'Dunyo bo‘ylab boshpanasizlar soni rekord darajada'

Image copyright Reuters

BMT hisobotida aytilishicha, dunyo bo‘ylab urush, ixtiloflar va yo ta‘qiblar tufayli boshpanasizga aylangan insonlar soni rekord darajaga chiqqan.

Hisobotda aytilishicha, 2014 yil mazkur raqam 60 millionni tashkil qilgan.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi e‘lon qilgan hujjatda qayd etilishicha, uylaridan qochishga majburlangan odamlar soni avvalgi yilga qaraganda 8.3 millionga ortgan.

Suriyada davom etayotgan urush vaziyatning shu darajaga yetishiga bosh omil sifatida ko‘riladi. BMT Qochqinlar bo‘yicha agentligi endi vaziyatni jilovlash o‘ta mushkul ekanini aytmoqda

Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarlik Antonio Guterres Bi-bi-siga gapirarkan, “dunyo ivirsib qolgan”ini aytgan. “Yomonligi shundaki, insonparvarlar ushbu ivirsiqni tozalashlari mumkin, deb o‘ylasalar, endi buning imkoni yo‘q. Bizda sochilib yotgan bo‘laklarni terib olishi mumkin bo‘lgan kuch yo‘q”, deb aytgan Gutteres janoblari.

“Borgan sari ko‘plab odamlar aziyat chekishmoqda. Va ko‘plarga ko‘mak yetkazish mutlaqo imkonsiz”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Janob Gutteresning aytishicha, boshpanasiz odamlar soni 2014 yil davomida kuniga 42,000dan ko‘paygan. O‘tgan yil boshlarida bu raqam 32,000ni tashkil qilgan bo‘lgan.

O‘rta yer dengizidagi inqiroz

O‘rta yer dengizidan kesib o‘tayotgan muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz Ovro‘po davlatlariga boshog‘riq bo‘lgan

Hisobotda aytilishicha, 2014 yil oxiriga borib, 59,5 millionni tashkil qilgan.

Ulardan 19,5 millioni qochqinlar, 38,2 millioni o‘z mamlakatlari ichkarisida boshpanasiz qolganlardir. Yana 1,8 million odam siyosiy boshpana so‘rab bosh urganlar. Ular ham o‘z arizalariga javob kutishmoqda.

Qochqinlarning 50% dan ortig‘i bolalardir.

Birgina Suriyadan 3,9 million inson qochqinga aylangan. Yana 7,6 million kishi mamlakat ichkarisida ovorai sarson qolgan.

Hisobot mualliflarining aytishlaricha, mazkur raqamlar yer yuzidagi har 122 odamdan biri yo qochqin va yo o‘z vatanida boshpanasiz yo-da, siyosiy boshpana ilinjida deganidir.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, Ovro‘po bo‘ylab yurgan boshpanasizlar soni 50 foizga (6,7 millionga) ortgan. Ovro‘po uchun, shuningdek, O‘rta yer dengizidagi muhojirlar oqimi bilan bog‘liq inqirozni hal etish mushkul kechmoqda.

Hisobotga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqining 28 a‘zo davlatlari ichida eng ko‘p Olmoniyadan siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilinmoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio