechqurun rasman ochiladi va ikki haftacha davom etadi.

Ovro'po qit'asidan kelgan minglab sportchilar sportning 20 turi bo'yicha sovrinli o'rinlar uchun o'z kurashlarini olib borishadi.

Bu sport turlarining deyarli barchasi Olimpiya dasturiga kiradi.

Bokudagi Ovro'po O'yinlari qator nufuzli inson haqlarini saqlash tashkilotlarining Ozarbayjonga qaratilgan jiddiy tanqidlari manzarasida kechmoqda.

Jumladan, “Human Rights Watch” rasmiy Bokuni so'z erkinligini cheklash va muxolifatni bostirishda ayblab chiqqan.

“Amnesty International” tashkiloti esa, O'yinlar oldidan o'z kuzatuvchilarining Ozarbayjonga qo'yilmaganidan shikoyatda.

Ozarbayjonlik mas'ullarga ko'ra, ushbu xalqaro tashkilot faollarini mamlakatga qo'yishadi, faqat sport tadbiridan so'ng...

Ovro'po O'yinlariga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ham tashrif buyurishi, shu bahona ozarbayjonlik hamkasbi Ilhom Aliev bilan so'zlashib olishni ham ko'zlayotgani aytiladi.

Xabarlarga ko'ra, ikkovlon Ozarbayjon va Armaniston o'rtasidagi uzoq yillik mojarolar markazi bo'lgan Tog'li Qorabog' masalasini muhokama etishlari mumkin.

Ammo armanistonlik sportchilarning katta sonda Bokudagi Ovro'po O'yinlarida ishtirok etishlari kutilmoqda.

Ovro'po O'yinlari, odatda, mezbon davlatga rasman 1.2 milliard dollarga tushadi.

Muxbirlarga ko'ra, rasmiy Boku Ozarbayjonning Ovro'po davlati sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun millionlab dollar sarflashga rozi bo'lgan.

Birgina Olimpiya stadioni qurilishiga ketgan sarf-xarajatlarning 600 million dollardan ortiq ekanini nazarda tutib, Ozarbayjon tomonining xarjlari rasmiysidan ko'ra ko'proq ekanini taxmin etayotganlar ham yo'q emas.

Boku - Ovro'po O'yinlariga mezbonlik qilayotgan birinchi sobiq Sho'ro davlati bo'ladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio