Muftiy Ashirov: Rossiyada radikallashuv yo‘q, ommaviy norozilik bor

Image copyright Nafigulla Ashirov

MDH davlatlarining aksilterror markaziga ko‘ra, “Islomiy davlat” saflaridagi rossiyaliklar soni besh ming atrofidadir. Ayrim tahlilchilar, Rossiyada “ummatning radikallashuvi” haqida aytishmoqda. Boshqalar esa Rossiya IDga qarshi kurash bahonasi bilan musulmonlarga bosimni kuchaytirishi oqibatida davlat va ummat o‘rtasidagi munosabatlar taranglashi bilan ogohlantirishmoqda. Nima uchun “Islomiy davlat” g‘oyalari Rossiyada ommalashib bormoqda? Radikal ulamolarga qanday qarshilik qilish mumkin? Bi-bi-si Rus xizmati ana shu savollar bilan Rossiya diniy boshqarmasining Osiyo qismi muftiysi Nafigulla Ashirovga murojaat qilgan. Suhbatdosh Olga Ivshina.

Bi-bi-si: Rossiya imomlari “Islom davlati”ga qarshi qanday kurashishlari mumkin?

Nafigulla Ashirov: Biz har bir masjidda “Islom davlati”ning xatarlari haqida hikoya qilmoqdamiz. Lekin imom bu va‘zini issiqqina masjidda, qalingina gilam ustida turib o‘qiydi, uni tinglaydiganlarning aksariyati esa ko‘chada, qoru yomg‘ir ostida turishadi. Masalan, Moskvada masjid yetishmaydi. Ikki millionlik musulmonga ishlab turgan to‘rt masjid bor. Bu misli ko‘rilmagan bedodlikdir! Takror va takror ko‘chalarda namoz o‘qiyotgan musulmonning ko‘nglidan nima kechadi? Ularda tushunmovchilik, g‘azab paydo bo‘ladi... Biz radikal ulamolarga qarshi chiroyli masjidlarda musulmonlar emin-erkin namoz o‘qishlari bilan, hayot va din masalalari haqida suhbatlari bilan, ayollarimiz esa Islomiy klublarga qatnab, o‘zaro hamsuhbat bo‘lishlari va turfa masalalarda bir-birlariga maslahat berishlarini rag‘batlantirish ila kurashmog‘imiz kerak. Bizga musulmonlar uchun madaniy jamoatchilik markazlari lozim. Aynan shu markazlarga musulmonlar o‘z oilalari bilan erkin kelishib fikr almashishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Ammo bu masalada yirik muammolar mavjud. Shunday bir abgor holatlarda, nasihatlar qanchalar yaxshi bo‘lmasin musulmonning yuragiga kirishi qiyin kechadi.

Bi-bi-si: Maxsus xizmat xodimlariga ko‘ra, “Islomiy davlat” saflarida ikki mingga yaqin rossiyalik jang qilmoqda ekan. Bu katta son deb o‘ylaysizmi? Ular vatanga qaytishga qaror qilishsa, bu qanchalar xatarli bo‘ladi?

N.A.: Men rossiyalik musulmonlar “Islomiy davlat” saflariga ommaviy bir shaklda kirishmoqda deb o‘ylamayman. Umuman, radikallashuvning asosida tengsizlik va adolatsizlik yotadi. Insonda ana shu adolatsizlikni bartaraf etish istagi tug‘iladi, ayniqsa, qoni qaynagan va maksimalist bo‘lgan ayrim yoshlarda... Ana shundan radikallashuv boshlanadi. Bizda yoshlarni haqiqiy Islom yo‘lida tarbiya toptirish uchun yetarlicha joy yo‘q. Bu degani musulmonlar namoz o‘qimaydi, o‘zaro ko‘rishib turmaydi degani emas. Faqat endi ular turfa xonadonlarda, qurilishlarda ko‘rishishadi. Ochiq va mavjud masjidlar diniy savodi bo‘lgan imomlar va‘z o‘qiydi. Ular vatanparvardirlar. Ammo qurilish maydonchalari va xonadonlarda va‘zxonlik qilayotgan imomlar kimlar? Biz buni bilmaymiz...

Bi-bi-si: Lekin mana Tatariston va Dog‘istonda masjidlar muammosi yo‘q, “Islomiy davlat” safiga qo‘shilayotganlar safida esa bu mintaqalik yigitlar ham bor...

N.A.: Bu boshqa bir masala. Kam foizdagi radikallashgan odamlar har qanday guruhda bor, jumladan dindorlar orasida ham... Ayrimlar taqirbosh bo‘lishadi, ayrim nasroniy mazhabidagilar masalan yerostiga ketib qolishdi bir necha yil avval...Ammo Rossiyada musulmonlarning ommaviy radikallashuvi yo‘q. Alohida, yakkam dukkam holatlar bor. Ammo musulmonlar orasida norozilik mavjud. Bu norozilik hokimiyatdagilarning mudom ulardan shubha qilishlari, ularni ajratib qo‘yishlaridan...Islom sabrga o‘rgatadi, ammo sabrni ham davomli sinab ko‘raverish yaramaydi.

Bi-bi-si: Moskva Davlat universitetining talabasi Mariya Karaulovaning Turkiya va Siriya o‘rtasidagi chegaraga islomchilarga qo‘shilish niyatida borib qolgani Rossiyada jamoatchilikni bir silkib qo‘ydi. Bu voqeaga qanday qaraysiz?

N.A.: Bu umuman tushunarsiz bir holatdir. E‘tiboringiz uchun uni Turkiya mulozimlari hibsga olishmadi. Unga nisbatan ayblov e‘lon qilinmadi. Bu juda muhim holat. Agar Mariya rostdan ham chegarani noqonuniy kesib o‘tishda hibsga olinganida Turkiya mulozimlari uni qo‘yib yuborishmagan bo‘lardi.Mahkamaga tortishardi. Men hammasi Rossiya matbuoti talqin qilgani kabi kechganiga ishonmayman.

Bi-bi-si:Siz ayrim mutaxassislarning Islomga boshqa dinlardan kirayotgan shaxslar aslida alohida bir tashvish uyg‘otayotani, ular ko‘proq xavf ostida ekani haqidagi qarashlariga qanday munosabatdasiz?

N.A.: Oh, bu haqda odamlar gapirishni, mulohaza yuritishni yaxshi ko‘rishadi juda ham...Ayrimlar hatto Islomga kirayotgan ruslarni alohida nazorat ostiga olish lozimligini uqtirishadi. Nima uchun? Tatarlar orasidan anchasi pravoslav dinini qabul qildi. Nima uchun ularni alohida bir nazorat ostiga olishga hojat yo‘q? Nima uchundir ular haqida hech kim qayg‘urmaydi...

Bi-bi-si:Mayli, ammo o‘z dinini o‘zgartirayotganlar aslida dinni yaxshi bilmaganlari uchun turfa ta‘sirlarga tushib qolmaydimi?

N.A.: Aslida buning teskarisi...Men pravoslav nasroniylikdan voz kechib musulmon bo‘layotgan ko‘pchilikni taniyman. Ular yaxshigina bilimga ega musulmonlar bo‘lishadi. Ular dinni o‘qib, o‘rganib keyin qaror bergan shaxslardir. Ko‘pincha ular ota-onalari musulmon bo‘lganlardan ko‘ra dinni yaxshiroq bilishadi. Men millati rus, sobiqda pravoslav bo‘lganlar bilan ko‘p suhbatlashganman. Ular haqiqiy vatanparvarlardir.Ko‘plari faol bo‘lishadi, imomlik qilishadi, da‘vat yo‘liga o‘tishadi. Ammo umumiyatla Islomni qabul qilayotgan ruslar soni katta emas. Shuning uchun ham biror rus kishisi Islomni qabul qilsa bundan katta bir masala yaratadilar. Oqibatda esa noto‘g‘ri qarashlar o‘rtaga chiqadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio