"O‘zbekistondagi naqd pul iqtisodi - zaiflarni ezishdir"

Shvetsiya poytaxti Stokgolmda AQShning Jorj Vashington universiteti va Shvetsiyaning Xalqaro Ishlar instituti tarafidan uyushtirilgan "O‘zbekiston parda ortida" nomli ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bi-bi-si anjumanda qatnashgan O‘zbekiston bo‘yicha yetakchi mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazgan. Bugun biz AQShning Harvard universitetidan Lora Adams bilan bo‘lgan suhbatni havola qilamiz.

BBC: Siz o‘zingizning so‘nggi tadqiqotingizda O‘zbekiston va Qozog‘iston boshqaruv tizimlarini solishtirgansiz. Xulosalar nimalardan iborat?

Lora Adams: O‘zbekiston va Qozog‘iston inson huquqlari va ozodliklarda Fridom Xausning o‘lchovlarida umuman yonma-yon turadi. Lekin avtoritar rejimlarning ham, ta‘bir joiz bo‘lsa, unumdor boshqariladigani bor va no‘noq boshqariladigani bor. Bu ma‘noda ikki mamlakat orasidagi farq ancha ko‘zga tashlanadi va bu farq kattaymoqda. O‘zbekiston qisqa muddatga mo‘ljallangan boshqaruv tizimiga ega, Qozog‘iston esa davomiy, strategik boshqaruv tizimini qo‘llagan. Hattoki yuzaki nuqtai nazardan eng yuqori tizimdagi qarorlarga nazar tashlasangiz, Qozog‘istonning 2030 yilgacha qabul qilingan rivojlanish dasturi texnokratik va menejment unsurlarga to‘la. Rost, bu rosa qog‘ozbozlik tug‘dirishi tayin, lekin bunda davlatning kelajakka boqishi va bu kelajakni rejalash alomatlari mavjud. Bunda faqat neftga qaram bo‘lgan iqtisoddan voz kechish, ma‘rifat va ma‘lumot, infrastruktura masalalari, iqtisod diversifikatsiyasi nazardan kechirilgan. Bular amaliy siyosatda ham aks ettirilmoqda. Qozog‘iston elitasiga qarasangiz, ular chindan ham bu texnokratik kelajakka ishonadilar. Deylik, chet elga yuborilgan studentlarni olaylik, ular mamlakatga qaytib, vatanparvarlik ruhida ishga kirishishadi, kelajakka ishonch bilan qarashadi. Afsuski, bularning bari biz O‘zbekistonda ko‘rayotgan jarayonlardan ancha farq qiladi.

BBC: Holbuki, O‘zbekiston va Qozog‘istonning Sovet Ittifoqi yemirilganidan keyin boshlang‘ich nuqtalari deyarli teng edi. Hatto O‘zbekiston ko‘pgina ko‘rsatkichlar bo‘yicha ancha oldinda edi. Nima uchun endilikdagi farq shunchalik katta?

Lora Adams: Bir ma‘noda buni ikki mamlakatda hokimiyatning qay tarzda bo‘lishilganligi bilan izohlash mumkin. Lekin men sotsiolog sifatida boshqa nuqtai nazarni ham keltirgan bo‘lardim. Nafaqat hokimiyat qay tarzda bo‘lishilganligi, lekin bundan nima kelib chiqqanligi ham muhim. Agarda O‘zbekistonning markaziy hokimiyati chindan ham to‘liq nazoratga ega bo‘lganida, biz bugunga kelib boshqacha manzarani ko‘rardik. Bugun ko‘rayotganimiz esa u yoki bu hokimiyatga ega insonlar o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, boshqalarni ekspluatatsiya qilishidir. Ular o‘zlariga oqib kelayotgan pul oqimlarini saqlab qolishga va kattaytirishga intiladilar. Qonunchilikni qaraysizmi, so‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlarning aksari qog‘ozda chiroyli ko‘ringani bilan, amalda hukmdorlarning o‘z pul oqimlarini kattaytirishga xizmat qiladi. Buni biz bojxona xodimlari, yo‘l tartibi nazorati misollarida ko‘rishimiz mumkin. Bu qonunlar xavfsizlikni kuchaytirish bahonasida professional va menejer elitalar ustidan nazoratni kuchaytiradi. Mana shunday "boshboshdoq" nazorat, patronaj tizimi pul chiqarish imkoniyatlarini ko‘paytirishga qaratilgan va mana shunday elitalarni boyituvchi tizim O‘zbekistonda mustaqillikdan keyin hosil bo‘lgan. Bu tizim esa endilikda hukumat nazoratidan ham chiqib bo‘lgan. Biz buni, masalan, paxta dalalarida bolalarni ishlatish misolida ko‘ramiz. Xalqaro bosim ostida O‘zbekiston hukumati buni to‘xtatishga o‘zida siyosiy iroda topgandek bo‘ldi, lekin mahalliy elitalar bu ishda ham hukumat nazoratiga bo‘ysunmayotgandek. Ta‘bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonda ro‘yobga kelgan "naqd pul" iqtisodiy tizimi Qozog‘istonda mavjud tizimdan ancha farq qiladi.

BBC: O‘zbekiston bilan Qozog‘istonni bir-biriga qiyoslar ekanmiz, bularda boyliklarning yuqoridan pastga taqsimlanishi farqlimi yo bir xilmi?

Lora Adams: Umuman olganda boylarning o‘ta boy bo‘lishiyu, kambag‘al aholining qashshoqlanish muammosi ikkala mamlakatda o‘tkir esa-da, lekin Qozog‘istonda pastki qatlamning asta-sekin boyib borishiga imkoniyatlar mavjudligini, O‘zbekistonda esa kambag‘allarning yanada qashshoqlanishini aksar kuzatuvchilar e‘tirof etishadi. O‘zbekistonda hosil bo‘lgan "naqd pul chiqarish" tizimining mantiqi shundayki, puldorlar: "Pul chiqarishning keyingi imkoniyati qayerda?" - deb zaiflarni ezishda davom etishaveradi. Toki zaiflarda hech vaqo qolmaguncha bu jarayon davom etaveradi. Buni o‘zgartirish lozim. Chunki bunday tizim bir kunmas-bir kun sinadi.

BBC: Bu vaziyatda inson huquqlari masalasi haqida nima deyish mumkin, unga o‘rin bormi?

Lora Adams: Inson huquqlari masalasiga biz boshqacha bir-ikki tarzda qarashimiz kerak. O‘zbekistonning o‘zida ham chindan ham ishonilgan inson huquqlari mavjud. Boshqalariga esa bepisandlik bilan qarashadi. Muammo shundaki, inson huquqlari masalasida O‘zbekistonda gapdan nariga o‘tishmayotganidir. Deklaratsiyalarga qo‘l qo‘yiladi, nutqlar o‘qiladi, lekin hayotga tatbiq qilishga kelganida na iroda, na qiziqish, na urinish mavjud. Qog‘ozda O‘zbekiston o‘zini boshqa mamlakatlar qatori rivojlangan qilib ko‘rsatkisi keladi, biroq amalda ular xalqaro normalarni tatbiq etishni yo istashmaydi, yo qodir emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram – BBC UZBEK

Twitter – BBC UZBEK

Odnoklassniki – BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Your contact details
Disclaimer