O‘zbekiston Airbus harbiy-transport uchoqlarini sotib olmoqda

Image copyright jaalmarza

Internetda O‘zbekiston Harbiy Havo Kuchlarining tanib oluvchi belgisi tushirilgan Airbus C295W harbiy-transport uchog‘ining suratlari paydo bo‘lgan.

Ispaniyaning Sevilь shahridagi Airbus Defence and Space shirkatining korxonasida yozgi sinov uchishini bajarayotgan uchoq aviatsiya ishqibozlari tomonidan suratga tushirilgan.

S295W mashhur S295M harbiy-transport uchog‘ining yangi modifikatsiyasi hisoblanadi.

Birinchi marta 2013 yilda taqdim etilgan uchoq yonilg‘ini tejashi bilan ajralib turadi.

Shu yil boshida Airbus sakkizta S295W rusumidagi uchoqqa qo‘shimcha buyurtmalari borligini aytgan, ammo ikki nafar buyurtmachilarning kimligini oshkor etmagan.

O‘tgan hafta Le Burje xalqaro aviasalonida uchoqlarning to‘rttasini Saudiya Arabistoni sotib olayotgani o‘rtaga chiqqan.

Hozirda qolgan to‘rt uchoqning buyurtmachisi O‘zbekiston ekani taxmin etilmoqda.

Bunga qadar O‘zbekistonning S295W harbiy-transport uchog‘iga buyurtma bergani ma‘lum emas edi.

'Amerika texnikasi'

2014 yilda O‘zbekistonning Airbus bilan 14 ta harbiy vertolyot sotib olish haqidagi shartnomasi borligi ma‘lum bo‘lgan.

Ammo Olmoniya O‘zbekistonga yetkazib beriladigan vertolyotlarning optik tizimi uchun zarur qismlarning sotilishiga ruxsat bermagani xabar qilingan.

Image caption Karimov Amerika rasmiylariga "sovet davridagi barcha harbiy jihozlarni Amerika texnikasi bilan almashtirmoqchi" ekanini aytgan

O‘shanda bunga O‘zbekistondagi inson haqlarining ahvoli bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lgani aytilgandi.

Olmoniyaning qaroridan norozi bo‘lgan Airbus shirkati zarur qismlar ishlab chiqaradigan korxonani Olmoniyadan Frantsiyaga ko‘chirish bilan tahdid qilgan.

Airbus O‘zbekiston bilan shartnoma tafsilotlari haqida ma‘lumot berishdan bosh tortgan.

Vertolyotlarning alal-oqibat O‘zbekistonga yetib borgan-bormagani noma‘lum.

O‘zbekiston shuningdek, Amerikaning Black Hawk rusumidagi vertolyotlarini ham sotib olish istagini bildirgan, ammo 2013 yilda AQSh Davlat Departamenti bu boradagi kelishuvga to‘siq qo‘ygan.

AQSh matbuotining yozishicha, Prezident Islom Karimov Amerika rasmiylariga "sovet davridagi barcha harbiy jihozlarni Amerika texnikasi bilan almashtirmoqchi" ekanini aytgan.

Shu kunlarda AQSh harbiylari o‘tgan yil dekabrida boshlangan O‘zbekistonga bronetexnika yetkazib berish jarayonini nihoyasiga yetkazayotgani ham ma‘lum bo‘lgan.

Pentagon vakili minadan himoyalangan harbiy mashinalar o‘zbek harbiylariga beg‘araz yordam sifatida berilayotganini ta‘kidlagan.

Avvalroq Britaniyaning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekistonga 3000 ta britan transport vositalari berilayotgani to‘g‘risidagi xabarni rad etgandi.

2005 yil mayidagi Andijon voqealari chog‘ida o‘zbek harbiylarining Land Rover mashinalaridan foydalangani Britaniya parlamentida munozaralarga sabab bo‘lgan.

Buning ortidan Ovro‘po bo‘ylab inson haqlarini buzayotgan davlatlarga harbiy texnika va qismlarni sotish ustidan nazorat kuchaytirilgandi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio