#Uzbek trendi: "Toshkentliklar" hamda "viloyatliklar"

"Toshkentliklar" va "viloyatliklar" co‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tez-tez muhokama qiladigan mavzusiga aylangan.

Poytaxtda viloyat nomeridagi haydovchi yo‘l harakatini buzsa, bu xabar Toshkent nomeridagi haydovchining qoida buzishidan ko‘proq muhokama qilinadi. Yoki xabarlarda qonunbuzarning qayerdan kelib chiqishi urg‘u berib ko‘rsatiladi.

Toshkentga kelganiga 25 yil bo‘lgan jurnalist Bobomurod Abdulla viloyatlik deb ajratishlarga tez-tez duch kelishini aytadi. E‘tirozlarning ichida Toshkent shevasida emas, adabiy tilda gapirishga qaratilganlari ham bo‘lib turadi.

“Toshkentga kelib adabiy tilda gapirsak, Xorazmcha shevani yashirish uchun gapirar ekanmiz-da. Bular ham tushunsin, hurmatsizlik bo‘lmasin, desak, boshqacha o‘ylashar ekan. Toshkentda o‘ris, koreys, ukrain, arman, gruzin, yevrey hamma millatdan bor. Lekin o‘zini oliy irq hisoblovchi ba‘zi shaharliklar ularga nimaga o‘zbek tilida gapirmayapsan yoki vottilamayapsan, deb g‘ing deyolmaydi. Ularning bilgani viloyatdan va qishloqdan kelganlar”, - deydi Bobomurod Abdulla.

Shaharliklarning viloyatdan kelib yashayotganlarga asosiy e‘tirozi ularning yo‘lda va jamoat joylarida o‘zini tartibli tutmayotgani bo‘lmoqda.

Toshkentdan huquq faoli Sur‘at Ikromov bunday holatlar borligini, lekin ular vaqtincha ekanligini aytadi.

“Bu bor gap, lekin 1-2 yil ichida hammasi ko‘nikib qoladi. Bizda aholi zich bo‘lgani uchun, uyda turuvchilar uchastka nozirlarining nazoratida. Agar birortasi nojo‘ya ish qilsa yoki bezorilik qilsa, uchastkovoylardan darrov kelib tartibga chaqiradi, jarima soladi. Men buni muammoli narsa deb bilmayman”, - deydi Su‘rat Ikromov.

Jurnalist Bobomurod Abdulla viloyatdan kelganlarning hammasi xato qilmaydiganlar deyish noto‘g‘ri bo‘lishini, qonunbuzarlar yoki tartibbuzarlar hamma joyda topilishini aytadi.

Biroq bunday holatlarda ularning kelib chiqish joyiga emas, qilgan qilmishiga qarab huquq tartibot organi xodimlari jazo berishi kerak. “Bizda yo‘q svetning hammasi Toshkentda ekan”

Poytaxtliklar tomonidan ko‘p aytiladigan e‘tirozlardan biri, bu viloyatliklarning “eng yog‘li” ishlarni egallab olganidir.

“Ilmiy ish qiladigan propiskali odam bo‘lmaganligi bois, meni o‘zimni kafedrada olib qolamiz deyishgan. Men ketaman, ilmiy ish qilmayman, deyishimga qaramasdan, agar odam bo‘lmasa kafedra yopilib ketadi, deb aspiranturaga olib qolishgan. Mendan boshqa yana 2-3ta viloyatlik bolalarni olib qolishgan. O‘sha payti toshkentliklar ilmiy ish qilmasdan, davlat ishida ishlamasdan o‘zini tijoratga urib ketganiga, bizlar majburan olib qolinganimizga biz aybdormizmi”, - deydi Bobomurod Abdulla.

Su‘rat Ikromov Toshkent va Toshkent viloyatiga odamlarni tortuvchi narsa bu boshqa joylarda yo‘q sharoitlar ekanligini aytadi.

Poytaxtda ishsizlikning kamligi, gaz, chiroq va uylarni isitishdagi muammolarning boshqa yerlarga nisbatan ozligi odamlarni Toshkentga ohangrabodek tortaveradi.

Huquq himoyachisi boshqa viloyatlarda ham ahvol o‘nglanmas ekan, propiskaning yopib qo‘yilishi ham keluvchilarni to‘xtatib qolmasligini va natijada muvozanat buzilishini aytadi.

“Boshqa joydan Toshkent shahri va viloyatiga ko‘chib kelishining sababi sharoitlarning aratilganida. Agar shu sharoitlarni viloyatlarning o‘zida ham qilinganida bu yerga yashashga keluvchilarning oqimi bunchalik ko‘p bo‘lmasdi. Buning hammasi yo‘qchilikdan bo‘lyapti. Elektr,gaz va ichimlik suvi ta‘minoti yaxshi ta‘minlangan. Boshqa viloyatlarda ko‘p joyda muammolar haliyam bor. Masalan, qishda gaz yo‘qligi, elektr o‘chib turishi va ko‘p joy suv bilan ta‘minlamagan”.

Jurnalist Bobomurod Abdulla ham oddiy sharoitlarning yaratilishi ularni poytaxtga yashash uchun kelmasdan, o‘z tug‘ilgan joylarida qolishiga zamin bo‘lishini bildirdi.

“Men kechalari kirakashlik qilaman, Qashqadaryoning Qamashi shahridan bir katta odam 6-7 yosh atrofidagi ikki qizcha bilan o‘tirdi. Mashinaga o‘tirishi bilan ikkita kichkina qizning gapi meni teshib o‘tdi. Buva, qarang bizda yo‘q svetning hammasi Toshkentda ekan, deydi. Bu yerda ko‘chani yoritguncha, bizning uyga bersa bo‘lmaydimi, deydi. 6 yashar qiz aytayapti. Odamning ko‘ziga yosh kelib ketdi. Uyida svet bo‘lsa, gaz bo‘lsa, ish bo‘lsa, kim Toshkentga keladi? Hech kim kelmaydi. Sharoit bo‘lmagandan keyin hamma o‘zini sharoit bor yerga uradi”.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio