Putin: 'Qirg‘iziston Rossiyaning muhim ittifoqchisi'

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘iziston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi muhim ittifoqchisi ekanini aytgan.

Bu haqda Putin Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida qatnashgan Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev bilan uchrashuv chog‘ida gapirgan.

"Hoynahoy, Qirg‘iziston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi muhim hamkori va ittifoqchichi ekani haqida gapirishga hojat bo‘lmasa kerak", - deya ta‘kidlagan janob Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir Rossiya va Qirg‘iziston Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a‘zolik bilan bog‘liq muhim qaror qabul qilish arafasida turibdi.

"Biz o‘z tomonimizdan barcha rasmiy protseduralarning eng yaqin vaqt ichida nihoyasiga yetkazilishi uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. O‘ylaymanki, Qirg‘iziston ham shunday qiladi", degan Putin.

Bunga javoban Prezident Atambayev Qirg‘iziston Rossiyaning mintaqadagi nafaqat eng muhim, balki "eng ishonchli" hamkori ham ekanini ta‘kidlagan.

"Rossiya bizning eng muhim, eng yaqin strategik hamkorimizdir", - degan qirg‘iz rahbari.

Unga ko‘ra, Qirg‘iziston 1 iyuldan boshlab Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqining to‘laqonli a‘zosi bo‘lishga hozirlik ko‘rmoqda.

Rossiya, Belarus va Qozog‘iston a‘zosi bo‘lgan Ovrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi haqidagi bitim shu yil 1 yanvaridan kuchga kirgan.

Moskva Ovrosiyo iqtisodiy ittifoqi yagona bozor yaratish va ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy siyosatlarini birlashtirishga yordam berishini aytgan.

Bu yilgi Sankt-Peterburg Iqtisodiy Forumi Rossiya g‘arbning iqtisodiy jazo choralariga yuz tutgan tutgan paytga to‘g‘ri kelgan.

Prezident Putin g‘arbning sanktsiyalari Rossiya iqtisodiga zarba berganini tan olgan, ammo "chuqur inqiroz" haqidagi bashoratlar yuzaga chiqmaganini aytgan.

"Bir yil davomida jahon va Rossiyada iqtisodiy vaziyat o‘zgardi. Rossiyaning jahon moliya bozoriga chiqishi cheklandi, bizning asosiy eksportimiz bo‘lgan neft va gaz narxlari tushdi...Bizga chuqur inqirozni bashorat qilishgandi. Bu amalga oshmadi", - degan Prezident Putin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu yilgi forum ishtirokchilari orasida jahondagi yirik shirkatlarning ijrochi boshqaruvchilaridan ko‘ra sobiq davlat va hukumat rahbarlari ko‘pchilikni tashkil etgan.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio